Jahon | 13:58 / 23.09.2022
4807
3 daqiqa o‘qiladi

Navalniy beshinchi marta jazo izolyatoriga joylashtirildi

Siyosatchi avvalgi jazo muddatini o‘tab bo‘lgach, yana 12 kunga JIZOga jo‘natilgan. Avgust oyining boshidan beri u JIZOda 30 kundan ortiq vaqt o‘tkazdi.

Foto: Picture Alliance

Vladimir oblastidagi 6-sonli koloniyada saqlanayotgan siyosatchi Aleksey Navalniy avgust oyi boshidan beri beshinchi marta JIZOga yuborildi, deb xabar berdi uning tarafdori Kira Yarmish 23 sentabr, juma kuni.

«Navalniy jazo izolyatoriga qaytdi. Kecha u 15 kundan so‘ng jazo kamerasidan ozod qilingandi, ammo yana qattiq qamoq sharoitlariga jo‘natildi, bir kechadan so‘ng yana 12 sutkaga JIZOga joylashtirildi, hozir ham o‘sha yerda», - deya yozgan Yarmish. Nega Navalniy bu safar jazo izolyatoriga yuborilgani haqida ma’lumot berilmagan?

Avgust oyining o‘rtalaridan beri Aleksey Navalniy to‘rt marta JIZOga yuborildi. Birinchi marta - go‘yo muntazam ravishda ish kiyimining yuqori tugmachasini yechib qo‘ygani uchun uch kunga. Ikkinchi marta Navalniy jazo kamerasiga besh sutkaga joylashtirildi. U, koloniya ma’muriyatining so‘zlariga ko‘ra, birinchi marta jazo kamerasiga jo‘natilganda kuzatib borish qoidalarini buzgan. Uchinchi marta Navalniy yetti sutka oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «siyosiy jihatdan juda faol» bo‘lgani uchun. 

7 sentabr kuni Navalniy izolyatordan chiqqandan so‘ng darhol 15 kunga JIZOga jo‘natilgandi. «Vau, men hozirgina jyekpot yutib oldim. JIZOdan chiqib ketishga ulgurmadim, ular meni yana 15 kunga JIZOga yuborishdi va «yomon niyatli qoidabuzar» maqomini berishdi», degan siyosatchi. Shunday qilib, 12 avgustdan 22 sentabrgacha Aleksey Navalniy JIZOda 35 kun o‘tkazdi va yana 12 kun o‘sha yerda bo‘ladi. 

9 sentabr kuni koloniya rahbariyati Navalniyga uning advokatlar bilan muloqoti endi advokatlik siri toifasiga kirmasligi haqida xabar bergani ma’lum bo‘ldi. Bundan buyon barcha kiruvchi va chiquvchi advokat hujjatlari uch kunlik tekshiruvdan o‘tkaziladi. 

Keyinchalik uning advokatlariga nafaqat topshirish, balki unga biron bir hujjat ko‘rsatish ham taqiqlandi. «Agar ilgari advokatlarga biron bir hujjatni, meni metall panjara va plastmassadan yasalgan mustahkam devor bilan o‘rab olish orqali topshirish taqiqlangan bo‘lsa, endi bu plastik butunlay yopib qo‘yildi. Uni plyonka bilan yopishtirib qo‘yishdi va advokatlar menga hech qanday hujjatlarni ko‘rsata olmayapti», - deya advokatlari bilan uchrashuvlarini tasvirlab berdi siyosatchi. 

Mavzuga oid