O‘zbekiston | 16:33 / 05.08.2022
20684
2 daqiqa o‘qiladi

Jinoyatchilik darajasi eng yuqori bo‘lgan hududlar ma’lum qilindi

Senat 29-yalpi majlisida ichki ishlar vazirining 2022 yil birinchi yarim yilligida huquqbuzarliklar oldini olish va ular profilaktikasi holati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Qayd etilishicha, joriy yilda sodir etilgan umumiy jinoyatlar 93,9 foizi fosh etilgan. Qidiruvdagi 2 841 nafar shaxs ushlanib, bedarak yo‘qolgan 203 nafar shaxs topilgan.

Joriy yil birinchi yarmida jami mahallalar 53 foizida jinoyat sodir etilmagan va 14 foizida jinoyatlar kamayishiga erishilgan. Jinoyatlar ko‘paygan 33 foiz mahalla “qizil” toifaga kiritilib, qo‘shma patrullik yo‘nalishlari tashkil etilgan.

6 oyda ro‘yxatga olingan jami jinoyatlar salmog‘i Toshkent shahrida, Farg‘onada, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida yuqoriligicha qolayotganiga e’tibor qaratildi.

Profilaktika inspektorlari tomonidan mahalla hududlarida sodir etiladigan jinoyatlarni bartaraf etishda ishlar sust olib borilmoqda. Oldini olish mumkin bo‘lgan ayrim turdagi jinoyatlar ko‘payishiga sharoit yaratilgan.

Sog‘liqni saqlash muassasalari hisobida turgan shaxslar 93 foizi, giyohvandlar 96 foizi majburiy davolanishga yuborilmagan bo‘lsa, spirtli ichimlikka ruju qo‘yganlar atigi 4,1 foizi, dispanser hisobidagi tajovuzkor ruhiy kasallar 52 foizi majburiy davolanishga yuborilgan.

Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni ayrim hududlarda yuqoriligicha qolgan.

Mavzuga oid