O‘zbekiston | 10:24 / 05.10.2022
11630
3 daqiqa o‘qiladi

Aholini ko‘mir mahsulotlari bilan ta’minlash tartibi tasdiqlandi 

Foto: Dunyo

Vazirlar Mahkamasining “Respublika iste’molchilariga ko‘mir mahsulotlarini yetkazib berish mexanizmini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Budjet tashkilotlarini ko‘mir mahsulotlari bilan budjet mablag‘lari hisobidan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. U quyidagi tartibni nazarda tutadi:

  • budjet tashkilotlari ko‘mir mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini shakllantirish;
  • budjet tashkilotlariga ko‘mir mahsulotlarini hududlardagi ko‘mir omborlari orqali yetkazib berish;
  • budjet tashkilotlari bilan o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirish;
  • ular omborlarida ko‘mir mahsulotlarini saqlash.

Respublika aholisini ko‘mir mahsulotlari bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. U hududlardagi ko‘mir omborlariga ko‘mir mahsulotlarini yetkazib berish, saqlash va sotish, aholi bilan ko‘mir mahsulotlari uchun o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibini belgilaydi.

Respublika hududlari bo‘yicha aholi va budjet tashkilotlariga ko‘mir mahsulotlarini yetkazib berish uchun mas’ullar ro‘yxati belgilandi.

2023 yil 1 aprelga qadar ko‘mir mahsulotlarini sotish, budjet tashkilotlari va aholi bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish to‘g‘risida ma’lumotlar joylashtiriladigan interaktiv portali ishga tushiriladi.

  • 2022 yil 1 oktyabrdan boshlab o‘rnatiladigan tartibga muvofiq:
  • idoralararo tarif komissiyasi tomonidan har yili kamida bir marta (1 iyunga qadar) hamda yoqilg‘i-energetika resurslari narxlari qayta ko‘rib chiqilganda, ko‘mir ulgurji va chakana narxlari qayta ko‘rib chiqilib tasdiqlanadi;
  • ko‘mir briketi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar ko‘mir briketi uchun mahalliy ko‘mir xomashyosini birja savdolari orqali sotib oladi hamda ishlab chiqarilgan ko‘mir briketini bozor narxlarida iste’molchilarga yetkazib beradi.

“O‘zbekko‘mir”, Respublika tovar-xomashyo birjasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari”ga birja savdolarida inson omilini cheklash uchun sotilgan ko‘mirni ortib yuborish bosqichlarini to‘liq avtomatlashtirishni nazarda tutuvchi dasturiy ta’minotni ishlab chiqish topshirildi.

Mavzuga oid