Jahon | 09:49 / 06.10.2022
9901
2 daqiqa o‘qiladi

Amerikaning Crew Dragon-5 kemasi XKSga yo‘l oldi

Ekipaj tarkibida ikki amerikalik va bir yapon astronavti, shuningdek, rossiyalik kosmonavt bor. Ular besh oy davomida XKSda ishlashlari kerak.

Foto: NASA

XKSga uchirilgan SpaceX kompaniyasining Crew Dragon-5 ko‘p martalik kosmik kemasi orbitaga muvaffaqiyatli chiqarildi. Bu haqda NASA 5 oktyabr, chorshanba kuni xabar berdi. Ekipaj tarkibiga NASA'ning ikki astronavti – Nikol Mann va Josh Kassada, Yaponiya aerokosmik tadqiqotlar agentligi (JAXA) astronavti Koichi Vakata va Roskosmos kosmonavti Anna Kikina kiradi.

Koinot kemasi Falcon 9 og‘ir raketa tashuvchisi yordamida Floridadagi Kennedi koinot markazidagi 39A start kompleksidan Moskva vaqti bilan soat 19:00 da uchirildi. 6 oktyabr, payshanba kuni Crew Dragon Moskva vaqti bilan soat 23:57 da XKS Amerika segmentining Harmony moduliga avtomatik ravishda ulanishi kerak. Ekipaj a’zolari besh oy davomida stansiyada ishlashi kerak bo‘ladi va ko‘plab ilmiy tajribalar bilan shug‘ullanishadi.

2022 yil iyul oyida XKS dasturi doirasida NASA va Roskosmos o‘rtasida 2022-2024 yillarda uch nafar rossiyalik kosmonavtning Amerikaning Crew Dragon boshqariladigan kosmik kemasida va uchta amerikalik kosmonavtning Rossiyaning «Soyuz MS» boshqariladigan kosmik kemasida o‘zaro parvozlari bo‘yicha kelishuv imzolangan edi. Hujjatda kosmonavtlar va astronavtlarning jami uchta «almashinuvi» ko‘zda tutilgan.

21 sentabr kuni o‘zaro parvoz dasturining birinchi ekipaji Boyqo‘ng‘irdan XKSga uchirildi. «Soyuz MS-22» kosmik kemasi ekipaji tarkibida Roskosmos kosmonavtlari Sergey Prokopev va Dmitriy Petelin, shuningdek, NASA astronavti Fransisko Rubio bor edi.

Hozirda NASA astronavtlari Chell Lindgren, Robert Xayns, Jyessika Uotkins va Yevropa kosmik agentligi (ESA) astronavti Samanta Kristoforetti stansiyada ishlashda davom etmoqda.

Mavzuga oid