Jamiyat | 09:00 / 29.09.2022
20082
9 daqiqa o‘qiladi

“7-10 yoshli o‘quvchilarim lego-robotlar yasaydi” - 18 yashar robototexnik

Suhrob Haydarov 18 yoshda. Uning  7-10 yoshli o‘quvchilari robotlar yasaydi. Shuningdek, u IT-kompaniya egasi. Yosh qahramonimiz yuzlab bolalarni robototexnikaga o‘qitgani, pulsizlik va qo‘llov bo‘lmagani sabab mag‘lubiyatlarga uchragani, loyihalarini sotib kompaniyasiga pul tikkani va nihoyat ko‘plab medallarni qo‘lga kiritgani haqida Kun.uz'ga gapirib berdi.

«YouTube'dan ko‘rgan videom meni robototexnikaga olib kirgan»

— Asli navoiylikman, Karmana tumanida tug‘ilib o‘sganman. Hozirda Toshkent shahridagi IT-parkda robototexnika bo‘yicha menejyerman. Ya’ni robototexnika bo‘yicha 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan auditoriyaga dars beraman. Hozirda 50 dan ortiq shogirdlarim bor. Toshkent axborot texnologiyalari universitetining 2-bosqich talabasiman. «Uzrobup» kompaniyasi asoschisi va bir nechta startaplar muallifiman.

Bu sohaga qiziqishim 14 yoshimdan boshlangan. Robototexnikaga YouTube'dagi birgina video sabab bo‘lgan. O‘zbekistondan tajribali ustoz topolmaganman. Bir-ikkita markazlar bo‘lgan, ammo oxirigacha yetishga ko‘zim yetmagan. Shundan keyin onlayn platformalar orqali ustozlar topdim. Ulardan 6 oy davomida tahsil oldim.

«Noutbuk yaxshi ishlamagani uchun xalqaro musobaqadan qolib ketganmiz»

— Biz (o‘zi va jamoasini nazarda tutyapti – tahr.) ish boshlagan paytda O‘zbekistondan kerakli qurilmalarni topish juda qiyin masala edi. Ichki bozorda men ishlamoqchi bo‘lgan kontroller va sun’iy miyalar yo‘qligi sababli Xitoydan buyurtma qilganmiz. U ham 3 oy deganda yetib kelgan. Shundan keyin 15 yoshimda faoliyatimni boshlab, robototexnikaga to‘liq kirib kelganman.

“Barkamol avlod” bolalar markazi men va jamoaga faoliyat yuritishimiz uchun sharoit yaratib bergan. Ungacha hech kim harakat qilmagan, “Barkamol avlod” markazi salohiyatimizni ko‘rib yordam bergan. 2018-19 yillarda olimpiadalarga chiqishni boshladik – birinchi olimpiada Qirg‘izistonda onlayn bo‘lib o‘tgan. Lekin qatnasha olmaganmiz, chunki bizda nafaqat qurilmalar bo‘lmagan, balki noutbuk ham yaxshi ishlamagan.

Yosh robototexniklar o‘rtasida raqobat bo‘lmas edi, ya’ni xalqaro olimpiadaga chiqish uchun shahar, viloyat va respublika bosqichlari bo‘lmasdan to‘g‘ri xalqaroga chiqardik, chunki mahalliy bozorda raqobatchi bo‘lmagan. Shu sababli faqatgina xalqaro musobaqalarda qatnashar edik. Biroq yetarli qurilmamiz va sharoitimiz bo‘lmagani sababli bu musobaqalardan qolib ketar edik. 3 marta chiqqan bo‘lsak, hammasida mag‘lubiyatga uchraganmiz.

Qurilmalar chetdan keladi, arzon ham emas edi. Eng kami 500 dollardan boshlanar edi. Bizda unaqa katta pul bo‘lmagan, yosh edik, hamma narsani ota-onamizga yuklab qo‘ygimiz ham kelmasdi. Chunki musobaqalarga chiqishimizni ham ota-onamiz ta’minlardi.

«Vengriyadagi musobaqada Osiyo mintaqasi bo‘yicha birinchi o‘rinni oldik»

— 2019 yilda Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro musobaqada birinchi o‘rinni olib, Vengriyada o‘tadigan musobaqaga yo‘llanma olganmiz. Vengriyadagi musobaqada Osiyo mintaqasi bo‘yicha birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldik. Lekin g‘oliblik uchun 300 dollar pul olganmiz. Gap pulda emas, biz kubok yoki medalni ko‘rsak xursand bo‘lardik. Jahon arenasida bayrog‘imizni ko‘tarish biz uchun faxr edi…

Keyinchalik Rossiyada bo‘lib o‘tgan «Kampus-2019» musobaqasida qatnashib, bronza medalini qo‘lga kiritganmiz.

«G‘oyalarimni sotib kompaniyaga tikardim»

— Loyihalarim ko‘pincha qishloq xo‘jaligiga bag‘ishlangan. Birinchi loyiham «Aqlli tovuqxona» bo‘lgan. Bu tovuqxona tovuqlarni o‘zi boqadi: donini, suvini beradi, tagini tozalash funksiyalari bo‘lib, tovuqxonani shamollatib turadi. Suvi tugasa, mobil qurilmangizga xabar yuboradi. Agar javob kelmasa, o‘zi suv beradi. Dasturchilar uchun bu unchalik qiyin ish emas, ammo buni qilganda hali juda yosh edim va bu katta narsa edi.

Shunga o‘xshash loyihalarni yaratib, frilans birjalar orqali g‘oyasini sotganman. O‘sha vaqtda «Aqlli tovuqxona» g‘oyasining o‘zini 1000 dollarga sotganman.

Ammo o‘shanda topgan pulimizga jamoa bilan faqat qurilma sotib olganmiz. Chunki bizda homiy bo‘lmagan.

«16 yoshimda dars berishni boshladim»

— Navoiyga IT-park ochilishiga kelgan akalarga loyihalarimni ko‘rsatganman. Ular meni mentorlikka qo‘yishgan va birinchi marta 16 yoshimda IT-parkda dars berishni boshlaganman. Biroq menda o‘zimdan katta odamga dars berishda muammolar bo‘lardi. Pedagogik bilimim bo‘lmagani uchun kattalar ketib qolardi. Lekin IT-park yaxshi pul berardi, undan topgan pulimizni o‘zimizning kompaniyaga tikardik.

Dasturchi daromadini hech qachon aytmasa kerak. Daromadimiz o‘rtacha davlat xizmatchisining oyligidan uch karra ko‘p desa ham bo‘ladi. Dasturchilarning oyligi darajasiga qarab belgilanadi. Portfolioga qarab sizning darajangizni belgilab berishadi. Oxirgi marta portfoliomni 2022 yil boshida baholatgan edim, “Strong Middle” chiqqan edi.

«7-10 yoshli o‘quvchilarim lego-robot yasay oladi»

— Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Rossiyaga sohani o‘qitish borasida tajriba oshirish maqsadida yuborilganmiz. Aynan o‘sha yerda qanday dars berish kerakligini o‘rganganman. Hozirgi kunda IT-parkda ta’lim menejyeri hisoblanaman. Bu yerdagi vazifam – 7-40 yoshlilarga robototexnikadan dars berish. Ba’zan 7-10 yoshli bolalar bu sohani eplab keta oladimi degan savol bilan kelishadi. Biz buni isbotlab berganmiz. Dasturimiz davomiyligi 6 oyni tashkil etadi. Bu vaqt ichida bola elektronika, konstruktorlik va dasturlashni o‘rganadi. Mana shu lego robotni 7-10 yoshli bolalar yaratgan. Uning vazifasi faqat harakatlanish.

Bu nima uchun kerak desangiz, bu bolaning kreativligini oshiradi, dasturlashga ilk qadamini qo‘yadi. Shunday oddiy robotga dastur yarata olsa, bundan katta va turli dasturlarni yarata oladi. Biz bolalarga fundament bo‘la olamiz.

«Professional IT kompaniyasini ochdik»

— 2020 yilning o‘zida uch karra jahon chempioni bo‘ldim. Shu orqali prezidentimiz nazariga tushdim. Shu yilning o‘zida ikkita davlat mukofoti – «Mard o‘g‘lon» va «Mehr-saxovat» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandim.

Professional IT-kompaniya ochganmiz – UzRoboUp. Asosiy vazifasi IT xizmatlarini ko‘rsatishdan iborat – veb-saytlar, mobil ilovalar va robotlar yasab berish bilan shug‘ullanamiz. Bu kompaniyada 8 kishi faoliyat yuritar edi. Butun Navoiy viloyatini qamrab oldik desam ham bo‘ladi, ko‘p buyurtmalar olardik. Lekin respublika miqyosida buyurtmalar ola olmas ekanmiz.

2021 yilda “Mard o‘g‘lon” mukofotini olganimdan keyin Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga imtiyoz asosida qabul qilindim va poytaxtga keldim.

«WorldSkills” tanlovida ilk marta O‘zbekiston nomidan qatnashib bronza medal oldik»

— Talaba bo‘lib Toshkentga kelgach, IT-parkda menejyer sifatida ish boshladim. Bu yerda katta yoshlilarga dasturning elektronika qismini o‘rgatamiz – sistemalarni bog‘lash, favvoralarni boshqarish, aqlli ko‘chalarni boshqarish kabilarni. Ular 24-25 yoshlar atrofida bo‘ladi. Ular o‘z sohasini biladi, ammo dastur yozishdan xabari bo‘lmaydi. Biz ularga shuni o‘rgatamiz.

“WorldSkills” tashkiloti 2020 yilda O‘zbekistonni akkreditatsiyadan o‘tkazdi va biz birinchi marta 2022 yilda Rossiyada bo‘lib o‘tgan musobaqada qatnashdik. Unda bizga vazifalar berishdi va biz shu asosida robot yasadik. Bizning robotimiz tibbiy robot edi – u aqlli robot palatalarga borib dorilarni olib yoki qo‘yib chiqishi kerak edi. Natijalarga ko‘ra, 3 kunda 7ta robot harakatini ishlab chiqib, bronza medalini qo‘lga kiritdik.

Hozirda Fransiyada bo‘lib o‘tadigan musobaqaga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. U yerda 160 dan ortiq davlatlardan vakillar ishtirok etadi. 18-24 yoshlilar kategoriyasida qatnashmoqdamiz.

Madina Ochilova suhbatlashdi.
Operator va montaj ustasi Javohir G‘ayratov.

Mavzuga oid