Iqtisodiyot | 18:55 / 25.08.2022
55100
6 daqiqa o‘qiladi

Britaniya ilk bor Rossiya energiyasi importidan to‘liq voz kechdi 

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Buyuk Britaniya iyun oyida Rossiya energiyasini import qilishdan to‘liq voz kechdi. 2021 yilda Rossiya gazi Britaniya importining 4, nefti esa 11 foizini tashkil etgandi.

Foto: Getty Images

Britaniya milliy statistika xizmati (ONS) ma’lum qilishicha, iyun oyida Rossiyadan boshqa mahsulotlarni import qilish 33 mln funtgacha (39 mln dollar) kamaygan va 1997 yil yanvaridan buyon eng past darajaga tushgan.

Mazkur ma’lumotlar Ukrainada mustaqillik kuni nishonlanishi va yana bir sana: Rossiya harbiy tajovuzi boshlanganiga olti oy to‘lishi munosabati bilan e’lon qilindi, deb yozadi BBC.

Natijada Yevroittifoq yil davomida Rossiyadan gaz import qilishni uchdan ikki qismga kamaytirish hamda yil oxiriga qadar Rossiyaning dengiz orqali neft import qilishini taqiqlashga qaror qildi.

AQSh Rossiya gazi va neftiga to‘liq taqiq qo‘ydi. Britaniya esa yil oxirigacha Rossiya nefti importidan to‘liq voz kechish va yaqin muddat ichida Rossiya gazini sotib olishni to‘xtatish majburiyatini oldi.

G‘arb mamlakatlari Moskva Ukrainada boshlagan urush sababli Rossiyaga nisbatan keskin sanksiyalar joriy etgach, Rossiya mahsulotlari importi hamda Rossiyaga eksportni qisqartirish boshlandi.

Iyun oyiga kelib, Rossiyaga Britaniya stanoklari va transport jihozlari sotuvi 91,3 foizga, Rossiyaga umumiy eksport hajmi esa qariyb 70 foizga qisqardi. 

Rossiyaga eksport hajmi oshgan mahsulotlar faqat dori-darmonlar va sanksiya qo‘llanmaydigan boshqa farmatsevtika mahsulotlari bo‘ldi. 

Qayd etilishicha, Buyuk Britaniya va Rossiya o‘rtasidagi savdo nafaqat hukumat sanksiyalari, balki ko‘plab korxonalar Rossiya mahsulotlarining muqobilini topishga qaror qilgani uchun ham qisqardi.

Rossiyani qanday qilib daromaddan mahrum qilish, lekin yonilg‘i narxi oshishining oldini olish mumkin?

Buyuk Britaniya Yevropaning aksariyat mamlakatlaridan farqli o‘laroq, Rossiya energiyalariga unchalik qaram emas. YeI urushning atigi ikki oyi ichida Rossiyaga neft va gaz uchun 40 mlrd yevrodan ortiqroq pul to‘ladi. Bu pullar G‘arb sanksiyalarining Rossiya xomashyo iqtisodiyotiga nisbatan zarbasini yumshatdi. 

Shu bois, Yevropa embargosi – G‘arbning Vladimir Putinni sulhga majbur qiluvchi zaxiradagi eng keskin iqtisodiy chorasi.

Yevroittifoq kuzga borib Rossiya ko‘miridan voz kechish majburiyatini olgan, yil oxiriga borib esa Rossiya gazi importini uchdan ikki qismga qisqartirmoqchi. Ammo endilikda Rossiya nefti va gazidan zudlik bilan voz kechish chaqirig‘i YeIning 27 mamlakatidan ayrimlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmayapti. Sanksiyalar uchun esa birdamlik zarur.

Bu sanksiyalardan maqsad – Rossiyani urushga sarflanadigan mablag‘dan mahrum qilish, ammo neft narxi keskin oshishining oldini olish, chunki bu G‘arbning o‘ziga zarar keltiradi va Rossiya ozgina hajm bilan o‘sha daromadni topishiga imkoniyat yaratadi.

Qo‘rquv bilan sug‘orilgan narxlar

BBC iqtisodiy sharhlovchisi Endi Veriti

Chop etilgan ma’lumotlar xizmatlar uchun to‘lovni o‘z ichiga olmaydi, chunki Britaniya o‘tgan yili Rossiya kompaniyalari va badavlat jismoniy shaxslarga maslahat, buxgalteriya va yuridik xizmatlar ko‘rsatish ortidan yaxshigina daromadga ega bo‘lgan.

Import haqida gapiriladigan bo‘lsa, sanksiyalar juda samarali bo‘ldi. 

ONS ma’lumotlariga ko‘ra, Britaniya iyun oyida Rossiya energiyasi importidan butkul voz kechdi, u odatda bu vaqtda yarim milliard funtlik (590 mlrd dollar) energiya sotib olgan bo‘lardi. Urushga qadar Rossiya gazi importi ulushi umumiy importning 4,9 foizini tashkil etadi, bu hozirda nolga teng. Shu bilan birga, Britaniya gaz importi hajmini qisqartirmadi, balki Rossiya gazi o‘rniga boshqa manba topdi. 

Darvoqe, bu urushning Buyuk Britaniyaga ulgurji gaz yetkazib berishga ta’siri va narxlar yuqorilab ketishi orasidagi nomuvofiqlikni yaqqol ko‘rsatib beradi.

Gap shundaki, gaz ulgurji narxlarining oshishi bozordagi spekulyatsiyalar bilan izohlanadi, bu o‘z navbatida, Germaniya, Italiya va Rossiya gaziga qaram boshqa mamlakatlarga gaz yetkazib berish to‘xtab qolishi ehtimoli bilan bog‘liq qo‘rquvga asoslangan.

Shunga qaramasdan, energiyaning yuqori narx chegarasi xalqaro ulgurji narxlar bilan bog‘liq bo‘lib, oktyabrda bu chegara ko‘rib chiqilganida ko‘plab xo‘jaliklar juda qimmat to‘lov to‘lashi xavfi mavjud.

Shu kunlarda Britaniya bosh vaziri Boris Jonson G‘arb mamlakatlari aholisini energetika inqirozi sababli narxlar o‘sishiga chidashga va Ukrainaga Rossiya tajovuziga qarshi kurashda yordam berishga chaqirgandi.

Lavozimini tark etayotgan bosh vazir Ukraina mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan mamlakat poytaxtiga tashrif buyurdi. U G‘arbda bor-yo‘g‘i energiya narxlari oshayotgan bo‘lsa, «Ukraina xalqi Rossiya amalga oshirayotgan yovuzlik uchun o‘z qoni bilan haq to‘layotgani»ni aytdi.

Jonsonning so‘zlariga ko‘ra, energiya narxlari o‘sayotgani sababli Yevropa Ukrainani unchalik qo‘llab-quvvatlamayotgani haqida fikrlar yangrayotganiga qaramasdan, aslida G‘arbning birdamligi mustahkamlanmoqda. U Ukraina bosqinchilar ustidan g‘alaba g‘alaba qozonishiga ishonch bildirdi.

Mavzuga oid