Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turkiyada kondagi portlash: 40 dan ortiq konchi halok bo‘ldi, Erdo‘g‘an fojia joyiga keldi
Turkiya shimolidagi konda ro‘y bergan portlash oqibatida 41 kishi halok bo‘lgan. Bu haqda voqea joyiga yetib kelgan mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ma’lum qildi.
Portlash juma kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:15 da, Turkiyaning Qora dengiz sohilidagi Bartin provinsiyasi Amasra rayonidagi davlat ko‘mir konida ro‘y bergan.
Mamlakat aholisi uchun bu shu kabi boshqa falokatlarni yodga solishi bilan ham og‘riqli bo‘ldi, birinchi navbatda 2014 yilgi falokatni - o‘shanda mamlakat g‘arbidagi konda chiqqan yong‘in 300 dan ortiq konchini hayotdan olib ketgandi.
Shanba kuni Turkiya ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu jurnalistlarni 58 nafar konchi ichkaridan o‘zi chiqib kelgani yoki qutqaruvchilar tomonidan olib chiqilgani, ulardan 11 nafari jarohatlangani haqida xabardor qildi. O‘sha vaqtda halok bo‘lgan konchilar soni 40 nafarni tashkil etayotgan, portlash vaqtida konda ishlayotgan bo‘lgan yana bir kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanayotgandi.
«Amasradagi ko‘mir konida portlash 41 kishini hayotdan olib ketdi. Ushbu favqulodda hodisa har tomonlama o‘rganiladi» - dedi prezident Erdo‘g‘an. O‘z chiqishida hukumat kelgusida bu kabi fojialar ro‘y berishining oldini olish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinishini qayd etgan.
Qutqaruv amaliyoti portlashdan ko‘p o‘tmay boshlangan. Yaralanganlarga favqulodda yordam ko‘rsatish uchun aviatsiya ishga solingan.
Qutqaruv brigadalari yuzlab metr chuqurlikka tushib, xarobalar orasidan omon qolganlarni topish uchun tun bo‘yi ishlagan.
Voqea joyida olingan videokadrlarda qutqaruvchilar yuzi qorayib ketgan konchilarni yuqoriga qanday olib chiqayotgani, konchilarning oila a’zolari va yaqinlari shu atrofda xavotir bilan yangilik kutib turgani aks etgan.
Metan portlashi ehtimoli
Soyluning ma’lumotiga ko‘ra, portlash 300 metr chuqurlikda ro‘y bergan. Bu chuqurlikda 49 kishi ishlagan bo‘lishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu vaqtda konda jami 110 nafarga yaqin kishi bo‘lgan.
Portlash sababi hozircha aniqlanmagan, mahalliy prokuratura tekshiruv boshlagan.
Avvaliga portlash transformator nosozligi tufayli yuz bergani aytilgandi, Turkiya energetika vaziri Fotih Do‘nmezning so‘zlariga ko‘ra, ayrim omillar bu to‘planib qolgan metan gazi portlashi bo‘lganiga ishora qilmoqda.
Prezident reaksiyasi
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an shanba kunga belgilangan barcha tadbirlarni bekor qilib, fojia joyiga yetib keldi.
Undan avvalroq u ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida qat’iy bayonotlar seriyasini e’lon qilib, mamlakat aholisini barcha choralar ko‘rilishiga ishontirgandi.
«Bartinimizdagi konda sodir bo‘lgan voqeadan ko‘p o‘tmay ishlar boshlandi va tashkilotlarimiz va vazirliklarimiz ishtirokida to‘xtovsiz ish olib borilmoqda», deyiladi Erdo‘g‘anning tvitterdagi xabarlaridan birida.
Prezident qurbonlarning oilalari uchun davlat tomonidan yordam ko‘rsatilishi hamda fojia sabablari to‘liq tekshirilishi, shuningdek, zarracha beparvolikka yo‘l qo‘yganlar ham javobgarlikka tortilishiga ishontirgan.
Kaybettiğimiz madenci kardeşlerimizin aileleri, evlatları emanetlerimizdir. Can kayıplarını telafi edemesek de, vefat eden kardeşlerimizi geri getiremesek de en küçük mağduriyete dahi izin vermeyecek, ailelerimize sahip çıkacağız.
— Recep Tayyip Erdoğan (@RTErdogan) October 15, 2022
2014 yilda Soma shahri yaqinidagi konda ro‘y bergan kuchli portlash Turkiyani larzaga solgandi.
Shundan so‘ng mamlakatda hukumatga qarshi namoyishlar va kasaba uyushmalari ish tashlashi bo‘lib o‘tgan, hukumat xususiylashtirish sharoitida konchilar xavfsizligiga yetarlicha e’tibor qaratmayotganlikda ayblangandi.
O‘sha vaqtda Turkiya bosh vaziri bo‘lgan Erdo‘g‘an shaxsan konchilar taqdiriga befarqlikda ayblangandi. 2010 yilda u boshqa bir kondagi fojiadan keyin o‘lim - konchining taqdiri ekanini aytgandi.
Mavzuga oid
22:23 / 08.06.2026
Harbiy tibbiyot sohasida Turkiya bilan hamkorlik rivojlantiriladi
13:14 / 07.06.2026
Olti yildan buyon qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik ayol Turkiyada ushlandi
16:20 / 26.05.2026
O‘lim to‘shagida ochilgan sir: turk tadbirkorining Shveytsariya bankiga qarshi moliyaviy urushi
13:52 / 26.05.2026