O‘zbekiston | 15:16 / 19.08.2022
20824
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda mahalliy armaturalar sifati tekshirildi. Ular belgilangan me’yorlarga javob bermagan

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan mahalliy armatura mexanik xususiyatlari va kimyoviy tarkibi sifatini aniqlash maqsadida ekspertiza o‘tkazildi.

Foto: iStock

Sinov uchun quyidagi namunalar xarid qilindi:

  • A400 klassidagi 12 mm diametrli armatura namunasi “DIMAX sanoat-savdo ko’rgazma biznes markazi” MChJ (Toshkent shahri, Nazarbek temir bozori) savdo majmuasidan, “AKRIL metall prokati”ga tegishli;
  • A400 klassidagi 16 mm diametrli armatura namunasi “METALL CENTER” MChJ (Toshkent shahri, “Izza” temir bozori) savdo majmuasidan, “Wang Da Group” MChJ QKga tegishli;
  • A400 klassidagi 12 mm diametrli armatura namunasi, “Jo‘rabek Omad baraka” MChJ (Toshkent shahri, Izza temir bozori) savdo majmuasidan, “WANGDA METAL” MChJ QKga tegishli.

A400 klassidagi 8 mm diametrli armatura namunasi, “TECHNOBUSINESS LUX” MChJga qarashli savdo rastasidan (Sirdaryo viloyati), “BAO XIN METALL” MChJga tegishli.

Tanlangan sinov namunalari akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriya mutaxassislari tomonidan “Temir-beton konstruksiyalari uchun armatura”, “Metallurgiya mahsulotlari xavfsizligi to‘g‘risida”gi umumiy texnik reglament uchun, “Qurilishda ishlatiladigan qora metallardan metallurgiya mahsulotlari xavfsizligi to‘g‘risida”gi maxsus texnik reglament talablariga muvofiqligi tekshirildi.

Kutilgan tahlil natijalari achinarli bo‘lib, standart talablariga nomuvofiqligini ko‘rsatdi. Metall prokati – armatura namunalari mexanik hamda kimyoviy xossalari belgilangan me’yorlarga javob bermagan. Ayniqsa, kichik korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan, qurilish maqsadlarida ishlatiladigan metall prokatida aniqlangan kamchiliklar ko‘plab qurilish sifati va xavfsizligiga katta zarar yetkazayotgani aytildi. 

Agentlik xavfsizlik va sifat talablariga javob bermaydigan armaturalarni sotishni taqiqlash masalasini ko‘rib chiqish uchun Qurilish vazirligiga, vazirlik huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasiga tegishli ma’lumotlarni yubordi. 

Inspeksiya tomonidan yuqorida ko‘rsatilgan talablarga javob bermaydigan metall buyumlardan qurilish obektlarida foydalanishni taqiqlash to‘g‘risida buyruq chiqarildi. 

Mavzuga oid