Jamiyat | 14:59 / 18.09.2022
13090
6 daqiqa o‘qiladi

"Otasi bemor qizim yoniga bir kelsa edi...": dard o‘zgartirgan qismat

Bu dunyoni sinov dunyo, deydilar. Kimdir davlat, kimdir qashshoqlik yana kimdir mansab bilan imtihon qilinadi. Eng og‘iri farzand bilan sinov qilinish bo‘lsa kerak. Ota-ona o‘z dardiga bardosh qilsa ham, hech kim farzandining azob chekishiga jim qarab tura olmaydi. Qo‘lidan kelgan imkonni ishga soladi. Eng yomoni esa farzandining azob chekayotganini ko‘rib yordam berolmaslik...

“Yolg‘izgina umidim shu farzandim. Uni yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqaman”

Muhayyo opa taqdir taqazosi bilan turmushidan ajragan. Xudodan so‘rab olgan bittagina farzandi Elmurod uch yildirki oqqon kasali bilan kurashib keladi. Afsuski ota-onasi ajrashgan va Elmurod onasi bilan murakkab vaziyatda yolg‘iz qolgan. Olti farzandning kattasi bo‘lgan Muhayyo opaning oilasi o‘zidan orttirib qo‘ldan kelguncha yordam beradi.

–       Bizga yordam berish uchun katta ukam chet elga ishlagani ketdi, topganini bizga jo‘natyapti. Lekin musofir yurtda ham non topish oson emas ekan. Elmurodjon mitti vujuddagi bu ulkan dard bilan kurashib kelyapti. Kechalari bilan dard chekib, uxlolmay chiqadi. Yolg‘izgina umidim shu farzandimdan. Uni ham yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqaman, – deydi ona yig‘lab.

Elmurod Sobirovga oid ma’lumotlar:

O‘zkard: 8600 0610 0837 8670 onasi Muhayyo Isomiddinova nomida

Yunionpay: 6262 5701 0774 1474 buvisi Malika Isomiddinova nomida

Manzil: Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tumani, Yaypan shahri, Guliston ko‘chasi 56 uy.

“Bir bora ko‘rishga kelsa bo‘lardi...”

Yulduz opa ham ikki farzandi bilan turmushidan ajragan. Hayotda ko‘p qiyinchiliklarni yengib o‘tgan ayol farzandining dardi qarshisida ojiz qoldi. Qizi Mubina kichikligidan yurishga qiynalgan. Bora-bora o‘zini tashlab yuboradigan bo‘lgan. Ikki oylik tinimsiz isitmadan so‘ng topshirilgan analiz natijalaridan oqqon kasali aniqlangan. Shifoxonada yotganida otasining bir bora ko‘rishga kelmasligi ham qizaloqning dardini yanada og‘irlashtiradi.

–        Bolam ichikib qolgani uchun shifokorlar otasi bir bor kelib ko‘rib keta olarmikin, deb aytishgandi. Afsus, kelmadi... Qizim o‘ksib qoldi. Ajrashgan bo‘lsak-da, u ota-ku, farzandini ko‘rishga kelsa bo‘lardi, – degan o‘ylar ayolning ko‘nglini o‘rtaydi, dardiga dard qo‘shadi...

Mubina Rajabovaga oid ma’lumotlar:

O‘zkard: 8600 0610 7819 6887 onasi Yulduz Rahmonqulova nomida

O‘zkard: 8600 0609 5882 6712 onasi Yulduz Rahmonqulova nomida

Manzil: Surxondaryo viloyati, Qumqo‘rg‘on tumani, Do‘stlik mahallasi, Hamza ko‘chasi 19 uy, 8-xonadon.

Ona uchun farzandining azoblanishini ko‘rishdan ortiq dard yo‘q...

Javohir Barchinoy opaning ikki qizdan so‘ng topgan yolg‘izgina o‘g‘li. Bolasining og‘riqlari onaning qalbini tirnaydi. Kasallik sabab yurolmay qolgan Javohir maktabga ham borolmaydi.

– Bolam bir kun maktabga borsa, bir oy oyog‘ini bosolmay yotadi. Ba’zida og‘riqning zo‘ridan uxlolmay chiqadi. Bolamning dardlariga chidolmagan dadasi yaqinlarimizdan qarz olib davolatdi. Hozir qarzni uzish uchun musofir yurtda ishlab yuribdi. Javohirni esa yana davolatish kerak. Tengdoshlari chopqillab yurgan pallada bolamning maktabga ham borolmay qolishini ko‘rish juda og‘ir, – deydi ona ko‘z yoshlarini tiyolmay.

Javohir Nazirbekovga oid ma’lumotlar:

O‘zkard: 8600 0609 0024 3107 onasi Barchinoy Mamayusupova nomida

O‘zkard: 8600 0610 6725 2451 onasi Barchinoy Mamayusupova nomida

Manzil: Jizzax viloyati, Paxtakor tumani, Bog‘ishamol QFY 63 uy.     

“Davolatish uchun barcha narsamizni sotdik”

Ne’matillo akaning o‘zi ikkinchi guruh nogironi. Ayoli bilan birga obodonlashtirish tashkilotida halol mehnat qilib, oilasini boqib yurgan edi. Orqa miyasini shamollatib qo‘yib, yurolmay qoldi. Ishdan ham bo‘shashga majbur bo‘ldi. Dard kelsa qo‘shaloq keladi deganlari rost ekan. Tilab olgan yolg‘izgina farzandi o‘tgan yili hushidan ketib qoldi.

–        Er-xotin reanimatsiya eshigida ikki kun tuz totmay bolamizga shifo tilab o‘tirdik. Shifoxona ostonasida ikki kun yotdik, tunagani joyimiz, yegani nonimiz, ketgani yo‘lkiramiz qolmagandi. Qizim Robiyaxon o‘ziga keldi, ammo unda oqqon kasalligi borligi aniqlandi. Davolatish uchun topganimizni, hatto qizimiz uchun niyat qilib olib qo‘ygan tilla zirakni ham sotdik. Robiyani qiynayotgan dardni yengish uchun yana pul kerak. Ishlagani esa imkon yo‘q..., –deydi ota ezilib.

Robiya Rahmatullayevaga oid ma’lumotlar:

O‘zkard: 8600 0610 8271 1259 otasi Ne’matillo Yusupov nomida

O‘zkard: 8600 0609 7305 9885 onasi Komila Kurbayeva nomida

Manzil: Toshkent viloyati, Chinoz tumani, G‘ayrat MFY, O‘qituvchilar ko‘chasi 14 uy.

Imkon borida yaxshilik qilib qolish kerak, keyin qilaman deb izlasang ham ko‘makka muhtoj insonni topolmay qolasan, deyishadi. Imkoningiz borida savob oling, tili biyron bolajonlarning qadamlari ham chaqqon bo‘lishiga o‘z hissangizni qo‘shing.

Mavzuga oid