O‘zbekiston | 10:48 / 19.08.2022
20649
3 daqiqa o‘qiladi

Yunusobodda yashovchi fuqaroda kuydirgi kasalligi aniqlandi 

2021 yilda 30 nafar fuqaroda kuydirgi kasalligi gumon qilinib, shulardan 10 nafarida kasallik tasdiqlangan. Bu haqda epidemiolog Lola Umarova ma’lum qildi.

Foto: Shutterstock

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yil boshidan beri hozirgi kunga qadar 10 nafar kishida kuydirgi kasalligi gumon qilinib, bir nafarida, Yunusobod tumanida yashovchi fuqaroda kasallik tasdiqlangan.

Kuydirgi odam va hayvonlarda uchraydigan o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, zoonoz kasalliklar guruhiga kiradi. Kuydirgi qo‘zg‘atuvchisi — Bacillus anthracis — spora hosil qiladigan harakatsiz tayoqcha. Sporalar juda chidamli bo‘lib, suvda yillab, tuproqda o‘n yillab (20-30 yil va undan ortiq) saqlanishi mumkin.

Odamga kasallik hayvonlardan — hayvonni so‘yish, go‘shtini nimtalash vaqtida, shuningdek, suv, tuproq, chorvachilik mahsulotlari orqali yuqadi. 

Odatda, kasallik shu soha xodimlarida, ya’ni hayvonlar bilan bevosita muloqotda bo‘ladigan kishilarda ko‘proq kuzatiladi. Infeksiya sog‘lom odam organizmiga nafas yo‘llari, teri va og‘iz orqali tushishi mumkin. 

Odamda kuydirgining o‘pkaga, ichakka, teriga zarar yetkazadigan va infeksiya — qonga o‘tib tarqaladigan septik xillari uchraydi. Kasallik alomatlari ham zararlangan a’zolarga qarab turlicha bo‘ladi. 

Kuydirgining teri shaklida kuydirgi qo‘zg‘atuvchisi zararlangan teri orqali kiradi. Bu shaklda yashirin (inkubatsion) davr 2-3 kun. Terining infeksiya kirgan sohasida dastlab bo‘rtma (papula) paydo bo‘ladi, u loyqa yoki qonli suyuqlik bilan to‘lgan pufakcha (pusto‘la)ga aylanadi. Pufakcha tez orada yorilib, qora qo‘tir bo‘ladi. Atrofida yangi pufakchalar hosil bo‘lib, qora qo‘tir kattalashadi, uning tagida og‘rimaydigan shish ko‘zga tashlanadi. Odatda, shu jarohat «kuydirgi xo‘ppozi» deb ataladi. U ko‘pincha yuz sohasi, bilak, bo‘yin yoki oyoqda bo‘ladi. Bunda gavda temperaturasi ko‘tarilishi, bosh og‘rig‘i, darmonsizlik, uyqusizlik kuzatiladi. Oradan 2-3 hafta o‘tgach, bemor tuzala boshlaydi. 

O‘pka kuydirgisida to‘satdan isitma ko‘tarilib, yo‘tal tutadi, qonli balg‘am keladi, bemorning ko‘krak sohasi og‘riydi, nafas olishi qiyinlashadi. 

Ichak kuydirgisi ovqatdan zaharlanishga o‘xshab boshlanadi, bemor ko‘ngli aynib, qusadi, qorni qattiq og‘riydi, ichi dam bo‘ladi. Kuydirgining o‘pka va ichak shakllari juda kam uchraydi. 

Davolash maqsadida penitsilin va kuydirgi gammaglobulini qo‘llaniladi. 

Mavzuga oid