Jamiyat | 18:03 / 16.08.2022
19695
7 daqiqa o‘qiladi

Qovun-tarvuzdan zaharlanmaslik uchun nima qilish kerak? Mutaxassis tavsiyalari

Namanganda 2 kishi tarvuzdan zaharlanib vafot etgani xabar qilingach (bu hozircha to‘la o‘z tasdig‘ini topmadi), aholi orasida tarvuz xaridiga ikkilanib qolganlar bo‘lishi mumkin. Kun.uz meva-sabzavotlar va poliz ekinlaridan zaharlanishning oldini olish mavzusida O‘zbekistonning bosh toksikologi Abduhakim Sarimsoqov bilan suhbatlashdi.

O‘zbekistonda tarvuzdan zaharlanish o‘limga olib keladigan holatlar juda kam, deydi Sarimsoqov.

— Namanganda 2 kishining tarvuzdan zaharlanib vafot etgani ma’lum qilindi. Shu hodisaga munosabatingiz qanday?

— Avvalo Namangandagi 60 yoshdan oshgan kishilarning tarvuzdan zaharlangani to‘liq o‘z tasdig‘ini topmadi. Bunday deyishimga asos bor. Chunki poliz mahsulotlaridan zaharlanish yuz bersa, bu faqat 1-2 kishida kuzatilmaydi. Zaharli deb taxmin qilinayotgan tarvuzlar bir dalada ko‘plab yetishtiriladi. Va u tarvuzni sotib olganlar soni ham ko‘p bo‘lib, zaharlanish ham ko‘p bo‘lgan bo‘lardi.

Bu bilan yetishtirilayotgan poliz mahsulotlari va sabzavotlarda mineral o‘g‘itlar yoki zaharli moddalar me’yorida ishlatiladi demoqchi emasman. Namangandagi holat bo‘yicha sud-tibbiy ekspertiza xulosasini olgandan keyin zaharlanish yoki zaharlanish emasligi aniq bo‘ladi.

Pishiqchilik mavsumida O‘zbekistonda aynan tarvuz yoki qovundan zaharlanish qanchalik tez uchraydi?

— Bugungi kungacha tarvuz yoki qovundan zaharlanganman, deb shifoxonaga tushgan bemorlarning qonida mikrobirikmalar me’yordagi holatdan ortiq ekani, aynan poliz ekinidan zaharlanish tashxisi qo‘yilgani juda kam uchraydi.

Bevosita tarvuzdan zaharlanganman degan odamlar boshqa biror mahsulotdan ham zaharlangan bo‘lishi mumkin. Chunki tarvuz va qovunda ham uglevodlar bo‘ladi. Infeksiya tushgan mahsulot qovun yoki tarvuz bilan qo‘shib yeyilsa, o‘sha uglevodlar oshqozon ichak tarkibida infeksiyaning ko‘payishiga sabab bo‘ladi.

— Qanday holatda iste’mol qilingan ho‘l mevalar zaharlanishga olib keladi?

— Dehqon yetishtirgan mahsulotini daladan olib keladi. Keyin uni oraliq sotuvchi olib, ko‘tara savdochiga olib boradi, ko‘tara savdochi uni bozorga olib keladi. Bozordan yana savdo maskanlariga tarqatiladi. Ana shu jarayonlarda ifloslanish holatlari ko‘p bo‘ladi. Agar shu ifloslanishlar poliz ekini kesilganda ichiga tushsa, bu ham zaharlanishga olib keladi. Chunki qand miqdori yuqori bo‘lgan mahsulotlarning ichki qismida suyuqligi bo‘lgani turli mikroblarning ko‘payishiga asos bo‘ladi.

Bundan tashqari, tarvuz mahsulotini iste’mol qilgandan keyin ustidan toza bo‘lmagan suv ichilsa, bular hammasi birgalikda zaharlanishga olib kelishi mumkin. Havo haroratining keskin ko‘tarilishi va oquvchi suvlarning harorati 16-18 darajadan yuqori bo‘lganda shu suvlardagi mikroorganizmlar ham keskin ko‘paya boshlaydi. Va buning natijasida ana shu narsalar bilan ifloslanish holatlari ham qayd etiladi.

— Poliz ekinlarini xarid qilishda nimalarga e’tibor qaratish kerak?

— Tupida turgan qovun yoki tarvuzda antibakterial xususiyat bo‘ladi. U o‘zidagi bu xususiyatni uzilgandan keyin 3-5 soatgacha saqlab turadi. Poliz mahsuloti uzilganiga ancha bo‘lmagan, so‘limagan, tirishmagan, yorilmagan, ifloslanmagan bo‘lishi kerak. Uning qanaqa ahvoldaligiga yaxshilab e’tibor berish kerak.

Qovun-tarvuzlarni qancha muddat saqlash mumkin?

— Kesilgandan keyin, iste’mol qilib bo‘lingach, sovitkichda saqlash tavsiya etiladi. Sovitkichda ham mahsulotni 2-3 soatdan ortiq saqlash maqsadga muvofiq emas.

Yoz mavsumida ho‘l meva mahsulotlaridan zaharlanishlarning asosiy sabablari nimalar?

— Yuqumli kasalliklar iflos qo‘llar kasalligi ham deyiladi. Ovqatlanishdan oldin qo‘llar va idish tovoqlar toza yuvilsa, kasalliklar kamayadi. Havo haroratining keskin ko‘tarilib ketishi, hasharotlar ko‘payishi, chiqindilar tashlanadigan joylarning ozoda turmasligi, qo‘lni kam yuvish, mahsulotni saqlash sharoiti, sifatiga e’tibor bermaslik zaharlanishga olib kelishi muqarrar.

Ayniqsa bolalarga beriladigan sutli mahsulotlarni tayyorlangan zahoti iste’mol qilib, uning qolganini salqamasdan to‘kib tashlagan ma’qul.

— Qovun-tarvuz tarkibida kimyoviy moddalarning ko‘pligi iste’molchini zaharlaydimi?

— Mahsulot pishib yetilishidan 30 kun oldin unga kimyoviy preparatlar berilishi mumkin emas. Vaholanki, bugungi kunda terilishiga 1 hafta qolganda ham kimyoviy moddalar ishlatiladi. Agar bemor xastalanganidan keyin bevosita uning qonida mikrobirikmalar yuqori bo‘lsa yoki kimyoviy moddalar topilgan bo‘lsa, shu moddadan zaharlanish deb tashxis qo‘yiladi. Masalan, nitratlar tarvuzda 60 mg/kg, qovunda 90 mg/kg bo‘lishi me’yor hisoblanadi.

Bugungi kundagi amaliyotda poliz ekinlaridagi kimyoviy moddalarning me’yordan keskin farq qilishi juda kam holatlarda uchraydi. Me’yorda bo‘lganda odamga salbiy ta’siri kuzatilmaydi. Ko‘p holatlarda bemor bo‘lganlarning yegan poliz mahsulotlari tekshirilganda ular me’yordan ortiq chiqmaydi. Ko‘pincha ikkilamchi ifloslanish hisobiga zaharlanish kuzatiladi.

— Ho‘l meva-sabzavotdan zaharlanish belgilari qanday?

— Bugungi kundagi yuqumli kasalliklar shifoxonalariga kelayotgan aksariyat holatdagi bemorlar qayt qilish, ko‘p suv yo‘qotish, ich ketish, holsizlik tana haroratining ko‘tarilishi kabi belgilar bilan tushishadi.

O‘tkir yuqumli xastaliklarga duchor bo‘lganlar organizmidan ko‘p suv yo‘qotishi, qonidagi kaliy, natriy balansining buzilishi, mikroblar ta’sirida dizbalans holatlari yuzaga kelishi mumkin. Zaharlanish surunkali bemorlar, keksalar, homilador ayollar va immun tizimi sust bo‘lgan bolalarda og‘ir kechishi kuzatilishi mumkin.

— Bemorga qanday birinchi yordam ko‘rsatish tavsiya etiladi?

— Eng asosiy omil bu – suyuqlik ichish. Imkon bo‘lsa, ringer suyuqligini yoki ozgina osh tuzi va qisman shakar qo‘shilgan suvni ichish kerak va albatta tezroq tibbiyot maskaniga borish zarur.

Bunda tibbiy yordamga qanchalik erta murojaat etilishi katta ahamiyatga ega.

Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi.

Mavzuga oid