Hindistonda tutqunlikda qolgan o‘zbek ayollari hukumatdan najot kutmoqda
Kun.uz tahririyatiga 2021 yil Hindistonga ish izlab borib, u yerda odamfurushlar qo‘liga tushib qolgan bir guruh o‘zbekistonlik ayollarning murojaati kelib tushdi.
Videomurojaatda olti nafar ayol ayni damda og‘ir vaziyatda yashayotgani va ularga qullardek munosabatda bo‘lishayotgani, nomusi toptalayotgani bayon qilingan. O‘zini Samarqand viloyatidanman, deb tanishtirgan ayol bir yil avval Hindistonga ishlash uchun borib, u yerda aldov qurboni bo‘lganini aytgan. Uning yonida yana besh nafar o‘zbekistonlik ayol tutqunlikda qolmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, uni o‘z dugonalari – samarqandlik bo‘lgan ikki ayol N.N. hamda Z.J. Hindistonga olib borgan va turkmanistonlik A.J.ga sotib yuborib, pasportini qo‘lidan zo‘rlik bilan olib qo‘yishgan. Shundan so‘ng, ayolni fohishalikka majbur qilishgan.
Murojaatchi ayol o‘ziga o‘xshab u yerda aldanib qolganlar juda ko‘pligini aytmoqda. Ayol o‘z murojaatida Suriyadan olib kelinganlar qatori o‘zlariga ham hukumat yordami berilishiga umid bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Samarqand shahrida uch nafar farzandi bor, ularning ikki nafari hali voyaga yetmagan.
Ushbu holat bo‘yicha O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Dilshod Ahatov bilan bog‘landik. Elchi ayollar taqdiridan xabardor ekanini aytdi. Ayollar Hindistonga noqonuniy tarzda kirib borgani sabab ayni paytda mamlakat huquq-tartibot idoralari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Elchining aytishicha, ayollarga huquqiy yordam berilmoqda, biroq tergov tugamaguniga qadar tutqunlikdagi ayollar mamlakatni tark eta olmaydi, ish yakunlangach, O‘zbekistonga qaytarilishi mumkin.
Murojaatchi ayol o‘zi bilan bog‘lanish uchun kontakt qoldirdi (Kun.uz'da ayolning Telegram-raqami bor) va hukumatdan yordam kutmoqda. O‘z xavfsizligi uchun ism-familiyasini oshkor qilmaslikni so‘radi.
Videotasvirda tutqunda qolayotgan ayolning ayovsiz kaltaklanayotgani ham aks etgan.
Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri,
Montaj ustasi – Faxriddin Xotamov.
Mavzuga oid
20:58 / 19.11.2024
Putin Hindistonga boradi
16:43 / 17.11.2024
Hindiston birinchi gipertovushli raketasini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi
16:50 / 16.11.2024
Hindistonda havo ifloslanishi kuchayib ketganidan Toj Mahal ko‘rinmay qoldi
17:36 / 14.11.2024