Jahon | 14:25 / 03.08.2022
15704
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina sobiq bosh prokurori Shveytsariyadagi elchi lavozimiga tayinlanadi

2020 yil mart oyidan buyon Ukraina bosh prokurori lavozimida ishlab kelgan Irina Venediktova nomzodi mamlakatning Shveytsariyadagi elchisi lavozimiga ilgari surildi, deb xabar berdi tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba.

Foto: DPA

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba mamlakat sobiq bosh prokurori Irina Venediktovani Ukrainaning Shveytsariyadagi elchisi lavozimiga ilgari surdi. Bu haqda Kuleba 3 avgust, chorshanba kuni «Ukrinform»ga bergan intervyusida gapirdi. 

«Ha, men Venediktovani Shveytsariyaga elchi etib tayinlash to‘g‘risidagi Ukraina prezidentiga taqdimnomani imzoladim», — deya tasdiqladi Kuleba. «Tizimga chetdan kelgan odamlarni jalb qilish mutlaqo normal holat, lekin ular elchi vazifasini samarali bajarishga imkon beradigan jihatlarga ega. Men Venediktova shunday jihatlarga ega ekanligiga ishonaman. Uning so‘nggi oylarda xalqaro hamkorlar bilan olib borgan ishlari shuni ko‘rsatdiki, u o‘zini ko‘rsata oladi», - deya tushuntirdi Ukraina TIV rahbari. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu g‘oya «bir necha kishilar davrasida tug‘ilgan». 

17 iyul kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Irina Venediktovani mamlakat bosh prokurori lavozimidan ozod qildi, bir vaqtning o‘zida Ukraina Xavfsizlik xizmati rahbari Ivan Bakanovning iste’foga chiqishi haqidagi farmon imzolandi. Venediktova mamlakat tarixida ushbu lavozimni egallagan birinchi ayol bo‘ldi va 2020 yilning martidan buyon ushbu lavozimni egallab keldi. Andrey Kostin 28 iyuldan beri Ukraina bosh prokurori lavozimida ishlamoqda.

Davlat rahbari Venediktova va Bakanovni iste’foga chiqarish to‘g‘risidagi qarorni izohlar ekan, bunga «prokuratura, dastlabki tergov va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari o‘rtasida» davlatga xiyonat va hamkorlikdagi jinoyatlarning soni ko‘pligi sabab bo‘lganini aytdi. 

«Davlat milliy xavfsizligi asoslariga qarshi jinoyatlarning bunday to‘plami, shuningdek, Ukraina huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va Rossiya maxsus xizmatlari o‘rtasida qayd etilgan aloqalar tegishli shaxslar oldida juda jiddiy savollar tug‘dirmoqda. Bu savollarning har biriga munosib javob olinadi», dedi Zelenskiy. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid