O‘zbekiston | 11:48 / 02.08.2022
6938
2 daqiqa o‘qiladi

Vladimir Norov Mavlud Chavusho‘g‘li bilan uchrashdi

Ikki va ko‘p tomonlama darajada rejalashtirilgan tadbirlar, Samarqanddagi Turkiy davlatlar tashkiloti sammitiga tayyorgarlik tashkiliy jihatlari ko‘rib chiqildi.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

2022 yil 2 avgust kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov «O‘zbekiston - Ozarboyjon - Turkiya» muloqot formati birinchi yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatga kelgan Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li bilan uchrashdi.

Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, muloqot chog‘ida o‘zaro savdo hajmini oshirish, iqtisodiyot turli tarmoqlarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish, madaniy-gumanitar va turizm almashinuvlarini kengaytirish yuzasidan oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosiga e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston va Turkiya xalqaro institutlar doirasidagi hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligi ta’kidlandi.

Dunyodagi va mintaqadagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi. Turkiya delegatsiyasi Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha bo‘lib o‘tgan konferensiya natijalarini yuqori baholadi. Afg‘oniston yo‘nalishidagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishni davom ettirish va bu mamlakatga gumanitar yordam ko‘rsatishga ikki tomon ham tayyorligi e’tirof etildi.

Mavlud Chavusho‘g‘li Toshkent shahrida tashqi siyosat, savdo, iqtisodiyot va transport masalalari uchun mas’ul bo‘lgan vazirliklar rahbarlari ishtirokida «O‘zbekiston – Ozarboyjon – Turkiya» muloqoti birinchi yig‘ilishini o‘tkazish muhim ahamiyatga egaligini ta’kidladi.

Ikki va ko‘p tomonlama darajada rejalashtirilgan tadbirlar, shu jumladan, Samarqanddagi Turkiy davlatlar tashkiloti sammitiga tayyorgarlik tashkiliy jihatlari ko‘rib chiqildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid