O‘zbekiston | 16:08 / 20.08.2022
19214
2 daqiqa o‘qiladi

Foto: O‘zbekiston havo floti bayram aviashousini uyushtirdi

O‘zbekiston Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi munosabati bilan Chirchiqda o‘tkazilgan shouda Airbus H215 harbiy vertolyoti osmonda “30 UzAF” (Uz Air Force) yozuvini qoldirib uchdi. Shou davomida uchuvchilar va desantchilar samolyot va vertolyotlarda turli usullar bilan o‘z mahoratini ko‘rsatdi.

Foto: Mudofaa vazirligi

Bugun, avgust oyining uchinchi yakshanbasi – O‘zbekiston Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari kuni. Shu munosabat bilan Chirchiqda aviashou o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Shouni turli maqsadlarda foydalaniladigan harbiy vertolyotlar boshlab berdi. O‘zbekiston Harbiy havo kuchlarining Airbus H215 vertolyoti mazkur tuzilmalar tashkil etilganining 30 yilligiga atab osmonda “30 UzAF” (Uz Air Force) yozuvini qoldirib uchdi.

Boshqa uchuvchilar esa tomoshabinlar to‘plangan hudud uzra har xil murakkab uchish usullarini past-balandlikda namoyish etdi, vertolyotlar yordamida yong‘inni o‘chirish jarayonini amalda ko‘rsatdi.

Shundan keyin havoga ko‘tarilgan harbiy samolyotlar pastlab parvoz qilgan holda chiroyli harakatlarni bajardi.

1600 metr balandlikdan o‘nga yaqin desantchi parashyutdan O‘zbekiston bayrog‘ini samoda hilpiratib, belgilangan nuqtaga tushishdi.

Shou davomida dirijabl, paroplan va raketamodel to‘garaklarida yasalgan turli uchish apparatlar ham uchirildi, Qurolli Kuchlar ashula va raqs ansambli chiqishlar qildi.

Shu kuni Mudofaa vazirligida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda qator harbiy xizmatchi va Qurolli Kuchlar xizmatchilari harbiy unvon, ko‘krak nishoni va sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Mavzuga oid