Jamiyat | 13:34 / 17.09.2022
45469
3 daqiqa o‘qiladi

Navoiylik 24 yoshli usta o‘ziga mashina yasab oldi

“UAZ-469” modelidan ilhomlanib tayyorlangan yo‘ltanlamasni yasashga ish orasida 2 yil vaqt hamda 40 mln so‘m mablag‘ sarflangan. 

Konimex tumanining Uchtepa ovulida yashovchi Mag‘jan Shaymerdenov akasi Nurlan Serikbayev bilan birgalikda cho‘l hududida yurishga moslashgan mashina yasadi. Bu uchun u 2 yil vaqt sarfladi.

24 yoshli Mag‘jan Shaymerdenov yoshligidan mashinalarga qiziqqan. Maktabda o‘qib yurgan kezlardanoq ovulida usta sifatida tanilgan. Hozirda akasi bilan ustaxona ochib, texnikalarni ta’mirlab kelishmoqda. 2020 yilda aka-ukada mashina yasab ko‘rish fikri tug‘iladi. Buning uchun ular namuna sifatida “UAZ-469” modelini tanlashgan.

Bu mashinamizni 2020 yilda boshlagandik, yaqinda tugatdik. Cho‘l hududida yurishga moslashtirganmiz. “Kapot” va oldi qismlari, buferi tunukadan bo‘lgan. Bularni o‘zimiz qo‘l mehnatida tayyorladik. Chiroqlari “UAZ-469”niki, faqat kuchaytirganmiz. Cho‘l hududida yorug‘ bo‘lishi uchun tumanga qarshi chiroqlardan ham foydalandik. Uzatmalar qutisi “KIA”niki, motor esa “UAZ-469”niki. Ichlarini, salon qismlarini ham o‘zimiz tayyorladik. Faqat mashinamizga hali nom qo‘yganimiz yo‘q, “Uazvagen” deb atasak bo‘ladi, — deydi Mag‘jan Shaymerdenov.

Uchtepa ovuli Konimex tuman markazidan 210 kilometr olisda, cho‘l bag‘rida joylashgan. Atrofdagi qumliklar Arab sahrolariga o‘xshab ketadi. Bu yerda oddiy mashina bilan yurish imkonsiz. Mag‘jan yasagan yo‘ltanlamas esa qumlikda botib qolmaydi.

Ustaning ma’lum qilishicha, u mashinani yasashda ehtiyot qismlar sotib olish uchun 40 mln so‘m sarflagan. Hozirda “Uazvagen”ga ovuldoshlarining qiziqishi ortib bormoqda. “Menga ham shunaqasidan yasab ber”, deguvchilar ko‘payyapti. Shu sababli Mag‘jan mashinani yanada takomillashtirish niyatida.

Ruslan Saburov,
Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov

Mavzuga oid