O‘zbekiston | 16:12 / 04.09.2022
70423
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda qari ayolni zo‘rlab, IIBdan qochgan «manyak» Jizzaxda qo‘lga olindi

Samarqandda qari ayolni zo‘rlagan «manyak» IIBdan qochgani haqida Kun.uz surishtiruvi e’lon qilingandi. Viloyat IIB axborot xizmati bugun, 4 sentabr kuni aybdor qo‘lga olinganini ma’lum qildi.

Axborot xizmatiga ko‘ra, qochoqni qo‘lga olish uchun barcha zarur choralar ko‘rilgan va keng qamrovda surishtiruv harakatlari olib borilgan. Natijada, K.D. dastlab Jizzax viloyati Zarbdor tumanidagi tanishinikida, keyinchalik Arnasoy tumanida yashirinib yurgani aniqlangan.

«Past Darg‘om tumani Havuzak mahallasida yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan K.D.ga nisbatan 2022 yilning 12 mart kuni Jinoyat kodeksining 118-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. 20 aprel kuni sirtdan ayblov e’lon qilinib, qamoqqa olish tarzida ehtiyot chorasi qo‘llanib, qidiruv e’lon qilindi. Ushbu shaxsni topish yuzasidan tezkor qidiruv harakatlari olib borildi va u Arnasoy tumanining chekka bir hududida yashirinib yurgan vaqtda IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. U ayni paytda Past Darg‘om tumani IIBga olib kelingan va tergov harakatlari olib borilmoqda», dedi Samarqand viloyati IIB axborot xizmati rahbari Jahongir Sagdullayev.

Ma’lumot uchun, K.D. Past Darg‘omdagi 61 yoshli xasta ayolning nomusiga tekkani uchun jinoyat ishi ochilgandi. Ayol 21 mart kuni shifoxonadan chiqmay, vafot etgan.

Marhumaning qizi Kun.uz’ga murojaat qilib, IIB nazoratida bo‘lgan K.D. qochib ketgani, olti oydan beri topilmayotganidan noroziligini bildirgandi.

Mavzuga oid