Xitoy Tayvan bilan savdoni qisman to‘xtatdi
Xitoydan Tayvanga qum eksporti muzlatildi, XXR bosh bojxona boshqarmasi oroldan sitrus mevalar va baliq filesi importini to‘xtatdi. Pelosi Tayvan parlamentiga murojaat qildi.
AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining Tayvanga tashrifiga javoban Xitoy orol bilan savdo aloqalarini qisman to‘xtatdi. Bu haqda 3 avgust, chorshanba kuni Xitoy Savdo vazirligida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, qum eksporti muzlatilgan, taqiq darhol kuchga kirdi. Material beton ishlab chiqarishda, yo‘llar, binolar va infratuzilma obektlarini qurishda keng qo‘llaniladi.
Bundan tashqari, XXR bosh bojxona boshqarmasi Tayvandan sitrus mevalar, muzlatilgan skumbriya filesi va sovitilgan burma baliqlarini olib kirishni to‘xtatdi.
Cheklovlar qancha davom etishi noma’lum. Xitoy Tayvanning eng yirik savdo sherigi hisoblanadi.
Ayni paytda, Nensi Pelosi Tayvan parlamentida nutq so‘zladi. U mahalliy ma’muriyat rahbari Tsay Invenga yetakchiligi uchun minnatdorchilik bildirib, parlamentlararo hamkorlikni kengaytirishga chaqirdi.
«Biz Tayvanni dunyodagi eng erkin jamiyatlardan biri sifatida bilamiz», dedi Pelosi.
AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri bo‘lgan samolyot 2 avgust kuni Tayvandagi Taybey aeroportiga qo‘ndi. Xitoyning CGTN telekanali xabar berishicha, XXR qiruvchi samolyotlari bortida Pelosi bo‘lgan layner yaqinlashib kelayotgan vaqtda Tayvan bo‘g‘ozi orqali orol tomon o‘tgan.
Nensi Pelosining Osiyo turnesi 31 iyul kuni boshlandi. Safar dasturiga Malayziya, Singapur, Yaponiya va Janubiy Koreyaga tashriflar kiritilgan. Xitoy rahbari Si Tszinpin AQSh prezidenti Jo Bayden bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida AQShni Vashingtonning Tayvan bo‘yicha pozitsiyasiga nisbatan «o‘t bilan o‘ynamaslik» haqida ogohlantirdi.
Gap AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikerining Tayvanga so‘nggi 25 yil ichida birinchi tashrifi haqida ketmoqda. AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning ta’kidlashicha, Kongress Oq uydan mustaqil, hukumatning teng huquqli tarmog‘i, shuning uchun safar qilish qarori «to‘liq spikerga bog‘liq». Xitoy bunga norozilik sifatida AQShning Pekindagi elchisi Nikolas Bernsni XXR TIVga chaqirdi.
Mavzuga oid
17:54
T-Mobile uyali aloqa operatori xitoylik hakerlar hujumiga uchradi – OAV
16:48
Xitoyda ayol bir sutkada olti marta plastik operatsiya qilinganidan so‘ng vafot etdi
14:22
Peruda Xitoy sarmoyasiga qurilgan megaport ochildi
00:39