Jahon | 10:31 / 19.08.2022
10663
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropaning Ukrainaga harbiy yordami iyul oyida kamaydi

Iyul Ukrainada urush boshlanganidan buyon YeIning beshta yirik davlati va Buyuk Britaniya Kiyevga yangi harbiy yordam taklif qilmagan birinchi oy bo‘ldi, deb yozadi Politico Kil instituti ma’lumotlariga tayanib.

Foto: Picture Alliance

Yevroittifoqning beshta yirik davlati va Buyuk Britaniya iyul oyi davomida Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni amalda to‘xtatdi. Shu bilan birga, aprel oyidan buyon Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Ispaniya, Italiya va Polshadan Kiyevga yordam ko‘rsatish hajmining pasayish tendensiyasi kuzatilmoqda, deb yozadi Politico 17 avgust, chorshanba kuni Kil jahon iqtisodiyoti instituti ma’lumotlariga tayanib. Nashr Ukrainada urush boshlanganidan beri Kiyevga yetkazib berilayotgan harbiy yuklarni kuzatib boradi. 

Yangi ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, so‘nggi bir oy davomida Yevropaning oltita yirik davlati Ukrainaga hech qanday yangi ikki tomonlama harbiy majburiyatlarni taklif qilmagan, iyul Rossiyaning to‘liq miqyosli bosqini boshlanganidan beri birinchi shunday oyga aylandi. «Urush muhim bosqichga kirgan bo‘lsa-da, yangi yordam tashabbuslari tugab qoldi», deydi Ukraine Support Tracker loyihasi rahbari Kristof Trebesh.

Nashrning eslatishicha, o‘tgan hafta g‘arb ittifoqchilari Kopenhagenda uchrashib, yangi yordam majburiyatlarini kelishib olgan, ular Ukrainaga 1,5 mlrd yevrolik qurol-yarog‘ yetkazib berishga va’da qilgan. Trebeshga ko‘ra, bu raqam «avvalgi konferensiyalarda erishilgan natijalar bilan solishtirganda ahamiyatsiz ko‘rsatkichdir». 

Kristof Trebesh Yevropaning eng yirik davlatlarini Ukrainadagi urushga yevrozona inqirozi yoki koronavirus pandemiyasi kabi munosabatda bo‘lishga chaqirdi, bu ikki voqea qit’ani favqulodda moliyalashtirish choralarini amalga oshirish uchun yuzlab mlrd yevro yo‘naltirishga undadi. «Agar chek daftarchasini olib tashlash tezligi va Ukrainaga taklif qilinayotgan pullar miqdorini solishtiradigan bo‘lsak, bu arzimas narsa», — dedi u. Pandemiyani tiklash jamg‘armasi qariyb 800 mlrd yevro miqdorida kredit va grantlarni o‘z ichiga oladi, Ukrainaga jami harbiy yordam esa bu miqdorning faqat kichik qismini tashkil etadi, deya tushuntirdi Trebesh. «Xavf ostida bo‘lgan narsani hisobga olsak, bu ajablanarli darajada kichik», deya qo‘shimcha qildi u. 

Politico’ning ta’kidlashicha, bu ma’lumotlar Ukrainaga harbiy yordam Yevropa mudofaa siyosatidagi tarixiy o‘zgarishlarga qaramay, Kiyev hal qiluvchi qarshi hujumni boshlagan paytda kamayishi mumkinligidan dalolat beradi. Bundan tashqari, ular Ukraina harbiylari va siyosatchilarining bir necha bor bildirgan fikrlarini tasdiqlaydi, ular Yevropaning yirik davlatlarini Ukrainaga harbiy yordam berish masalasida AQShdan ortda qolayotganlikda ayblaydi. 

Mavzuga oid