Jahon | 22:30 / 24.10.2022
44296
12 daqiqa o‘qiladi

Mag‘lubiyatdan g‘alabagacha. Britaniyaning bo‘lajak bosh vaziri haqida nimalar ma’lum?

Konservativ partiya rahbarligi uchun oldingi raqobatda mag‘lub bo‘lganidan yetti hafta o‘tib Rishi Sunak ikkinchi urinishda g‘alabaga erishdi. Kurashda qolgan yagona raqibi ham poygadan chiqishini e’lon qilgach, u saylovda kamida 100 nafar partiyadoshi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan yagona nomzod bo‘lib qoldi - bu esa uni o‘z-o‘zidan g‘olibga aylantirdi.

PHOTO: ALBERTO PEZZALI/ASSOCIATED PRESS

Shu tariqa, Sunak torilar partiyasi yetakchisiga, rasmiyatchiliklardan keyin esa Buyuk Britaniyaning navbatdagi bosh vaziriga aylanadi.

Avgust oyida sobiq moliya vaziri Rishi Sunak Boris Jonson iste’fosidan keyin boshlangan bosh vazirlik uchun poygadagi favoritlardan biri edi.

Ammo o‘shanda u Konservativ partiyasi a’zolarini ishontira olmagandi: ular Liz Trassni tanlashgan va ma’lum bo‘lishicha, ular adashishgan.

Mamlakatdagi eng yuqori lavozimni egallash uchun ikkinchi urinish muvaffaqiyatli chiqdi, ayniqsa Jonson o‘z nomzodini qaytarib olganidan so‘ng Sunak qarshisida u qadar mashhur va kuchli siyosatchi bo‘lmagan Penni Mordont qolgandi.

Rishi Sunak kim va u qanday rahbar bo‘lishi mumkin?

Yozgi kampaniya davrida Sunak asosiy e’tiborni Buyuk Britaniya iqtisodiyotiga qaratgan va inqirozdan chiqish rejalarini taklif etgandi.

Sunak o‘shanda BBC bilan intervyuda «yolg‘on va’dalar bilan g‘olib bo‘lish»dan ko‘ra, poygada mag‘lubiyatga uchrashni afzal ko‘rishini aytgandi - u bu orqali soliqlarni kamaytirishni va’da qilayotgan raqibi Liz Trassga ishora qilgandi.

Yakunda Trass bosh vazirga aylandi, ammo uning boshqa mablag‘ manbayini ko‘rsatmagan holda soliqlarni qisqartirish bo‘yicha bergan radikal takliflari bozorda shu qadar katta vahima uyg‘otdiki, bir oy o‘tmasdan bu rejadan voz kechishga majbur bo‘ldi.

Natijada yangi Tetcher bo‘lishga uringan Liz Trass bosh vazirlik lavozimidan mahrum bo‘ldi.

Rishi Sunak so‘nggi vaqtlarda bozorlarda kuzatilgan notinchliklar yuzasidan munosabat bildirmadi, u bosh vazirlikka nomzodini mamlakatni «chuqur iqtisodiy inqiroz»dan olib chiqish, shuningdek torilar partiyasini birlashtirish uchun qo‘yganini aytdi.

Yakshanba kuni uning nomzodini Jyeremi Hant qo‘llab-quvvatladi, avvalgi saylovlarda bosh vazirlikka nomzod bo‘lgan Hantni Liz Trass bozordagi vaziyatni o‘nglash uchun moliya vaziri etib tayinlagandi. Hantning so‘zlariga ko‘ra, Sunak mamlakatning «uzoq muddatli farovonligi uchun zarur bo‘lgan tanlovlar»ni amalga oshiradi.

Rishi Sunak britaniyaliklarni «o‘zlariga yordam berish uchun restoranlarda ovqatlanish»ga chaqiradi - bu hukumatning pandemiya davrida restoran-mehmonxonalar biznesiga yordam berish kampaniyasi nomi edi.

Sunak 2020 yil fevralida bosh vazir bo‘lgan va bir necha hafta o‘tib boshlangan pandemiya va davomli lokdaunlar sharoitida Buyuk Britaniya iqtisodiyotini boshqarish zarurati qarshisida qolgandi.

Ichkilik ichmaydigan va ancha yosh bo‘lgan bu yigit - birinchi lokdaun vaqtida u 40 yoshda edi - boshqaruvda ishonchli va mustahkam qo‘l bo‘lib tuyuladi.

2020 yil bahorida u mamlakatga pandemiyani yengib o‘tish uchun talab qiladigan barcha ishni qilishga va’da beradi va fuqarolar hamda biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun jami 350 mlrd funtlik yordam ajratilishini e’lon qiladi. Uning shaxsiy reytingi so‘rovlarda keskin yuqori ko‘tariladi.

Ammo Buyuk Britaniya iqtisodiyoti hamon bo‘ronli edi. Sunakning o‘zini esa 2020 yil iyunida politsiya Dauning-stritda lokdaun qoidalarini buzgani uchun jarimaga tortadi.

Aprel oyida ayrim konservator tanqidchilar millioner Sunak britaniyaliklar duch kelayotgan yashash narxlari o‘sishi ko‘lamini aniq tushuna olishiga shubha bildirishadi.

O‘shanda Sunak va uning oilasining mablag‘lari jamoatchilik diqqat markaziga chiqadi - xuddi uning otasining Hindistondagi Infosys kompaniyasidagi ulushi tufayli oldingi yili 10 mln funtdan ortiq mablag‘ni dividend sifatida olgan rafiqasi Akshata Murtining soliq ishi kabi.

Uni nerezident maqomida Britaniyada soliq to‘lashdan qochishda ayblashadi, Murti xonim esa turmush o‘rtog‘iga siyosiy bosim pasayishi uchun o‘zining xorijdagi daromadlaridan Britaniyada soliq to‘lay boshlaganini e’lon qiladi.

Leyboristlar esa Sunak qachondir «soliq jannatlari»dan foydalangani ehtimoliga qiziqib qolishadi.

Independent gazetasi 2020 yilda Britaniya Virjiniyasi va Kayman orollaridagi trastlarning benefitsiarlari ro‘yxatiga kiritilgani haqidagi hisobotga tayanib, u bunday imkoniyatdan foydalanganini yozib chiqadi. Sunakning vakillari esa u bu ayblovlarni tan olmasligini ma’lum qilishadi.

Rishi Sunak

  • Yoshi: 42 yosh
  • Tug‘ilgan joyi: Sauthempton
  • Yashash joyi: London va Yorkshir
  • Tahsil olgan: Vinchester kolleji, Oksford universiteti, Stenford universiteti
  • Oilasi: Tadbirkor Akshata Murtiga uylangan, ikki qizi bor
  • Parlamentga saylov okrugi: Richmond (Yorkshir grafligi)

Sunakning ota-onasi kelib chiqishiga ko‘ra hindistonliklar bo‘lib, Buyuk Britaniyaga Sharqiy Afrikadan kelishgan.

U 1980 yilda Sauthemptonda tug‘ilgan, bu yerda uning otasi terapevt bo‘lib ishlagan, onasi dorixonaga egalik qilgan va boshqargan.

U badavlat oilalarning farzandlari o‘qiydigan Vinchester kolleji xususiy maktabida ta’lim oladi, yozda esa Sauthemptondagi restoranda ofitsiant bo‘lib ishlaydi. Keyin Sunak falsafa, siyosat va iqtisodiyotni o‘rganish uchun Oksfordga hujjat topshiradi.

Stenford universitetida MVA dasturi bo‘yicha o‘qiyotganida u bo‘lajak rafiqasi - hindistonlik milliarder, IT-xizmatlar sohasidagi ulkan Infosys kompaniyasi asoschisi Narayana Mertining qizi Akshata Murti bilan tanishib qoladi.

Juftlikning ikki qizi bor, avvalgi saylovoldi kampaniyasi chog‘ida Sunak iqlim o‘zgarishlari masalasida gapirar ekan, qizlarini tez-tez eslab o‘tadi. BBC teledebatida global isish haqidagi savolga bir safar uyida bu borada mutaxassis bo‘lgan yosh qizlarining maslahatiga quloq tutganini aytadi.

2001 yildan 2004 yilga qadar Sunak Goldman Sachs’da tahlilchi bo‘lib ishlagan, keyin esa ikkita hedj-fondda hamkor bo‘lgan.

U parlamentdagi eng badavlat deputatlardan sanaladi, ammo o‘z boyligi haqida oshkora fikr bildirmaydi.

Sunakning boyligi va nufuzli xususiy maktabda o‘qigani ham tez-tez muhokamalar markazida bo‘lib turadi.

Sky News telekompaniyasi boshlovchisi Key Berli undan bosh vazir bo‘lish uchun u haddan tashqari badavlat odam hisoblanishi haqidagi da’volarga munosabatini so‘raydi. Bunga javoban Sunak inflatsiya barcha fuqarolarga zarba bergani, u esa oldingi saylovlardagi dasturida Liz Trassdan farqli o‘laroq birinchi navbatda kam ta’minlanganlarga yordam ko‘rsatishga e’tibor qaratganini eslatadi.

2015 yilda Sunak Yorkshirdagi Richmond shahridan parlament a’zoligiga saylanadi va Tereza Mey hukumatida kichikroq lavozimni (vazir yordamchisi) egallaydi. Keyingi bosh vazir Boris Jonson esa uni g‘aznachilik bosh kotibi etib tayinlaydi.

2020 yil fevralida u moliya vaziri etib tayinlanadi va dastlab Jonsonni faol qo‘llab-quvvatlaydi, ammo keyin iste’foga chiqib, uning iqtisodiyotga bo‘lgan yondashuvi bosh vazirnikidan tubdan farq qiladi deb hisoblashini aytadi.

Saylovoldi kampaniyasi davrida Sunak Jonsonga sodiq bo‘lgani, ammo uning hukumati jiddiy axloqiy masalalarda «boshqa tomonda turgani» uchun iste’foga chiqqanini aytadi.

Sajid Javid Dauning-stritda hokimiyat uchun kurashda yutqazgach, moliya vazirligidan ketgan va uning o‘rnini Sunak egallagandi.
Foto: HM TREASURY

Sunak - Brexit tarafdori bo‘lgan va Buyuk Britaniya Yevroittifoqdan chiqishi uchun ovoz bergan. Yorkshire Post gazetasiga bergan intervyusida u bu qadam Buyuk Britaniyani yanada erkin, adolatli va farovon qilishiga ishonishini bildirgan.

Uni Brexit uchun ovoz berishga undagan yana bir sabab migratsiya bo‘lgan.

«Men savodlilar qatlami immigratsiyasi mamlakatimizga foyda keltirishi mumkinligiga ishonaman. Ammo biz o‘z chegaralarimizni nazorat qilishimiz kerak», degan u.

Sunak Tereza Mey Yevroittifoqdan ajralib chiqish haqidagi taklifni parlament muhokamasiga qo‘yganida uch safar ham «ha» deb ovoz bergan.

Identifikatsiya ahamiyatga ega

Sunak Buyuk Britaniyada tug‘ilgan, ammo ildizlari boshqa mamlakatlarga taqaladigan immigrantlar avlodiga mansub.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zlik uning uchun ahamiyatga ega.

2019 yilda BBC uchun bergan intervyusida Sunak shunday degan: «Madaniy tarbiya nuqtayi nazaridan dam olish kunlari ibodatxonaga boraman - men hinduistman - ammo shanba kunlari futbolga ham boraman».

Intervyuda u omadi kelgani, bolaligida irqchilik holatlariga duch kelmaganini aytadi, ammo u butun umrga eslab qolgan bir hodisa bo‘lgan.

«Men kichik ukam va kichik singlim bilan shunchaki aylanib yurardim, men yoshlikdan bahra olardim, taxminan o‘n besh yoshlarda edim, biz fastfud-restoranga kirgandik va men shunchaki ularni olib yurgandim. Yonimizda odamlar o‘tirardi, bunaqa holatga birinchi bor to‘qnashishim edi, ular juda yoqimsiz gaplarni aytishardi. «P» harfidagi so‘z (Hindistondan kelgan odamlarni anglatuvchi jargon so‘z). Bu juda og‘riqli edi. Men shu vaqtgacha buni eslab yuraman. Bu mening xotiramga o‘rnashib qolgan. Odamni turlicha haqorat qilishlari mumkin».

Ammo u bugungi kunda Buyuk Britaniyada bu kabi holat bo‘lishini tasavvur qila olmasligini qo‘shimcha qilgan.

«Men Kiyevga uchaman»

«Agar men bosh vazir bo‘lsam, sa’y-harakatlarimizni ikki barobar oshiraman va Ukrainani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash siyosatimizni kuchaytiraman», deya va’da bergandi  Sunak yozgi kampaniya vaqtida.

«Prezident Zelenskiy, Ukrainaning jasur fuqarosi, shubha qilmang: yaqin haftalarda bu yerda nimalar bo‘lishidan qat’i nazar, Birlashgan Qirollik sizning eng kuchli ittifoqchingiz bo‘lib qoladi», degandi u.

Sunak uning bosh vazir sifatidagi ilk xorijiy safari Kiyevga bo‘lishini ham aytgan.

24 avgust kuni Ukraina mustaqilligi kunida Sunak ingliz tilida nashr qilinadigan Kyiv Post gazetasida Ukraina xalqiga maktubini e’lon qilgandi, unda nima ro‘y bermasin, Britaniya Ukrainaning eng barqaror va eng kuchli ittifoqchisi bo‘lib qolishi va’da qilingandi.

Harbiy harakatlar boshlanganidan buyon, o‘sha vaqtda moliya vaziri bo‘lgan Sunak ochiqchasiga Kiyevni qo‘llab-quvvatlagan, shu bilan birga bunday qo‘llab-quvvatlov Britaniya budjetiga arzonga tushmayotganini tan olgan.

Ammo ayrim tahlilchilar qayd etishicha, qish yaqinlashayotgani, energiya narxi oshishi va Britaniya iqtisodiyotining umumiy ahvoli yomonlashgani sababli bu qo‘llab-quvvatlov yana qancha davom etishi va qanday hajmda bo‘lishini oldindan aytish qiyin.

Mavzuga oid