Jahon | 14:26 / 15.10.2022
10810
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada kondagi avariyadan keyin tirik qolganlar qidirilmoqda

Amasra shahridagi shaxtada sodir bo‘lgan yirik avariya oqibatida kamida 28 kishi halok bo‘ldi. 300 metr chuqurlikda vayronalar ostida 50 ga yaqin konchi bor.

Foto: AA

Turkiya shimolida kamida 28 kishining hayotiga zomin bo‘lgan yirik kon avariyasidan so‘ng qutqaruvchilar omon qolgan o‘nlab odamlarni qidirishda davom etmoqda. Yana 11 nafar konchi vayronalar ostidan xavfsiz olib chiqildi, ular kasalxonaga yotqizildi, deya xabar berdi Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligi 15 oktyabr, shanba kuni ertalab. Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 50 ga yaqin konchi hamon bedarak yo‘qolgan deb hisoblanyapti.

«Biz qurbonlar soni endi ko‘paymaydi, konchilarimiz eson-omon qutqariladi, deb umid qilamiz, barcha sa’y-harakatlarimiz shu yo‘nalishda jamlangan», — deb yozdi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an o‘zining Twitter mikroblogida.

Qora dengiz sohilida joylashgan Amasra shahridagi shaxtada qutqaruv ishlari tunda ham olib borildi. Yo‘qolgan 49 nafar konchi 300-350 metr chuqurlikdagi ikkita shtolnya (gorizontal yoki qiyaroq kovlangan yer osti yo‘li)da vayronalar ostida qolib ketgan bo‘lishi mumkin. Hozirgacha 70 dan ortiq qutqaruvchilar 250 metrgacha pastga tushishga muvaffaq bo‘lishdi, biroq ular oldinga siljiy oladimi yoki yo‘qmi, noma’lum. «Vaziyat haqiqatdan ham juda achinarli», dedi Turkiya energetika vaziri Fotih Do‘nmez.

Amasra shahri ma’muriyatiga ko‘ra, ular konchilarning deyarli yarmini evakuatsiya qilishga muvaffaq bo‘lishgan. Ishchilarning aksariyati o‘zini yaxshi his qilmoqda, ammo og‘ir jarohat olganlar ham bor.

Amasradagi shaxtada kecha kechqurun portlash sodir bo‘ldi. Avvaliga portlash transformatorning nosozligi tufayli yuz bergani ma’lum qilingan, biroq keyinroq rasmiylar shaxtada noma’lum sabablarga ko‘ra metan portlaganini aytishgan. Hozirda tergov davom etmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid