Jahon | 13:58 / 12.10.2022
12832
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina: FXXning Qrim ko‘prigi portlatilishi bo‘yicha ayblovlari - safsata

Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi vakili Andrey Yusov Rossiya FXXning Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov Qrim ko‘prigidagi portlashga aloqadorligi to‘g‘risidagi ayblovlarini «safsata» deb atadi. 

Foto: Getty Images

«Rossiya Federatsiyasi FXX va Tergov qo‘mitasining barcha faoliyati - safsata. Bular Putin rejimiga xizmat qiluvchi soxta tuzilmalar, shuning uchun ularning muntazam bayonotlariga izoh bermaymiz», deb javob berdi Yusov. 

FXX ma’lumotlariga ko‘ra, portlashni Budanov uyushtirgan, unga mo‘ljallangan portlovchi moddalar xorijliklar yordamida Bolgariya, Gruziya va Armaniston orqali olib o‘tilgan.

Bundan oldin FXX Qrim ko‘prigi portlatilgani ishi bo‘yicha uch davlat fuqarolari ushlanganini e’lon qilgandi.

Qo‘lga olinganlar orasida Rossiya, Ukraina va Armaniston fuqarolari bor. FXX ko‘prikni portlatish tashkilotchisi sifatida Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanovni ko‘rsatdi.

 «Ayni paytda jinoyat ishi doirasida jinoyatni tayyorlashda ishtirok etgan Rossiyaning besh nafar fuqarosi, Ukraina va Armanistonning uch nafar fuqarosi qo‘lga olindi», — deyiladi 12 oktyabr, chorshanba kuni maxsus xizmat xabarida. Portlash tashkilotchilari sifatida Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi va uning rahbari Kirill Budanov ko‘rsatilgan.

Rossiyani annexia qilingan Qrim yarimoroli bilan bog‘lovchi 19 kilometrlik ko‘prikda 8 oktabr kuni ertalab portlash sodir bo‘ldi. Qrim ko‘prigining avtomobil qismida yuk mashinasi portlatib yuborilgan, shundan so‘ng temiryo‘l poyezdining yonilg‘i baklari yonib ketgan. Rossiya uchun strategik va ramziy ahamiyatga ega obekt jiddiy zarar ko‘rdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, to‘rt kishi halok bo‘lgan.

Mavzuga oid