Jahon | 21:45 / 16.08.2022
83144
21 daqiqa o‘qiladi

Toliblar kelganiga bir yil bo‘ldi: Afg‘onistonliklar endi qanday yashamoqda?

Bir yil muqaddam 20 yillik janglardan keyin G‘arb koalitsiyasi o‘z harbiylarini Afg‘onistondan olib chiqdi. Toliblar birin-ketin barcha viloyatlar va shaharlarni egallab olib, yana hokimiyatga qaytishdi. Xorijiy harbiylar bilan birga mamlakatni toliblar qaytishidan qo‘rqqan o‘n minglab afg‘onlar ham tark etishdi. Afg‘onistonda qolganlarning hayoti o‘tgan 12 oy ichida qanday o‘zgardi?

Ko‘prik ustidagi tolib jangchisi. Foto: Ali Khara / Reuters / Scanpix / LETA

Bir yil muqaddam mamlakatdan chiqib ketishga oshiqqan minglab odamlar bilan to‘lib-toshgan Kobul aeroporti hozirda ancha sokin. Tashrif buyuruvchilarni qora burqaga o‘rangan ayollar qarshi olishadi va pasportlariga muhr bosishadi.

Odamlar suratlari aks etgan reklama bilbordlari bo‘yab tashlangan, shamolda «Tolibon»ning oq bayroqlari hilpiraydi.

Toliblar 1996 yildan 2001 yilga qadar ham mamlakatning katta qismida hukmronlik qilishgan. O‘shanda Afg‘onistonda qat’iy shariat qonunlari o‘rnatilgandi: o‘g‘rilik uchun qo‘l yoki oyoq kesilgan, qizlarga maktabda o‘qish, ayollarga ishlash taqiqlangandi. An’anaviy bo‘lmagan kiyimlarda yurishga (masalan, jinsida) ruxsat berilmagan. Toliblar bu safargi hokimiyatga kelishida ham «islom qadriyatlari»ni saqlab qolishni, ammo qator masalalarga ancha yumshoqlik va moslashuvchanlik bilan yondashuvni va’da qilishgandi. Ular o‘z so‘zlarida turishdimi?

Ochlik va iqtisodiyotning qulashi

Foto: AFP

Afg‘oniston budjeti 2022 yilda 2020 yil bilan taqqoslaganda 60 foizga qisqargan. Toliblar hokimiyatga kelguniga qadar davlat xarajatlarining taxminan 75 foizi xorijiy grantlar va insonparvarlik yordamlari hisobidan qoplanardi. Endi bunday dasturlarning katta qismi yopilgan, aksar qismi AQShda bo‘lgan Afg‘oniston markaziy banki zaxiralari esa muzlatib qo‘yilgan. Bu afg‘on iqtisodiyoti va bank tizimi deyarli barbod bo‘lishiga olib keldi.

Axios ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yilda asosiy tovarlar narxi 52 foizga o‘sgan, aholining o‘rtacha daromadi esa so‘nggi 10 yillikdagi minimal darajaga tushgan — yillik kishi boshiga 375 dollargacha. BMT hisoblashicha, 2022 yil mobaynida ishsizlik darajasi 40 foizga yetishi (2021 yilda bu ko‘rsatkich 13 foizni tashkil etgandi), aholining 97 foizi qashshoq holatga tushishi mumkin.

«Tolibon» bloklangan mablag‘lar qaytarilishini talab etmoqda, ammo Vashingtondagilar bunga faqatgina toliblarning sanksiyalarga uchragan yetakchilari Markaziy bank rahbariyatidagi lavozimlaridan iste’foga chiqsagina rozi bo‘ladi.

Hozircha tomonlar muzokaralar olib bormoqda, Afg‘onistonda esa ishsizlik o‘sishda, eng muhim tovarlar narxi ko‘tarilishda davom etmoqda. BMT baholariga ko‘ra, taxminan 25 million afg‘on - ya’ni mamlakat aholisining yarmidan ko‘p qismi - ayni vaqtda qashshoqlikda yashamoqda. Ikki milliondan ortiq bola to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekadi.

«Onam kasal, uni operatsiya qilish kerak, ammo shifokorga borishga ham, dori-darmon olishga ham qurbimiz yetmaydi. Agar biz tabletkalar sotib olsak, butun oilamiz ovqatsiz qoladi. Men onamning sog‘ligi va bolalarimning sog‘ligi orasida qanday tanlov qilishni bilmayman. Biz juda nochor ahvoldamiz», degan Omina ismli yosh afg‘on ayoli.

Har oyda shifoxonalarga o‘n minglab afg‘on bolalari to‘yib ovqatlanmaslik oqibatidagi muammolar bilan kelishadi. Mamlakatning chekka hududlarida bolalar shunchaki ochlikdan o‘lib ketishmoqda. Ayrim afg‘on oilalari boshqa bolalarini boqish uchun o‘zlarining yangi tug‘ilgan chaqaloqlarini sotishga majbur bo‘ladi.

Inqirozni qurg‘oqchilik, hosil pastligi va 2022 yil iyunida ro‘y bergan kuchli zilzila og‘irlashtirdi. O‘shanda Afg‘onistonning janubi-sharqida 5,9 balli zilzila ro‘y berishi oqibatida kamida 1150 kishi ofat qurboniga aylandi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, o‘nlab aholi punktlari to‘liq yoki qisman vayron bo‘lgan. Mablag‘ yetishmovchiligi qidiruv-qutqaruv amaliyotlarini yetarli darajada o‘tkazishga to‘sqinlik qildi.

«Tolibon» vertolyoti zilziladan keyin insonparvarlik yordami yetkazib bermoqda. 2022 yil 23 iyun.
Ali Khara / Reuters / Scanpix / LETA

Qizil Xoch jamiyatiga ko‘ra, afg‘on oilalarining 70 foizi asosiy oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondira olmaydi. Bu ayniqsa boquvchisi beva ayol, keksa kishilar yoki nogironlar bo‘lgan oilalarga taalluqlidir.

«Toliblarning maqomi yoki boshqa mamlakatlar hukumatlarining ularga ishonchi qandayligidan qat’i nazar, xalqaro iqtisodiy cheklovlar afg‘on xalqiga zarar yetkazishda va mamlakatni halokatga yetaklashda davom etmoqda», deya qayd etadi Human Righs Watch vakili Jon Sifton.

«Biz barchamiz zulmat va baxtsizlik tomon ketmoqdamiz. Odamlarda kelajak yo‘q», deydi janubi-sharqdagi G‘azni viloyatidan bo‘lgan shifokor Omina Arizo.

Toliblar hokimiyatga kelishidan buyon Afg‘oniston iqtisodiyoti taxminan 30-40 foizga qisqargan. Mamlakatda mehnat bozori tez sur’atlar bilan qisqarmoqda.

«Bu yil qurg‘oqchilik tufayli g‘alla hosili ancha past bo‘ldi. Ammo bu men topishim mumkin bo‘lgan yagona ish. Men elektrotexnika bo‘yicha tahsil olganman, ammo oilamni boqish uchun o‘qishni tashlashimga to‘g‘ri keldi», deydi 18 yoshli Nur Muhammad. U kuniga ikki dollar miqdoridagi haq evaziga boshoq teradi.

«Men Eronga yetib olish uchun mototsiklimni sotgandim, ammo ish topa olmadim», deydi boshqa bir ishchi Ahmad.

Avvallari qo‘shni Erondagi mavsumiy ishlar Afg‘onistonning qashshoq hududlari aholisi uchun katta madad bo‘lgan. Ammo endi Eronda ham ish yo‘q.

«Biz tolib birodarlarimizga yaxshi munosabatdamiz. Ammo bizga ishlash imkoniyatini taqdim etuvchi hukumat kerak. Qashshoqlik va ochlikka qarshi kurash ham muhim vazifa, bu otishmalardan ham muhimroq», deydi Nur.

Harbiy harakatlar va xavfsizlik

«Tolibon» jangchilari O‘zbekiston bilan chegarani qo‘riqlamoqda. Foto: AFP

Toliblar Afg‘onistonning barcha viloyatlarida nazorat o‘rnatib, G‘arb mamlakatlari o‘z qo‘shinlarini olib ketgach, mamlakat hududida harbiy harakatlar amalda yakunlangan.

«Umuman olganda, so‘nggi bir yil ichida Afg‘onistondagi zo‘ravonlik darajasi va harbiy harakatlar natijasida halok bo‘lganlar soni sezilarli darajada kamaydi. Birinchidan, bu avval toliblar AQSh va NATO kuchlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Afg‘oniston hukumati kuchlariga qarshi xudkushlar hujumlari, avtomobillar va yo‘l bo‘ylariga o‘rnatilgan qo‘lbola bombalarni portlatishni ham o‘z ichiga oluvchi taktika orqali kurashgan. Bularning bari esa tinch aholi orasida ko‘plab qurbonlarga olib kelgan. Boshqa tomondan, hukumat kuchlari «Tolibon» harakatiga qarshi havo zarbalari orqali kurash olib borgan va bu ham tez-tez oddiy odamlar qurbon bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Hozirda bunday qarama-qarshilik yo‘q», deydi BBC afg‘on xizmati muharriri, professor Dovud A’zamiy.

Muqaddam amalda front chizig‘ida yashagan ko‘plab kishilar, ayniqsa Afg‘oniston sharqi va janubidagi aholi vakillari toliblarning o‘tgan yilgi g‘alabasini olqishlashdi, chunki bu vayronkor harbiy harakatlar intiho topganini anglatardi. Bu viloyatlarda asosan «Tolibon»ning ultra-konservativ qarashlarini qo‘llovchi pushtunlar yashagan.

Ammo odamlar halok bo‘lishi baribir davom etmoqda. BMT ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yil avgustidan 2021 yil iyun oyi oxiriga qadar Afg‘onistonda tinch aholi vakillari bo‘lgan 700 dan ortiq kishi halok bo‘lib, 1400 dan ortiq kishi yaralangan.

Bu o‘limlarning 50 foizdan ortig‘i IShIDning Afg‘onistondagi tarmog‘i harakatlari bilan bog‘liq. Bu guruh terrorchilari ko‘p hollarda shialar yoki boshqa diniy ozchilik vakillari yashovchi hududlarda hujumlar uyushtirishgan.

«IShID jangchilari chindan ham Afg‘onistonda faollashgan. Ammo bu guruh «Tolibon»dan ancha kuchsiz va kichikroq», deya qayd etadi A’zamiy.

Afg‘oniston shimolida vaqti-vaqti bilan jangovar harakatlar avj olib turadi - bu yerda avvalgi hukumatga aloqador bo‘lgan kuchlar hamda Ahmad Mas’ud qo‘shini toliblar bilan to‘qnashuvga kirishadi. Ammo bunday to‘qnashuvlar ko‘lami o‘tgan yildagi bilan solishtirganda bir necha bor kamaygan.

«Ammo yodda tutish kerakki, ayni vaqtda Afg‘onistonda zo‘ravonlik boshqa shaklda davom etmoqda. Masalan, butun mamlakat bo‘ylab «Tolibon» harakatining tanqidchilari qo‘lga olinib, qiynoqlarga solinmoqda», deya qayd etadi BBC’ning Afg‘onistondagi muxbiri Sekunder Kirmoniy.

2021 yil avgustidan 2022 yil iyuniga qadar mamlakatda sobiq afg‘on mulozimlari va harbiylari sudsiz qatl etilishi bilan bog‘liq 160 holat ro‘y bergan.

BMT mutaxassislari baholashicha, Afg‘onistondagi vaziyat vaqt o‘tgan sayin oldindan aytib bo‘lmaydigan darajaga chiqib bormoqda. Toliblar hokimiyatga kelgan ilk oylarda amalda yo‘q bo‘lib qolgan ko‘cha jinoyatlari endilikda yana o‘sa boshladi. Bu qisman millionlab odamlar qashshoqlanishi va ocharchilikka mahkum bo‘lgani bilan bog‘liq.

Ayollar huquqlari

Kobulda hukumat ruxsatisiz faoliyat ko‘rsatayotgan maktabda afg‘on qizlari uchun dars jarayoni. 2022 yil 30 iyul
Ebrahim Noroozi / AP / Scanpix / LETA

O‘tgan yili toliblar ayollar huquqlari «afg‘on normalari va islom qadriyatlariga mos ravishda» hurmat qilinishiga va’da berishgandi. Ammo yakunda mamlakatda ayollar uchun yana cheklovlar joriy etildi va ularning soni kun sayin osha boshladi.

Toliblar hokimiyatga kelishidan ko‘p vaqt o‘tmay e’lon qilingan hukumatdan birorta ayol o‘rin olmadi, ayollar ishlari bo‘yicha vazirlik tugatilib, uning o‘rniga islom qonunlarini tatbiq etish bilan shug‘ullanuvchi vazirlik tuzildi.

Hozirda ayollarga mahramisiz jamoat joyida yoki o‘zi yashayotgan shahardan tashqariga chiqish taqiqlangan. Shu yilning mayidan ayollar jamoat joyida hijobda bo‘lishi va yuzini yopib yurishi majburiy qilindi. Bu talabni bajarmaganlarning otasi yoki erkak jinsidagi yaqin qarindoshi qo‘lga olinib, qamoqqa tashlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.

«Men shifokorlikka o‘qiyotgandim va bu yil bitirishim kerak edi. Ammo toliblar kelgach, meni majburlab erga berishdi va endi erim menga uydan chiqishni ham taqiqlagan. Butun hayotim qiyalik ostiga tushdi. Men homiladorman, erimning oilasi men juda ko‘p farzand tug‘ib berishimni istaydi. Ammo men faqat bitta narsani - barchasi tezroq yakunlanishini istayman. Men qochib ketishni orzu qilaman, ammo bu deyarli imkonsiz ish. So‘nggi vaqtlarda o‘lish haqida o‘ylay boshladim. Men ortiq bunday yashay olmayman, bunga chidab bo‘lmaydi», deya yig‘laydi 24 yoshli Oysha.

Ota-onasi avval uning ta’lim olish va ishlash istagini qo‘llab-quvvatlashgan, ammo toliblar hokimiyatga kelgach, otasi Oyshaga yordam berishni to‘xtatgan. U bir safar erining kaltaklashlaridan qochib ota-onasining uyiga kelganida, otasi uni qaytarib yuborgan.

Bir yil muqaddam toliblar qizlar o‘qishni davom ettirishiga ruxsat berishni va’da qilgandi, ammo yakunda bu faqat qisman bajarildi. Ayni vaqtda faqat boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bo‘lgan qizlar maktabga qatnashi mumkin (to‘rt yillik ta’lim). Shu bilan birga, maktab dasturi o‘zgartirilgan, endi qizlar ko‘proq vaqtini islomni o‘rganishga ajratishadi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 1,1 million qiz maktab ta’limini davom ettirish huquqidan mahrum bo‘lgan. «Tolibon» rahbariyati ayol o‘qituvchilar yetishmasligi va qizlar uchun alohida sinfxonalar tashkil qilish zaruratini sabab sifatida keltiradi, ammo bunday izoh barchani ham ishontira olmaydi.

Ayollarga rasman boshlang‘ich maktablarda ishlashga ruxsat berilgan, ammo ularning ko‘p qismiga iqtisodiyotdagi muammolar bahona qilinib, maosh to‘lash to‘xtatilgan.

O‘tgan yil noyabrida Fazilat va nuqsonlar vazirligi aktrisalar ishtirokidagi filmlarni taqiqlagan va telekanallarda yangiliklar boshlovchilariga «islomcha hijob» o‘rash shartini joriy etgandi.

Amnesty International hisobotiga ko‘ra, toliblar hokimiyatga kelgach Afg‘onistonda bolalarni erga berish yoki qizlarni juda barvaqt va majburan uzatish holatlari soni ko‘paygan.

Kobuldagi ommaviy nikoh marosimi vaqtidagi kelinlar. 2022 yil 13 iyun
Sahel Arman / AFP / Scanpix / LETA

So‘nggi yillarda toliblar tomonidan qo‘llangan cheklovlar tufayli Afg‘onistonda ishlovchi ayollar ulushi 22 foizdan 15 foizgacha tushib ketdi.

«Toliblar siyosati qisqa fursat ichida ko‘plab ayollar va qizlarni amalda uydagi asiralarga aylantirib qo‘ydi, bu mamlakatni eng qimmatli resurslardan biri - mamlakat aholisining bir qismining ko‘nikmalari va iste’dodlaridan mahrum qildi», deya qayd etadi Human Righs Watch direktorining ayollar huquqlari bo‘yicha o‘rinbosari Hezer Barr.

«Afg‘onistondagi ayollar va qizlar uchun inqiroz chuqurlashishda davom etmoqda va buning oxiri ko‘rinmaydi», deya qo‘shimcha qiladi u.

Opium

2021 yilda ko‘knori yetishtirish hajmi yana osha boshladi. Foto: Getty Images

Toliblar avvalgi safar, 1990-yillarda hokimiyatga kelganida ko‘knori yetishtirishga qarshi ma’lum darajada kurashishgan.

Bunday siyosat bugungi kunda ham davom ettirilmoqda: shu yil aprelida toliblar yana ko‘knori yetishtirishni taqiqlashdi.

Bu qanchalik muvaffaqiyatli kechayotganiga baho berish mushkul. Ammo Hilmand viloyatining ayrim tumanlaridan kelgan xabarlarga ko‘ra, toliblar chindan ham avvalgi yillarda ochiqchasiga ko‘knor yetishtirib kelgan hududlarda fermerlarni hosilni yo‘q qilishga majburlamoqda.

AQShning iyul oyidagi hisobotida qayd etilishicha, toliblar fermerlar va giyohvandfurushlarning qo‘llab-quvvatlovini yo‘qotishlari tayin bo‘lsa-da, ortga chekinmoqchi emas.

Ammo, Afg‘oniston narkoiqtisodiyoti bo‘yicha ekspert, doktor Devid Mensfildning qayd etishicha, taqiq joriy etilgan vaqtga kelib ko‘knori hosilining katta qismi yig‘ib olingandi.

«Afg‘oniston janubi-g‘arbida ikkinchi [kuzgi] hosil, qoidaga ko‘ra, katta emas […] shu tufayli uning yo‘q qilinishi […] mavjud vaziyatga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi», deydi Mensfild.

Yana shuni qayd etish kerakki, toliblar yovvoyi tabiatda o‘suvchi efedradan kristall metamfetin tayyorlashni ham taqiqlagan bo‘lsa-da, bu kabi giyohvand moddalar ishlab chiqarilishi o‘sib bormoqda.

OAV, so‘z erkinligi va ozchiliklar huquqi

Toliblar o‘zga fikrlovchilarni bo‘g‘ish maqsadida so‘z erkinligiga qat’iy cheklovlar o‘rnatdi. 2021 yil sentabrida toliblarning axborot va madaniyat vazirligi OAV faoliyati uchun yangi qoidalarni e’lon qilgandi. Ammo ular juda noaniq ifodalangandi.

Masalan, jurnalistlarga «islomga zid keluvchi», shuningdek, «milliy arboblarni haqorat qiluvchi»materiallarni e’lon qilish yoki translatsiya qilish taqiqlanadi. Boshqa bir qoidada esa «efir vaqtida yoki nashr qilishda rasmiy shaxslar tomonidan tasdiqlanmagan masalalarda ehtiyotkorlik bilan yondashish» zarurligi aytiladi. Ammo bu aynan nimani anglatishiga aniqlik kiritilmagan. Yakunda o‘nlab jurnalistlar hibs qilinadi.

Afg‘oniston jurnalistlari federatsiyasiga ko‘ra, o‘tgan yili mamlakatdagi 544 ta ommaviy axborot vositasidan 218 tasi faoliyatini tugatgan, OAVning 7000 xodimi ishsiz qolgan - shundan 75 foizi ayol jurnalistlar (toliblar kelguniga qadar bu sohada 12 ming kishi ishlagan).

«Afg‘onistonda ishlovchi xorijlik jurnalistlar ma’lum darajada imtiyozli holatda - toliblar ularga afg‘onistonlik hamkasblariga nisbatan yumshoqroq munosabatda bo‘lishadi. Natijada biz, xavfsizlik darajasi yaxshilangan sharoitda mamlakat bo‘ylab avvalgiga qaraganda ko‘proq vaqt sayohat qilishimiz mumkin. Shunga qaramay, biz toliblarning xorij nashrlariga nisbatan ham pozitsiyasi keskinlashayotganini ko‘rib turibmiz», deya qayd etgan BBC muxbiri Sekunder Kirmoniy.

Afg‘onistonda namoyishlarga chiqqanlar ham bosim va ta’qiblarga uchragan. 2021 yil avgustida bir necha shaharda afg‘on ayollari huquqlarini buzuvchi siyosatga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tgan. Toliblar bunga javoban ularga kuch ishlatgan va namoyishchilarni tarqatish uchun o‘t ochgan.

Keyinroq «Tolibon» oldindan IIV bilan kelishilmagan holda aksiyalar o‘tkazishni taqiqladi, ammo ayrim faollar ko‘chalarga norozilik bildirib chiqishda davom etishdi.

Diniy va etnik ozchiliklar vakillari ham ulkan muammolarni boshdan kechirishmoqda. Xususan, o‘tgan yili Daykundi viloyatida toliblar kamida 13 nafar hazoriyni o‘ldirishgan, jumladan taslim bo‘lishga qaror qilgan to‘qqiz nafar sobiq hukumat harbiylari va 17 yoshli qizni. Bu «Tolibon» hokimiyatga kelishidan taxminan ikki hafta o‘tib sodir bo‘ladi. Hazoriylar - etnik ozchilik bo‘lib, islomning shia mazhabiga e’tiqod qiladi - ular azaldan pushtunlar tomonidan diskriminatsiyaga uchrab keladi, ammo so‘nggi yilda ularning jamoatiga hujumlar soni ortdi.

«Al-Qoida» bilan aloqalar

Foto: HAROON SABAWOON/ANADOLU AGENCY VIA GETTY IMAGES

Toliblarning yuqori martabali rasmiysi BBC uchun intervyusida toliblar «Al-Qoida» terrorchi tashkiloti bilan qandaydir aloqaga egaligi haqidagi ma’lumotni rad etgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Al-Qoida» jangarilari mamlakatni allaqachon tark etgan.

U toliblar «Al-Qoida» rahbari Ayman az-Zavohiriy Kobulda yashab kelganidan faqat avgust oyi boshida, u AQSh maxsus amaliyoti natijasida yo‘q qilinganidan keyin xabardor bo‘lganini aytgan va toliblar Zavohiriy bilan «hech qanday aloqada bo‘lmagani»ni ta’kidlagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, toliblar az-Zavohiriyning o‘limini tekshirish uchun qo‘mita shakllantirishgan.

«Afg‘on zaminidan AQSh yoki boshqa qaysidir mamlakatga qarshi foydalanilmaydi. Zavohiriy bu yerda yashirinib yurgani - alohida tarix, ammo guruh bu yerga kiritilmagan. Agar bu yerda qandaydir faollik kuzatilganida biz bu haqda bilgan bo‘lardik», degan toliblar vakili.

Foto: Getty Images

Ammo BMT Xavfsizlik kengashidagilarning ishonchi komilki, 2020 yilda AQSh bilan muzokaralar vaqtida toliblar doimiy ravishda «Al-Qoida» bilan maslahatlashib turgani va jangarilarni bundan keyin ham ikki guruh o‘rtasidagi tarixiy aloqalarni hurmat qilishda davom etishiga ishontirgan.

Toliblar va «Al-Qoida» o‘rtasidagi aloqa boshqa bir terrorchi guruh - «Tolibon»ning eski ittifoqchisi hisoblangan «Haqqoniy» tarmog‘i orqali o‘rnatilgan, bu guruh 1990-yillarda toliblar hukumatidagi yuqori lavozimlarni egallagandi. O‘sha yillardan boshlab bu munosabatlar faqat kuchayib kelgan.

Markaziy razvedka boshqarmasining nafaqadagi tahlilchisi Geyl Xeltning fikricha, yaqin yillarda Afg‘onistondagi vaziyat nisbatan tinch bo‘lib turadi, ammo yakunda bunday vaziyat aldamchi bo‘lib chiqishi ehtimoli yuqori.

«Muammo shundaki, bir necha yildan keyin - aytaylik, besh yoki yetti yildan keyin - shartli 2001 yil kelmaydimi? Men «Tolibon» davrida Afg‘onistonda butunlay tinchlik hukm suradi deb o‘ylamayman. Ichkarida doimiy qarama-qarshilik kechadi. Va bu beqarorlik toliblarga qarshi chiqmoqchi bo‘lgan guruhlarda imkoniyat hosil qilishi mumkin», deydi Helt.

Mavzuga oid