Prezident: «Samarqandda ShHT hayotining yangi bosqichi boshlanishiga guvoh bo‘lamiz»
Savdo-iqtisodiy va ishlab chiqarish aloqalarining jiddiy uzilishiga olib kelgan uch yillik “pandemiya tanaffusidan” so‘ng ShHT mamlakatlari va xalqlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot zarur. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning “Shanhay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” sarlavhali maqolasida aytilgan.
“Buyuk Ipak yo‘lining durdonasi bo‘lgan qadimiy Samarqand shahri jahonning o‘n to‘rtta mamlakati yetakchilarini Tashkilotning va unga a’zo har bir davlatning farovonligi va ravnaqiga xizmat qiladigan yangi va ilg‘or taklif hamda tashabbuslari bilan kutib olishga tayyor.
Ushbu afsonaviy shahar Shanhay hamkorlik tashkiloti tarixida muvaffaqiyatning yana bir sahifasini ochishiga shubha yo‘q. Samarqandning shonli tarixiy merosi bunga xizmat qiladi. Ko‘p asrlar mobaynida bu shahar Yevropadan Xitoygacha bo‘lgan mamlakatlarni mustahkam rishtalar bilan bog‘lab, Shimol va Janubni, Sharq va G‘arbni yagona chorrahada tutashtirgan”, deyiladi maqolada.
Bildirilishicha, azaldan Samarqand turli g‘oya va bilimlar “qaynagan” makon bo‘lib, bu maskanda insoniyat tinch va farovon yashash, o‘z kuch va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, baxtli hayot kechirish kabi mushtarak maqsadlari mujassam bo‘lgan.
“Bugun zamonaviy va jadal rivojlanayotgan infratuzilmalarga ega bo‘lgan Samarqandning bunday noyob jihatlari uni mintaqaviy va global xatarlarni birgalikda muhokama qilish, bu borada zarur yechimlarni izlab topish uchun eng qulay va maqbul maydonga aylantirmoqda.
Insoniyatning bir butunligi va o‘zaro bog‘liqligi shu darajada yuqoriki, mavjud xatarlarning aksariyati nafaqat mintaqalar, balki umumjahon miqyosida hamkorlik qilishni taqozo etmoqda.
Ko‘p yillik birgalikdagi ishlarimiz tajribasiga tayanib ishonch bilan aytamizki, ShHTning Samarqand sammiti umumiy xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lidagi o‘zaro hurmat, ishonch, konstruktiv hamkorlik prinsiplariga asoslangan yangi, inklyuziv muloqotni yo‘lga qo‘yish borasida o‘ziga xos namuna bo‘la oladi”, deb yozadi prezident.
Qayd etilishicha, Samarqand tashqi siyosat bobida ustuvor yo‘nalishlari turlicha bo‘lgan davlatlarni birlashtirish va murosaga keltirishga qodir aynan shunday platformaga aylana oladi.
“Tarixan shakllangan tushunchaga ko‘ra, Samarqanddan turib qaralganda, dunyo tarqoq emas, balki yaxlit va bo‘linmas bo‘lib ko‘rinadi. “Samarqand ruhi” degan noyob fenomenning mazmuni ham asli shunda mujassam bo‘lib, u xalqaro hamkorlikning, jumladan, ShHT doirasidagi sheriklikning prinsipial jihatdan yangi formatini shakllantirish borasida mustahkam poydevor bo‘lishi mumkin.
Aslini olganda, “Samarqand ruhi” bundan 20 yil avval mamlakatlarimizning davr talablariga mos, yangi tashkilotni yaratishiga turtki bergan “Shanhay ruhi”ni uyg‘un ravishda to‘ldirib turadi.
Shu sababdan aminmizki, Samarqandda ShHT hayotining yangi bosqichi boshlanishiga guvoh bo‘lamiz – tashkilotning tarkibi kengayib, uning kelajak kun tartibi shakllanadi va bunda chuqur ramziy ma’no mujassam.
Ishonchimiz komilki, Shanhay hamkorlik tashkilotining bo‘lajak sammitida qabul qilinadigan qarorlar mintaqaviy darajada ham, global miqyosda ham muloqot, o‘zaro anglashuv va hamkorlikni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shadi”, deyiladi maqolada.
Mavzuga oid
14:59
Shavkat Mirziyoyev qaysi masalalarda yangi qonunlar kerak bo‘layotganini sanab o‘tdi
14:37
Budjet xarajatlari ustidan parlament nazorati deyarli sezilmayapti - prezident
14:12
Shavkat Mirziyoyev: Parlamentda muxolifatni jonlantirish zarur
18:36 / 15.11.2024