O‘zbekiston | 12:22 / 01.09.2022
31554
9 daqiqa o‘qiladi

Soliq tekshiruvlari, individual imtiyozlar, QQS va keshbek - Kudbiyev bilan intervyu

Kun.uz prezidentning tadbirkorlar bilan muloqotida aytilgan yangiliklar, soliq tekshiruvlari, individual imtiyoz va preferensiyalar, QQS, keshbek va boshqa qator masalalar yuzasidan Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev bilan suhbatlashdi.

— Ma’lumki, soliq preferensiyalari va soliq noteng biznes muhitini yuzaga keltiradi. Lekin O‘zbekistonda ko‘plab kompaniyalarga shunaqa imtiyozlar berilgan. Bu haqida yaqinda statistika ham chiqdi. Yirik imtiyoz olgani ham kelib chiqdi. Bu imtiyozlarni bekor qilish haqida rejalar bormi? Agar bo‘ladigan bo‘lsa, bu qachon amalga oshadi?

— Juda to‘g‘ri savol. O‘sha statistikani chiqargan organ aynan Davlat soliq qo‘mitasi bo‘ladi. Biz har oy va har chorak yakunida (har xil imtiyoz har xil shakllanadi) e’lon qilib boramiz.

Ikkinchidan, umuman, jami imtiyozlarga davlat soliq xizmati organlari norozilik bilan qaraydi. Sababi, bizga tushum kamayadi. Individual imtiyozlarga esa o‘ta salbiy qaraymiz.

Albatta, ba’zi o‘rinlar juda qisqarishi kerak. Yildan yilga qisqaryapti ham. Imtiyozlar soni ham, undan foydalanuvchilar soni va miqdori ham kamayyapti. Mana, 2023 yil 1 yanvardan, ayrimlari 2024 yil qisqartirilishiga taklif bildiryapmiz.

— Umuman, butkul bekor qilish borasida-chi, bu bo‘yicha rejalar bormi?

— Bu bo‘yicha ham ishlar olib borilyapti. Lekin qabul qilingan qonunchilik normalari, o‘zingiz aytgan kabi nostabillik bor-da, ya’ni ayrim qonunchiligimiz chet el investorlari kirgandan keyin ularga investitsiyasiga qarab turib, qanchadir yil soliq rejimi o‘zgarmasligi kerak degan normalar bor.

Lekin Soliq qo‘mitasining pozitsiyasi shuki, biz barcha imtiyozlarni asta-sekinlik bilan bekor qilishimiz kerak. Ularni boshqa yo‘l bilan rag‘batlantirishga o‘tish kerak.

— Dunyodagi brend firmalar O‘zbekistonga o‘z mahsulotlarini olib kiradi, lekin ularning O‘zbekistonda ishlab chiqarish zavodlari yo‘q. Ular mahsulotlarini import qilib olib kelishga to‘g‘ri kelyapti. Ya’ni tannarxga qo‘shimcha soliqlar va boshqa xarajatlar qo‘shilyapti. Ularning O‘zbekistonga kirib kelishidagi xavflar qaysilar?

— Fikrimcha, bu xavflar emas. Menimcha, O‘zbekistondagi iqtisodiy faollik, bu yerdagi siyosiy barqarorlik, O‘zbekistondagi tadbirkorlarga bo‘lgan e’tibor va investitsion nuqtayi nazaridan faqatgina ijobiy tomonini ko‘rish mumkin. Lekin chet el brendlarining O‘zbekistonga kirishi faqat bu nuqtayi nazardan emas, balki bozordagi sig‘imi yuzasidan ham qaralsa kerak-da. Ularga bozorga kirish tannarxi nuqtayi nazaridan bu yerda ishlab chiqarishni tashkil qilish arzonroq bo‘ladimi yoki import qilsa. Bu yerda bozor qonunlari ko‘proq ishlasa kerak, menimcha.

Albatta, investitsion jozibadorlik ham muhim o‘ringa ega. Shuning uchun ham bu tarafdan xavfni ko‘rayotganim yo‘q. Keyingi yildan qo‘shilgan qiymat solig‘ining 12 foiz bo‘lishi bu qo‘shni mamlakatlar orasida ham, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlari orasida ham eng past soliq stavkalaridan bittasi bo‘ladi.

— Iqtisodchilar va faollar O‘zbekistonda tadbirkorlarning soliq to‘lashidan qochishida asosiy sabablardan biri deb soliq yukining kattaligini aytishadi. Shu sabab tufayli daromadlarni yashirishga ham harakat qilinadi, deyishadi. Siz bu fikrlarga qanday qaraysiz?

— Juda to‘g‘ri. Mana shu takliflarni ishlab chiqishda ham Telegram-kanalimizda so‘rov o‘tkazdik. Unda taxminan 70 mingga yaqin respondent ishtirok etdi. Ya’ni 70 mingtalik ijtimoiy so‘rov bu – katta so‘rov hisoblanadi-da. O‘sha yerda nega siz chek bermayapsiz, degan savol bor edi.

Ishtirokchilarning deyarli 25 foizi soliq yuki oshgani uchun, deb javob berdi. Demak, mana bu takliflarning ishlab chiqilishida ham aynan shu soliq yuki, QQSning deyarli beshdan bir qismi kamayyapti. Soliq yuki 20 foizga kamayyapti.

— Kichik biznes vakillari soliq tekshiruvlari bilan bog‘liq jarimalarning turi ko‘pligi va og‘irligi bo‘yicha e’tirozlar bildirib kelishadi. Bu borada qanday o‘zgarishlar kutilyapti?

— Men sizga aytsam, jami uchta turdagi tekshiruv bor. Sayyor soliq tekshiruvi, kameral soliq tekshiruvi va soliq auditi degan tekshiruvlar bor. O‘zbekistonda 550 mingga yaqin yuridik shaxs bo‘lsa, yanvar-avgust oylari, ya’ni bugungi kungacha 350 ta tekshiruv o‘tkazilib yakunlandi. Bu 550 ming tashkilot uchun ko‘pmi yoki kammi?

Ikkinchidan, qaysi tekshiruvlar o‘tgan yilgiga qaraganda oshdi? Kameral va sayyor soliq tekshiruvlari qolyapti. Kameral soliq tekshiruvlari o‘tgan yildan deyarli 2,5 barobarga kamaydi. Nimaning hisobiga? O‘tgan yilda juda katta tortishuvlar bo‘lgan va soliq organlariga shunday vakolat berildi: har bir hisobot topshirilgandan keyin davlat soliq organlari soliq tekshiruvidan oldingi o‘rganish ishlarini olib boradi. Soliq hisoboti topshirildimi, biz unga xat jo‘natyapmiz. Unda mana bu o‘rinlarda farq ketyapti. Shuni tekshirib ko‘ring, balki qayerdadir biror sabab tufayli xatolik yuz bergandir. Biz buni tekshirmaylik, o‘zingiz to‘g‘rilab qo‘ying deyish hisobiga kameral soliq tekshiruvlari soni 2-2,5 barobarga kamaydi.

Qaysi soliq tekshiruvlari oshdi? Sayyor soliq tekshiruvlari, ya’ni chek bermagani uchun davlat soliq xizmati organlari kelib, chek bermagan tadbirkorlik sub’yektiga nisbatan jarima solish bo‘yicha tekshirishlar oshdi. Faqatgina bitta turida oshdi. Bu tekshirishlar nima bilan bog‘liq? Hayotda duch kelgan bo‘lsangiz kerak, ko‘chada chek berish oshdimi yoki yo‘qmi?

— Oshdi.

— Sizga bir raqamni aytaman. O‘tgan yilga nisbatan onlayn kassa mashinalari orqali urilgan aylanma 1,6 barobar oshdi. Bu hech bir iqtisodiy qonunchilikda uchramagan. 60 foizga o‘sish berishi. Odatda, iqtisodiyot 5 foizga, inflatsiya deymiz, ana boring 15 foizga oshishi mumkin. Lekin 60 foizga o‘sish degani bu o‘sha soyadagi iqtisodiyot sal bo‘lsa ham chiqib ketyapti degani.

Chek berish ham oshdi deyapsiz. Albatta, bu faqat tekshirishlar emas, Moliya vazirligiga, hukumatga va deputatlarimizga katta rahmat. Mana shu tizimni qo‘llab berishdi-da. Odamlarga 330 mlrd keshbekni tarqatib berdik, gap pulida emas. Odamlar bunga psixologik jihatdan qiziqib keshbek to‘playapti.

Ikkinchidan, albatta, chek bermagan joyda jazo muqarrarligini ta’minlash mana shu 30 yilda yo‘q edi. Hozir bu narsa paydo bo‘lyapti. Bu ko‘pchilikka yoqmaydi. Ko‘pchilikda soliq yuki oshib ketayotgani yoki chek ursam, pulni bankka topshirishim kerak, ertaga bankdan ololmay qolyapman, degan bahonalar bilan chek urmaslik vaji bor. Lekin amaldagi qonunchilik shunaqaki, masalan eng katta auditoriyaga ega ommaviy axborot vositasi sifatida bir narsani iltimos qilar edim, gap chek berish yoki bermasligida emas. Gap bozorda hammaga bir xil sharoit yaratib berishda.

Agarki, siz ham kofe sotasiz, men ham kofe sotaman. Ikkalamiz bir xil kofe sotamiz. Lekin siz chek berasiz, men chek bermayman. Menda raqobat ustunligi paydo bo‘ladi-da. Hamma kelib mendan sotib oladi kofeni. Chunki men uning chekini bermasam, soliq nuqtayi nazaridan, kirim qilish nuqtayi nazaridan, operatsion xarajat nuqtayi nazaridan sizdan raqobat ustunligiga ega bo‘laman. Siz hammaga chekni bersangiz, hamma narsani ko‘rsatishingiz kerak, operatsion xarajatingiz ham, soliq yukingiz ham yuqoriroq bo‘ladi.

Shuning uchun chek berish soliq yukini ta’minlash nuqtayi nazaridan emas, bozorda bir xil sharoit yaratish nuqtai nazaridan o‘ta muhim va kerakli. Sizlarning auditoriyalaringiz keng bo‘lgani uchun iltimos qilib qolardimki, barcha tadbirkorlarga bir xil sharoit yaratish bizning juda muhim vazifamizdir.

To‘liq intervyu bilan yuqoridagi videoda tanishib chiqishingiz mumkin.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.

Tasvirchi va montaj ustasi Muhiddin Nido.

Mavzuga oid