Jahon bankining 3 million dollar mablag‘lari hisobidan O‘zbekistonga yo‘l sifatini aniqlash, tahlil qilishga qodir maxsus jihozlangan texnikalar keltirildi. Ular yordamida respublika yo‘llarini ta’mirlashda inson omilini kamaytirish ko‘zda tutilgan.
Daniyadan O‘zbekistonga olib kelingan maxsus jihozlangan texnikalar yo‘l sifatini 95 foizgacha aniqlikda tahlil qila olish imkoniyatiga ega. Mutaxassislar bunday texnikalarning keltirilishini mamlakatda yo‘l qurilishi sohasidagi bir qadam oldinga siljish, deya baholamoqda. Boisi shu paytgacha bunday jarayonlar taxminiy hisob-kitoblar asosida, inson omili bilan boshqarilgan.

“Ushbu texnikalar avtomobil yo‘llarida ma’lumotlar bazasini shakllantirish va yo‘llarni tadqiq qilish maqsadida olib kelingan. Ular aniqlagan ma’lumotlar yagona bir elektron tizimga ulanadi va bu asosda yo‘llarning holatini inson omilisiz toifalash imkoniyati yaratiladi. Ya’ni qaysi hududdagi yo‘llar ta’mirga yoki qurishga muhtoj ekani ushbu maxsus texnikalarning o‘lchov tahlillari asosida xulosalanadi. Bu texnikalarning keltirilishini O‘zbekistonda avtomobil yo‘llari qurilishida yana bir oldinga siljish deb baholash mumkin”, — deydi Avtomobil yo‘llari ilmiy tadqiqot instituti sinov laboratoriyasi boshlig‘i Salohiddin Qurbonov.

Keltirilgan Toyota va Ford krossover hamda pikaplariga o‘rnatilgan jihozlar ma’lumotlar bazasini shakllantirishda quyidagi vazifalarni bajaradi:
- Toyota RAV4 mobil skaneri lazer nurlari orqali yo‘l tarmog‘ining ro‘yxati va kadastrini yaratish uchun mo‘ljallangan;
- Toyota HILUX mobil uskunasi yo‘l inshootlari, ularning atrof-muhitini inventarizatsiya qilish, harakatlanish va yo‘ldagi notekisliklar sifatini o‘lchash, yo‘l geometriyasi hamda GPS ma’lumotlarini olish vazifalarini bajaradi;
- Ford F350 jihozlangan avtomobilining texnik imkoniyatlariga esa yo‘l qoplamasining fizik xossalarini baholash, asfalt qoplamalarining balandligi va tuzilishini tahlil qilish, shuningdek, yerosti kommunal tarmoqlari mavjudligini tekshirish, yuzaki ishqalanish va sirpanish qarshiligi ko‘rsatkichlarini o‘lchash vazifalari kiradi.




















