Sharmandali qaroqchilik davom etyapti. Hokimlar va IIB klasterlarga sotilganmi?
Kun.uz hududlarda fermerlarning paxtasi zo‘ravonlik bilan tortib olinayotgani bilan bog‘liq uchta holat haqida xabar bergan edi. Bu kabi qonunbuzarliklarning navbatdagilari Andijon va Samarqand viloyatlarida kuzatildi. Metod o‘sha-o‘sha – qaroqchilik.
Andijon viloyati
Izboskanlik fermerning paxta ortilgan yuk mashinasi ichki ishlar xodimlari tomonidan noqonuniy to‘xtatilgan va paxtani tortib olishga urinish bo‘lgan. Bu haqda fermer Kun.uz'ga ma’lum qildi.
Izboskan tumanida faoliyat yurituvchi “Samara savdo” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi uch yil davomida “Sohibi omad barakasi” klasteri bilan shartnoma asosida faoliyat yuritib kelgan. Klaster shartnoma shartlarini vaqtida bajarmagani tufayli u 2022 yil hosili bo‘yicha boshqa tumandagi klaster bilan shartnoma tuzgan.
“Biror marta pulimizni shartnoma bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri olmaganmiz. Yoki sudlashib olamiz yoki vaqti o‘tib ketgandan so‘ng berishadi pullarimizni. Hozirda ham klasterning 125 million atrofida qarzi mavjud. Sud qarorida ham bu belgilangan. Biroq haligacha pullarimizni olganimiz yo‘q”, – deydi fermer xo‘jaligi boshqaruvchisi Umarjon Abdurahmonov.
Izboskandagi klaster shartnoma shartlarini vaqtida bajarmagach, fermer Baliqchi tumanidagi “Skorton Tekstil” MChJ bilan paxta xomashyosini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzadi. Izboskan tumanidan Baliqchi tumaniga paxtani olib borish uchun qariyb 50 km masofani bosib o‘tish kerak edi. Shuning uchun paxtalarni katta yuk mashinasida olib borishni reja qiladi.
Yuk mashinasi Baliqchi tumaniga borish uchun Oltinko‘l tumani hududidan o‘tishi kerak. Aynan mana shu hududda paxta ortilgan yuk mashinasi ichki ishlar xodimlari tomonidan to‘xtatiladi.
“Xususiy avtomobil bo‘lgan ikkita Spark mashinasida yuk mashinamizning yo‘lini qo‘pol ravishda to‘sib to‘xtatishdi – sal bo‘lmasa, yo‘l-transport hodisasi yuz berardi. Formasiz yigitlardan biri mashinadan tushib, yuk mashinasi haydovchisi oldiga chiqib oldi. O‘zini tanishtirmagan, kimligini keyin bildik.
Oltinko‘l tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Jamshid ismli xodim bizga qo‘pol muomalada bo‘lib, turli so‘zlar bilan haqorat qildi. Biz shartnoma bo‘yicha paxtani olib ketayotganimizni, bizni to‘xtatib turishga haqqi yo‘q ekanini tushuntirishga harakat qilishimiz samara bermadi. Qo‘llarimizni qayirib, mashinaga solib, tuman IIBga olib borishdi, tushuntirish xatlari yozdirib olishdi. So‘ng paxta topshirish punktiga olib borishdi va yuk mashinamizdagi paxtani qaroqchilar singari tortib olishga urinishdi.
Shu vaqtda ukam kelib, telefonida tasvirga olib Jamshid ismli IIB boshlig‘i o‘rinbosaridan hech bo‘lmasa o‘zini tanishtirishni so‘radi. IIB boshlig‘i o‘rinbosari ukamni ham kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilib, telefonini tortib oldi va xodimlariga kishan solib qamoqqa tiqishni buyurdi. 7-8 nafar xodimlar ukamni qo‘llarini qayirib, kishanlashni boshladi. Ukamning kasali borligi uchun Jamshid ismli xodimga tushuntirishga urindim. Shu vaqtda boshqa bir xodim kelib, ukamga ishora qildi. Ukam jonholatda yerda yotardi. Tili ichiga ketib qolgan ekan. Traktorchilardan biri kelib, qoshiq tiqib tilini tortib oldi. Biz tez yordam chaqirib uni viloyat shifoxonasiga olib bordik. Bir kunda zo‘rg‘a o‘ziga keldi. Agar o‘sha vaqtda traktorchining hayotiy tajribasi qo‘l kelmaganida, hozir boshqa masalalar haqida gaplashib turgan bo‘lishimiz mumkin edi.
Biz ketgach, ichki ishlar xodimlari Baliqchidagi tekstilga qo‘ng‘iroq qilib, paxtani olib ketishini aytgan. Agar qonuniy tarzda paxtani tortib olgan bo‘lsa, nega paxtani berib yuborgan? Nega bizning qonuniy huquqlarimizni qaroqchilik bilan buzishga xarakat qilishadi? Ularning ortida qanday katta kuch borki, paxtamizni kuppa-kunduz tortib olishga urinishadi?” – deya ta’kidladi Kun.uz bilan suhbatda fermer.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati Oltinko‘l tumanida Jamshid ismli o‘rinbosar haqiqatda bor ekanini va hozirda mazkur voqea prokuratura tomonidan o‘rganilayotganligini qayd etdi.
Samarqand viloyati
Payariq tumani “Yangiobod” MFYdagi Kampiro‘ldi qilshog‘ida yashovchi Doston Esirgapov ham aynan paxta sababli kaltaklandi.
U 28 sentabr kuni o‘zi ishlayotgan “Oqqush zamin dalasi” yetishtirgan paxtani “Payariq klaster” MChJga qarashli “O‘zbekiston” paxta qabul qilish punktiga olib borgan. Punktdagilar uning birinchi terim paxtasini 2-sort deb baholashgan. Bunga rozi bo‘lmagan Doston Esirgapov “paxtani tozalab kelaman” deb olib ketgan va paxta ortilgan “telejka”larni akasining hovlisiga qo‘ygan. Yarim tunda IIB xodimlari kelib, paxtani olib borib topshirishni talab qilishgan. Bir soat o‘tib esa paxta egasidan beso‘roq olib ketilgan...
Ertasi kuni dehqonlar izlab-izlab, tirkama va paxtalarini “Chelak” paxta qabul qilish punktida topishadi. Ammo, dehqonning ta’kidlashicha, uni va akasini IIB binosiga olib kirib, kaltaklashadi. “Hushimni yo‘qotdim. Ko‘zimni ochsam, jarrohlik bo‘limida yotibman. Hanuz boshimda kuchli og‘riq bor, ko‘nglim behuzur bo‘lyapti”, – deydi dehqon. Uning aytishicha, uni urganlar uning o‘zini aybdor qilish maqsadida shikoyat arizasi yozishgan. “Go‘yoki oltovini bir o‘zim uribman, uyat emasmi ularga?” deydi Doston.
Qonunlardan iqtiboslar
Quyida O‘zbekiston Respublikasida amal qilayotgan bir nechta qonunlardan iqtiboslarni sanab o‘tamiz. Zora bunaqa normalar borligidan bexabar qonun himoyachilariga qo‘l kelib qolsa.
Tadbirkorlik faoliyati sub’yektidan mulkni olib qo‘yishga uning boshqa ashyoviy huquqlarini bekor qilishga, shuningdek ularni cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi. Tadbirkorlik faoliyati sub’yektlari xomashyo, tovarlar va xizmatlar bozorlariga erkin kirishi, shuningdek, ishlar bajarish va xizmatlar ko‘rsatishda teng imkoniyatlarga ega.
Tadbirkorlik faoliyati sub’yektlarining xomashyo, tovarlar va xizmatlar bozorlariga kirishi davlat organlari, shuningdek, ularning mansabdor shaxslari tomonidan biron bir tarzda cheklanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari qoidabuzarlik mavjudligi faktidan tadbirkorlik faoliyati sub’yektlarining o‘zga qonuniy faoliyatiga aralashish yoki bunday faoliyatni cheklash uchun asos sifatida foydalanishi mumkin emas.
Davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslari fermer xo‘jaliklarining agrotexnika usullarini, yetishtiradigan mahsulot turini tanlashiga, bu mahsulotning bahosini realizatsiya qilish yo‘nalishini belgilashiga aralashishga haqli emas.
Davlat organlarining bitimlar tuzish, foydani taqsimlash, ijroiya organi rahbarini va uning a’zolarini saylash, tayinlash masalalari bo‘yicha hamda tadbirkorlarning boshqaruv organlari vakolatlariga boshqa masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilish, tadbirkorlik faoliyati sub’yektlariga ko‘rsatmalar va boshqa farmoyishlar berish, hujjatlarga muhr bosishni talab qilish yoki hujjatlarini muhr bilan tasdiqlash to‘g‘risida talab qo‘yish hamda tavakkalchiligi sharoitlarida qabul qilingan zarar ko‘rilishiga olib kelgan qarorlar uchun ularning boshqaruv organlari a’zolariga nisbatan javobgarlik choralarini ko‘rish taqiqlanadi.
Shokir Sharipov,
Abduvali Qurbonov,
Kun.uz
Mavzuga oid
15:45 / 21.11.2024
Ummon O‘zbekistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilmoqchi
12:10 / 20.11.2024
O‘zbekistonda foydalaniladigan suv resurslari 90 foizi qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri kelyapti
11:37 / 20.11.2024
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida importni 50 foizga qisqartirish rejalashtirilmoqda
21:20 / 19.11.2024