Jahon | 08:04 / 22.08.2022
6622
2 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniyaning eng yirik konteyner porti ishchilari ish tashlashga chiqdi

Filikstou konteyner porti ishchilari 30 yil ichida birinchi marta ish tashlashdi. Ular eng yuqori inflatsiya fonida ish haqini oshirishni talab qilmoqda.

Foto: AP

Buyuk Britaniyada 21 avgust, yakshanba kuni temiryo‘lchilardan so‘ng mamlakatning eng yirik konteyner porti - Filikstouning 2000 ga yaqin ishchisi ish tashlashga chiqdi. Ular sakkiz kun davomida ishni to‘xtatdi.

Unite kasaba uyushmasi kompaniya aksiyadorlari 2020 yilda 100 mln funt sterlingga yaqin (118 mln yevro) katta foyda olgani tufayli yashash narxining oshishi bilan ish haqini mos ravishda oshirishni talab qildi. Port «juda foydali», dedi kasaba uyushmasi bosh kotibi Sheron Grem.

Hozirgi ish tashlashlar Buyuk Britaniyada 18 avgustda boshlangan. Uch kun davomida ish tashlashlar, xususan, ayrim hududlarda temiryo‘l harakatini falaj qildi. Filikstoudagi ish tashlash, yillik 10 foizlik inflatsiyaning eng yuqori darajasi sharoitida ish haqini katta miqdorda oshirishni ta’minlash maqsadida bir qator iqtisodiyot tarmoqlari kasaba uyushmalari tomonidan uyushtirilgan ish tashlashlarning eng so‘nggisidir. 

Filikstou porti rasmiylari Unite’ning ish tashlashni to‘xtatish haqidagi taklifni qabul qilishdan bosh tortganidan «hafsalasi pir bo‘lganini» bildirdi. Port operatorining ta’kidlashicha, u «adolatli» ish haqini o‘rtacha 8 foizga va eng kam maosh oladigan xodimlar uchun deyarli 10 foizga oshirishni taklif qilgan. 

Port ma’muriyati ish tashlashning «Buyuk Britaniyadagi ta’minot zanjiriga» ta’siridan afsusda ekanligini bildirdi. Ayni paytda, Britaniyaning PA axborot agentligiga bergan intervyusida port xodimlaridan biri ish tashlash «noqulaylik, ammo falokat emas»ligini ta’kidladi. Bundan tashqari, COVID-19 pandemiyasi davrida ta’minot zanjiridagi uzilishlar odatiy holga aylandi, dedi u. 

1989 yildan beri bu - Angliya sharqida joylashgan portdagi birinchi ish tashlashdir. Filikstou orqali yiliga 4 mlnga yaqin konteyner o‘tadi. 

Mavzuga oid