Jahon | 11:21 / 21.10.2022
19540
4 daqiqa o‘qiladi

Belarusning Ukraina chegarasidagi aviabazasiga harbiy texnikalar ko‘chirildi

Mahalliy aholining aytishicha, bazada rus qo‘shinlari ko‘paygan.

Foto: Meduza

Belarusning Ukraina bilan chegaradosh Gomel shahri yaqinida joylashgan Zyabrovka harbiy havo bazasida so‘nggi ikki oy ichida harbiy yuk mashinalari ko‘paydi, lager hududi ham kengaydi. Amerikaning Planet Labs kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari shundan dalolat beradi.

Birinchi fotosurat 24 avgustda, ikkinchisi 16 oktyabrda olingan. So‘nggi suratda S-300 va S-400 zenit-raketa komplekslari, shuningdek, yonilg‘i yuklangan poyezd ko‘rinadi. Aerodromning shimoliy qismida esa qum to‘siqlari paydo bo‘lgani ham aniq ko‘rinib turibdi.

Qayd etilishicha, boshqa harbiy qismlarda ham xuddi shunday qum to‘siqlar yoniga radar stansiyalari o‘rnatilmoqda, ular nishonlarni aniqlash va raketalarni boshqarishda qo‘llanadi.

Gomel oblastida yashovchi, ismi oshkor qilinishini istamagan fuqaroning aytishicha, Rossiya qo‘shinlari aerodromga oktyabr oyi boshida kelgan. «Rossiya harbiy texnikasi va askarlari Zyabrovkaga bir yarim hafta oldin keldi. Bahordan beri u yerda ruslar istiqomat qiladi, ammo soni cheklangan edi. Zyabrovkaga kirish avvalgidek yopiq. Rossiya harbiylari u yerda joylashgan, ammo hozir texnika va odamlar ko‘paygan», dedi u.

Belarusdagi harbiy texnika harakatini kuzatib boruvchi «Belaruskі Gayun» kanali oktyabr oyi boshidan beri odamlar Zyabrovka yaqinida Rossiya va Belarus qurolli kuchlarining yuk mashinalarini ko‘rgani haqida kamida yetti marta xabar berdi.

«Belaruskі Gayun» ma’lumotlariga ko‘ra, «Zyabrovka» aerodromi hududida Rossiya armiyasi qismlari joylashtirilgan. Avgust oyi o‘rtasida u yerda kamida 10 ta S-400 zenit-raketa kompleksi, S-300 va S-400 havo mudofaa tizimi uchun 15 dan 60 tagacha raketa, «Pansir» havo mudofaasining ikkita birligi, shuningdek radarlarni yoritish va yo‘naltirish tizimlari borligi aniqlangan. Bundan tashqari, aerodrom yaqinida, uchish-qo‘nish yo‘lagi ortidagi o‘rmonda tanklar va piyoda askarlarning jangovar mashinalari joylashgan.

17 oktyabr kuni Belarus Mudofaa vazirligi Rossiya va Belarus qo‘shinlarining mintaqaviy guruhi «Ittifoqdosh davlatni qurolli himoya qilish»ni boshlaganini e’lon qildi.

Belarus kuchlari, shuningdek, to‘qqiz mingga yaqin rossiyalik harbiylardan iborat guruh «Ittifoqdosh davlatning g‘arbiy chegaralaridagi vaziyat keskinlashuvi munosabati bilan tashkil etildi», dedi Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko.

Shundan so‘ng, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy G7 davlatlariga Ukraina va Belarus chegarasiga xalqaro kuzatuvchilarni joylashtirishni taklif qildi.

Belarusning «Nasha Niva» nashri 17 oktyabr kuni Belarusdagi «erkaklar harbiy qo‘mitalardan chaqiruv qog‘ozlarini olayotgani» haqida signallar kelayotganini ma’lum qildi.

Nashrning yozishicha, «yashirin safarbarlik» doirasida praporshik va brigadirlarga qayta tayyorgarlikdan o‘tib, leytenant – vzvod komandiri bo‘lish taklif etilmoqda.

«Tank haydovchilariga katta ehtiyoj bor. Korxonalardan harbiy xizmatga majbur bo‘lgan shaxslar ro‘yxati talab qilinmoqda. Generallar zavodlarga borib, odamlarni urushga tayyorlamoqda», deb yozdi «Nasha Niva».

Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi 18 oktyabr kuni Belarusda «o‘quv mashg‘ulotlari niqobi ostida yashirin safarbarlik tadbirlari o‘tkazilayotgani» va zenit-raketa tizimi operatorlari va tank ekipajlarini tayyorlash jarayoni olib borilayotganini ma’lum qildi.

Mavzuga oid