Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada turli darajadagi saylovlar boshlandi
Rossiyada turli darajadagi saylovlar o‘tkazilmoqda, Moskvada munitsipal deputatlar saylanadi.
Rossiyada turli darajadagi saylovlar boshlandi. Saxalin oblasti gubernatori Valeriy Limarenko 9 sentabr, juma kuni xabar berishicha, mintaqada Saxalin oblasti dumasi deputatlarini saylash uchun ovoz berish boshlandi. «Ertalab birinchi qilgan ishim o‘z saylov uchastkamga borib, ovoz berish bo‘ldi», — deb yozadi Limarenko.
Rossiyaning aksariyat hududlarida saylovlar uch kun davom etadi va Yagona ovoz berish kuni, 11 sentabrda tugaydi.
Xususan, Moskvada 146 ta munitsipalitetdan 125 tasida munitsipal deputatlar saylanishi rejalashtirilgan.
Ayni paytda, poytaxtda ovoz berishning birinchi soatida 220 mingdan ortiq kishi elektron ovoz berdi, deb yozdi «Exo Moskvy» radiostansiyasining sobiq bosh muharriri Aleksey Venediktov Telegram’da.
Rossiya Markaziy saylov komissiyasi raisi Ella Pamfilovaning ma’lum qilishicha, federal platformada onlayn ovoz berishda yetti mintaqaning 110 625 nafar saylovchisi qatnashishi mumkin. Moskvada u poytaxt platformasida bo‘lib o‘tadi.
Belgorod oblastida ham saylovlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan - «sariq», maksimalga yaqin terrorchilik xavfi darajasiga qaramay.
Yangilik, xususan, bu safar saylov uchastkalarida ovoz berish uchun binolar ochilganda Rossiya madhiyasi yangrashi bo‘ldi. Markaziy saylov komissiyasi rahbari Pamfilova bu «ruslar irodasiga alohida kuch berishi» kerakligini ta’kidladi.
Siyosatshunos Mixail Vinogradovga ko‘ra, joriy saylovlar ko‘proq texnik xususiyatga ega. «Oshkora siyosatni deyarli taqiqlash sharoitida nominal ishtirokchilar hokimiyat masalasini hal qilish bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan o‘zlarining taktik vazifalarini hal qiladilar», dedi u.
Rossiyalik muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniy Rossiya xalqini Yagona ovoz berish kunida ishtirok etishga chaqirdi. Vladimir oblastidagi 6-sonli qattiq tartibli koloniyada saqlanayotgan Navalniy nomidan 6 sentabr kuni Twitter’da post chop etildi.
«Boring va oqilona ovoz bering. 11 sentabr kuni sizda bundan muhimroq ish yo‘q», - deya ta’kidladi muxolifatchi. Uning qo‘shimcha qilishicha, bu yil uning jamoasi «tavsiyalarni faqat Moskva bo‘yicha» beryapti.
Aleksey Navalniyning ta’kidlashicha, tarafdorlari «Putinning barcha bloklash va senzura tizimlarini buzish bo‘yicha ulkan ishni amalga oshirgan» va «Aqlli ovoz berish» tizimiga «erkin va qulay kirish»ni kafolatlagan. Shu bilan birga, muxolifatchi Rossiya rasmiylari «Aqlli ovoz berish»ni «ekstremist» deb hisoblashini eslatdi.
«Aqlli ovoz berish»da ishtirok etish orqali siz urush, yolg‘on, korrupsiya va qashshoqlikka qarshi ovoz berasiz», - deya xulosa qildi muxolifatchi va saylovlarni boykot qilish tarafdorlari shu kuni yanada samaraliroq harakat yo‘lini topishiga umid bildirdi.
Saylovlar Rossiyaning 82 ta hududida bo‘lib o‘tadi. Ularda 44 milliondan ortiq saylovchi ishtirok etishi mumkin.
Mavzuga oid
22:32 / 17.06.2026
Tramp Rossiya va Xitoyni «butun dunyoni portlatib yubormaslik» uchun yadroviy kelishuvga chaqirdi
17:21 / 17.06.2026
Saida Mirziyoyeva Mixail Mishustin bilan iqtisodiy hamkorlikni muhokama qildi
15:51 / 17.06.2026
Rossiya ichkarisiga dron hujumlari bilan Ukraina nimaga erishyapti?
09:20 / 17.06.2026