O‘zbekiston | 09:58 / 17.09.2022
3380
4 daqiqa o‘qiladi

Sanoat xavfsizligi sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi 

Foto: Kun.uz

Prezidentning “Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi e’lon qilindi.

Quyidagilar Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilanadi:

  • atom energetikasi va yadroviy texnologiyalari obektlarida radiatsiyaviy va yadroviy xavfsizligini ta’minlash, xavfli ishlab chiqarish obektlarida sanoat xavfsizligi sohalarida yagona davlat siyosatini yuritish bo‘yicha ishni muvofiqlashtirish va nazoratni amalga oshirish;
  • sanoat, radiatsiyaviy va yadroviy xavfsizligi, yer qa’ridan foydalanishda ishlarni olib borish xavfsizligi hamda istirohat bog‘lari attraksionlarini ekspluatatsiya qilish borasidagi qonun hujjatlari va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshirish;
  • sanoat, radiatsiyaviy va yadroviy xavfsizligini ta’minlash borasida respublikada yoqilg‘i-energetika kompleksi va iqtisodiyot asosiy tarmoqlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha strategik reja va dasturlarni ishlab chiqishda ishtirok etish;
  • atom energiyasidan foydalanish sohasida litsenziyalash, sanoat, radiatsiyaviy va yadroviy xavfsizligini ta’minlash sohasida davlat nazorati organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • sanoat xavfsizligini ekspertizadan va akkreditatsiyadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish, atom energiyasidan foydalanish bilan bog‘liq obektlar xavfsizligini ekspertiza qilishni tashkil etish;
  • sanoat, radiatsiyaviy va yadroviy xavfsizligi, yer qa’ridan foydalanishda ishlarni olib borish xavfsizligi hamda istirohat bog‘lari attraksionlarini ekspluatatsiya qilish borasidagi normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni belgilangan tartibda ishlab chiqish va qabul qilish;
  • xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan mustahkam hamkorlikni amalga oshirish, soha faoliyatiga taalluqli bo‘lgan xalqaro shartnomalar bo‘yicha O‘zbekiston majburiyatlari bajarilishini ta’minlash;
  • texnika va texnologiyalarning jadal rivojlanishini hisobga olgan holda sanoat, radiatsiyaviy va yadroviy xavfsizligi, yer qa’ridan foydalanishda ishlarni olib borish xavfsizligi sohalarida faoliyatni amalga oshiruvchi mutaxassislarning malakasini oshirish.

Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Sanoat xavfsizligi sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi.

Quyidagilar jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilanadi: har yili davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladigan mablag‘lar; bo‘sh turgan mablag‘larni tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar; yuridik va jismoniy shaxslar xayriya va homiylik mablag‘lari; xalqaro tashkilotlar grantlari hamda mablag‘lari; qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasiga quyidagi huquqlar beriladi:

  • zarur hollarda prezidenti administratsiyasi bilan kelishgan holda, qo‘mita budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qo‘mita markaziy apparati, hududiy boshqarmalari va Angren kon-texnika inspeksiyasi tuzilmalariga qo‘shimcha shtat birliklarini joriy qilish;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar, ilmiy va ta’lim muassasalari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy kompaniyalar yuqori malakali mutaxassislarini, ekspertlarni maslahatchi sifatida jalb qilish;
  • malakali xorijiy mutaxassislarni ishga qabul qilish va ularga ish haqini milliy valutada yoki xorijdagi hisobvaraqlariga o‘tkazgan holda chet el valutasida to‘lash;
  • Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi xodimlariga xizmat vazifalarini bajarish uchun transport barcha turlariga (xizmat safari guvohnomasi va shaxsiy guvohnomasi mavjud bo‘lganda) birinchi navbatda yo‘l chiptasi sotib olish.

Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari hamda kon-texnika inspeksiyalari o‘ziga yuklatilgan vakolatlarga muvofiq sudlarga ko‘rib chiqishi uchun kiritiladigan da’volar bo‘yicha davlat boji to‘lashdan ozod qilinadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid