Jahon | 11:13 / 04.08.2022
6582
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Rossiyaning Olenivka bo‘yicha dalillarni soxtalashtirishidan xavotir bildirdi

Moskva Olenivkadagi sobiq koloniyada harbiy asirlarning o‘limi uchun javobgarlikni Ukraina zimmasiga yuklashga harakat qilmoqda, dedi AP’ga AQSh rasmiysi. Zarba o‘nlab odamlarning o‘limiga olib keldi, ular o‘zini «DXR» deb e’lon qilgan hududdan olib ketilgan.

Foto: AP

AQSh rasmiylarining fikricha, Rossiya o‘zini «Donetsk xalq respublikasi» deb e’lon qilgan hudud nazoratida bo‘lgan Olenivka qishlog‘idagi sobiq 120-sonli koloniyaga qilingan zarbaga oid dalillarni soxtalashtirmoqchi. Bu haqda 3 avgust, chorshanba kuni AP agentligiga razvedka xizmatlari xulosalari bilan tanish bo‘lgan ismi oshkor etilmagan amerikalik amaldor ma’lum qildi. Amerika razvedkasi rasmiylari Moskva 50 dan ortiq odamning o‘limiga sabab bo‘lgan hujum uchun Ukraina tomoni mas’ul degan taassurot yaratishga urinayotganini aniqladi. 

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish 3 avgust kuni tashkilot Olenivkadagi ukrainalik harbiy asirlarning o‘limini tekshirish uchun ekspertlar guruhini tayyorlayotganini aytdi. Guterrishning ta’kidlashicha, mutaxassislar to‘siqsiz kirib chiqishga muhtoj, bu esa mojaroning har ikki tomonidan ta’minlanishi kerak. 

Sobiq koloniya hududi 29 iyul kuni o‘qqa tutilgan. May oyi o‘rtalarida Mariupoldagi «Azovstal» zavodi hududidan asirga olingan ukrainalik harbiylarning bir qismi u yerda saqlangan. Olenivkaga qilingan hujum natijasida 50 dan ortiq odam halok bo‘lgan, 70 dan ortiq kishi - rossiyaparast kuchlar ma’lumotlariga ko‘ra - yaralangan. 

Rossiya va Ukraina bir-birini otishmada aybladi. Xususan, RF Ukraina harbiylari koloniyani o‘qqa tutish uchun AQSh tomonidan taqdim etilgan HIMARS yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlaridan foydalanganligini ma’lum qildi. Ukraina harbiylari ushbu aholi punktiga raketa yoki artilleriya zarbalari berilganini rad etdi. Ukraina Mudofaa vazirligining bosh razvedka boshqarmasi ukrainalik harbiy asirlar saqlanadigan jazoni ijro etish muassasasi hududidagi portlash RF Mudofaa vazirligi bilan kelishmasdan turib «Vagner» XHK jangchilari tomonidan amalga oshirilganini da’vo qilmoqda.

Rasmiy Kiyev o‘sha kuni BMT va Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasini (XQXQ) Olenivkaga taftish missiyasini yuborishga chaqirdi. Keyinroq Rossiya Mudofaa vazirligi BMT va XQXQ ekspertlarini «xolis tekshiruv o‘tkazish» uchun «rasmiy ravishda» voqea joyiga taklif qilganini ma’lum qildi. O‘z navbatida, XQXQ ularning koloniyaga tashrif buyurish haqidagi so‘roviga javob olmaganini ta’kidladi. 

Mavzuga oid