O‘zbekiston | 07:50 / 03.09.2022
6311
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston - Misr ishbilarmonlar kengashi tuziladi

O‘zbekiston elchisi Misrning yetakchi axborot agentligiga intervyu berdi.

Mamlakatning Qohiradagi elchisi Mansur Qilichev mamlakat mustaqilligi 31 yilligi, O‘zbekiston va Misr o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgani 31 yilligi munosabati bilan MENA axborot agentligi muxbiriga intervyu berdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo”.

O‘zbekiston elchisi noyabr oyida Sharm ash-Shayx shahrida bo‘lib o‘tadigan COP-27 iqlim konferensiyasida yuqori darajadagi O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etishi rejalashtirilayotgani, 15-16 sentabrda Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Shanhay hamkorlik tashkiloti sammitida Misr delegatsiyasi ham ishtirok etishi kutilayotganini bildirgan. Tadbir doirasida Misr ShHT muloqot bo‘yicha hamkori maqomini olishi kutilmoqda.

Suhbatda Misr va O‘zbekiston o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha qator hujjatlar, savdo-iqtisodiy hamkorlik huquqiy asoslari, investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim, iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik, savdo to‘g‘risidagi bitim mavjudligi qayd etilgan.

Diplomatik missiya rahbari O‘zbekiston Misrdan farmatsevtika mahsulotlari, sitrus mevalari va yuvish vositalarini import qilayotgani, Misrga to‘qimachilik, chorvachilik mahsulotlari, transport va turizm xizmatlarini eksport qilayotgani haqida so‘zlab berdi. 

Ikki davlat ishbilarmonlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsion sohalardagi aloqalarni rivojlantirish uchun O‘zbekiston - Misr ishbilarmonlar kengashini tuzish, tashqi savdo-transport xarajatlarini va yo‘nalishlarini optimallashtirish maqsadida ikki mamlakat transport vazirliklari o‘rtasida ishchi guruh tashkil etish o‘zaro manfaatlarga xizmat qilishini ta’kidlagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid