Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yaqin Sharqdagi urush NATO mamlakatlari Rossiya bilan urushga tayyor emasligini ko‘rsatdi
Politico buning 5 ta sababini sanadi.
Angelos Tzortzinis / AFP / Scanpix / LETA
Yevropaning yuqori martabali harbiylari Rossiya yaqin kelajakda NATO mamlakatlariga hujum qilishi mumkinligini istisno qilmayapti. Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius bu 2029 yildayoqro‘y berishi mumkin deb hisoblaydi. Estoniya razvedkasi esa bu yaqin bir-ikki yil ichida sodir bo‘lmasligidan umid qiladi. Shu bilan birga, AQSh va Isroilning Eron bilan urushi shuni ko‘rsatdiki, Shimoliy Atlantika alyansi harbiy harakatlarga tayyor emas, deya ta’kidlaydi Politico. Diplomatlar, harbiylar va ekspertlar bilan gaplashgan nashr Rossiya hujum qilgan taqdirda, NATO mamlakatlariga muammo bo‘ladigan «beshta ojiz nuqta»ni sanab o‘tgan. «Meduza» Politico maqolasidagi asosiy xulosalarni qisqacha keltirdi.
O‘q-dori yetishmovchiligi. Eron bilan urush shuni yaqqol ko‘rsatdiki, NATOda o‘q-dorilar yetarli emas. AQSh Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun mo‘ljallangan raketalari zaxirasining yarmini ishlatib yubordi. Fransiya Yaqin Sharqdagi urushning dastlabki haftalaridayoq Aster va Mica tizimlari uchun raketalar tugay boshlagani haqida ogohlantirgandi. Rheinmetall va MBDA mudofaa kompaniyalari talab keskin oshgani va taqchillik yetilib kelayotganini qayd etgan. Agar AQSh Hind-Tinch okeani mintaqasida faollikni davom ettiradigan bo‘lsa, Yevropadagi resurslarning kattagina qismini olib chiqib ketadi, Yevropada esa resurslar ko‘p emas, degan NATOga a’zo mamlakatlarning biridan bo‘lgan diplomat. Agar alyans taktikani o‘zgartirmasa, unda Rossiya qisqa vaqt ichida Yevropani urush olib borish imkoniyatidan mahrum etadi. Moskva oyiga olti-yetti ming dron ishlab chiqarishi hisobga olinsa, NATOdagi ittifoqchilarning havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun qimmatbaho raketalar sanoqli haftalar ichida tugaydi, deb hisoblaydi ekspertlar. Shuning uchun Patriot’ning arzonroq muqobillari, masalan, lazerli AGR-20 raketalariga o‘tish, shuningdek, samolyotlarni himoyalash uchun betonli istehkom kabi passiv mudofaa vositalarini qo‘llash kerak bo‘ladi.
Havo kuchlari ojiz. AQSh tomonidan havo kampaniyasi o‘tkazilganiga qaramay, Eron Fors ko‘rfazi mamlakatlari bo‘ylab besh mingdan ortiq raketa va dronlarini uchira oldi. Ekspertlar fikricha, bu keng ko‘lamli bombalash raqibni bo‘ysundirish uchun yetarli bo‘lmasligini namoyish etdi. Shuning uchun NATO havodagi hukmronlik konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqishi hamda buning o‘rniga uzoq masofaga yuqori aniqlikda harakatlanuvchi qurollarga investitsiya kiritishni ko‘paytirishi, shuningdek, Amerikadan uchish masofasi 300 kilometrga yetadigan AGM-88G raketalarini sotib olish hajmini oshirishi kerak bo‘ladi.
Qudratli flot yetarli emas. Yevropaning Fors ko‘rfazidagi ittifoqchilarga yordam berishda deyarli ishtirok eta olmagani shuni ko‘rsatdiki, NATO mamlakatlari o‘z harbiy-dengiz kuchlarini rivojlantirishga juda kam e’tibor qaratgan. Yorqin misol: Buyuk Britaniya «Drakon» eskadra mina tashuvchi kemasini O‘rta Yer dengiziga joylashtirishi uchun uch hafta vaqt ketdi, keyin esa texnik nosozlik tufayli kema baribir portga qaytarildi. Buyuk Britaniya harbiy-dengiz kuchlari bosh qo‘mondoni Gvin Jyenkins mart oyida qirollik floti urushga tayyor emasligi, ittifoqchilar ham ortda qolayotganini tan olgandi. Avvalroq Kanada mamlakat floti tarkibidagi kemalarning faqat yarmidan kamroq qismigina janglarga tayyor holatda ekanini xabar qilgandi. Ekspertlar fikricha, Rossiya bilan har qanday mojaroda harbiy-dengiz kuchlari muhim o‘rin tutadi – Koli yarimorolining shimoliy qirg‘oqlarida suvosti kemalarini qidirish hamda «Kalibr» qanotli raketalarini olib yuruvchi harbiy kemalarni zararsizlantirish uchun.
Tarqoqlik. Yaqin Sharqdagi urush NATO ichidagi bo‘linishni yanada kuchaytirdi: Yevropa Donald Tramp talab qilganida AQShga yordam bermadi va u alyansni tanqid qila boshladi. Bu fonda AQSh prezidenti Rossiya bilan mojaro kelib chiqqan taqdirda vaziyatga aralashmasligi yoki kichik qo‘shin yuborish bilan cheklanishi borasida xavotirlar paydo bo‘ldi. NATO sobiq bosh kotibi Anders Fog Rasmussen Yevropa mamlakatlari AQSh NATO oldidagi majburiyatlarini bajargan taqdirdagina Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochishda yordam ko‘rsatishi mumkinligini bildirishi kerak, deb hisoblaydi. Uning fikricha, bundan keyin ham Trampning ko‘ngliga qarash va uni tinchlantirishga urinishda davom etish kerak emas: «Xushomadning vaqti o‘tdi».
Ukraina omili. Yaqin Sharqda urush boshlanganidan bir necha kun o‘tib, Ukraina Fors ko‘rfazi mamlakatlariga Eron dronlari hujumlariga qarshi turishda yordam ko‘rsatishi uchun mintaqaga o‘z mutaxassislarini yubordi. Yakunda Kiyev arab mamlakatlari bilan mudofaa sohasida o‘n yilga mo‘ljallangan hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzoladi. Ukraina bilan institutsional aloqalarini kengaytirib olgan NATO endi birinchi mudofaa chizig‘i sifatida Rossiya bilan chegaraga yaqinroq hududda dronlarga qarshi «belbog‘» yaratish ustida ishlashi kerak, deydi ekspertlar. NATO diplomatlarining so‘zlariga ko‘ra, alyans Ukraina harbiy sanoati bilan munosabatlarni yanada mustahkamlashi, jumladan, UNITE – Brave NATO dasturiga (uning doirasida Ukraina ittifoqchilarga o‘z innovatsion texnologiyalarini taqdim etadi) ko‘proq mablag‘ ajratishi mumkin. Yevropalik diplomatlardan birining hisoblashicha, Ukraina endi xavfsizlikka kafil rolini bajarmoqda va Eron bilan urush buni isbotladi.