20:10 / 25.08.2022
12045

“Hisor” davlat qo‘riqxonasiga o‘rnatilgan fotoqopqonga Sibir tog‘ echkilari (kiyiklar) muhrlandi

O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan Sibir tog‘ echkilari Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan doimiy muhofazaga olingan.

Davlat ekologiya qo‘mitasi axborot xizmatining xabar berishicha, qo‘mita tasarrufidagi “Hisor” davlat qo‘riqxonasi Qizilsuv bo‘limida o‘rnatilgan videoqopqonda Sibir tog‘ echkilari (kiyiklar)ning tasvirlari muhrlangan.

Sibir tog‘ echkisi O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan bo‘lib, u asosan chiqish qiyin bo‘lgan baland tog‘larda yashaydi. Ular o‘rtacha 15-17 yil yashaydi. Yilda 1-2 marta bolalaydi. Vazni 35 dan 150 kilogrammgacha yetadi.

Sibir tog‘ echkilari odatda chiqish qiyin bo‘lgan baland tog‘larda yashaydi."Hisor" davlat qo‘riqxonasi ham bu jonivorlarning doimiy yashash maskani hisoblanadi. Ular qo‘riqxonaning barcha – G‘ilon, Miraki, Tanxozdaryo va Qizilsuv bo‘limlari hududida uchraydi.

Qo‘riqxona xodimlari tomonidan olib borilgan muhofaza chora-tadbirlari natijasida keyingi yillarda ular soni sezilarli darajada ko‘payayotgani kuzatilmoqda.

Qayd etilishicha, Sibir tog‘ echkilari Davlat ekologiya qo‘mitasi tasarrufidagi "Hisor"davlat qo‘riqxonasi tomonidan ularning yashash tarzi, ko‘payishi doimiy muhofazaga olingan.

Avvalroq, joriy yil fevral oyida ham “Hisor” davlat qo‘riqxonasiga o‘rnatilgan fotoqopqonga Sibir tog‘ echkilari tushib qolgan edi. Bundan tashqari, qo‘riqxonaga o‘rnatilgan fotoqopqonlarga noyob qor qoplonlari, Turkiston silovsini va noyob qizil sug‘urlar muhrlangan edi.

Top