Jahon | 07:56 / 02.09.2022
16383
3 daqiqa o‘qiladi

FQB rossiyalik milliarder Vekselbergning uyida tintuv o‘tkazdi

Amerikaning NBC News telekanali xabar berishicha, tintuvlar Manxetten Park-avenyusidagi ko‘p qavatli uyda joylashgan kvartirada, shuningdek, Sautgemptondagi (Nyu-York) qarorgohlardan birida bo‘lib o‘tdi.

Foto: AP

AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi va Federal qidiruv byurosi (FQB) agentlari hamda Nyu-York politsiya departamenti detektivlari G‘arb sanksiyalari ostida qolgan rossiyalik milliarder Viktor Vekselberg bilan bog‘liq bo‘lgan bir qator obektlarda tintuv o‘tkazdi. Viktor Vekselberg Moskvada joylashgan «Renova» biznes guruhi kompaniyalari rahbari va Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yaqin shaxs hisoblanadi. Bu haqda 1 sentabr, payshanba kuni Amerikaning NBC News telekanali xabar berdi. 

Tintuvlar Manxetten Park-avenyusidagi ko‘p qavatli uy kvartirasida, shuningdek, Nyu-Yorkning Sautgempton shahridagi qarorgohlardan birida bo‘lib o‘tdi. Manbalarga ko‘ra, tergov harakatlari Fisher-Aylend (Mayami)dagi uyda ham olib borilmoqda - rasmiylarga ko‘ra, u ham Vekselberg bilan bog‘liq. 

Aprel oyi boshida Viktor Vekselbergning Qo‘shma Shtatlardagi 900 million dollarlik hashamatli yaxtasi AQSh tomonidan olib qo‘yilishi Kremlning Ukrainadagi urushiga javoban Rossiya elitasining aktivlariga qaratilgan so‘nggi G‘arb sanksiyalari birinchi qadami bo‘ldi. 

Rossiyalik tadbirkor, shuningdek, AQSh Adliya vazirligi tomonidan bank firibgarligida ayblanib, tergov qilinmoqda. Bu ish bo‘yicha hech qanday ayblov qo‘yilmagan. 

Viktor Vekselbergning Qo‘shma Shtatlardagi aktivlari muzlatilgan, Amerika kompaniyalariga u va uning tuzilmalari bilan biznes yuritish taqiqlangan. Tadbirkor uzoq vaqtdan beri Qo‘shma Shtatlar bilan bog‘langan, uning grin-kartasi, shuningdek, Nyu-York va Konnektikutda ko‘chmas mulki bor edi. O‘z vaqtida Vekselberg 2016 yilgi AQSh prezidentlik saylovlariga Rossiyaning aralashuvi yuzasidan maxsus prokuror Robert Myuller tomonidan tergov doirasida so‘roq qilingan edi. 

Qo‘shma Shtatlar rasmiylari tintuvlar sabablarini hozircha izohlamadi, jurnalistlarning tadbirkor vakillari bilan bog‘lanishga urinishlari natija bermadi.

AQSh Moliya vazirligi 11 mart kuni Ukrainadagi urush munosabati bilan joriy qilingan sanksiyalar doirasida AQSh rasmiylari Viktor Vekselbergning aktivlarini, jumladan Tango yaxtasi va Airbus A319 samolyotini xatlovga olish niyatida ekanini ma’lum qildi. Vekselberg boshchiligidagi Renova Group tarkibiga metallurgiya, konchilik, texnologik va boshqa aktivlar kiradi.

Vekselberg 2018 yilda Rossiyaning AQShdagi saylovlarga aralashuviga ehtimoliy aloqadorligi sababli AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan edi. 

Mavzuga oid