O‘zbekiston | 11:42 / 24.10.2022
31980
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryo viloyati hokimining qonunchilikka zid qarori bekor bo‘ldi

To‘ra Bobolov tomonidan hukumat qaroriga zid ravishda Bandixon tuman hokimligiga “Skoda Kodiaq Ambition” rusumli xizmat mashinasini xarid qilish uchun 429 mln so‘m o‘tkazish to‘g‘risida farmoyish imzolangan.

Foto: KUN.UZ

Ijtimoiy tarmoqlarda 2022 yil 18 oktyabr kuni Surxondaryo viloyati hokimi Bandixon tuman hokimligiga “Skoda Kodiaq Ambition” rusumli xizmat mashinasini xarid qilish uchun 429 mln so‘m o‘tkazish to‘g‘risida 23-8-0-F/22-sonli farmoyishni imzolagani haqida xabarlar tarqaldi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan mazkur farmoyish o‘rganilgan. O‘rganish davomida Bandixon tumani hokimligiga sotib olinishi rejalashtirilgan xizmat mashinasining narxi hukumat qarorida belgilangan me’yorlarga zid bo‘lgani aniqlangan. 

Shu munosabat bilan Agentlik viloyat hokimligiga tegishli farmoyishini bekor qilish yuzasidan taqdimnoma kiritilgan hamda mazkur farmoyish bekor qilingan.

Avvalroq, Qashqadaryo viloyati hokimining Chiroqchi tumani hokimligi moddiy-texnika bazasini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida qarori qabul qilingandi.

Qarorga ko‘ra, viloyat hokimligi balansidagi, 2018 yilda ishlab chiqarilgan Captiva-4 xizmat mashinasi belgilangan tartibda viloyat hokimligi balansidan Chiroqchi tumani hokimligi balansiga beg‘araz tartibda o‘tkazib berilgandi.

Ma’lumot uchun, hukumat qarori bilan belgilangan me’yorlarga ko‘ra, tuman va shahar hokimliklarining rahbarlariga sotib olishga ruxsat etilgan xizmat avtotransportining eng yuqori narxi BHMga nisbatan 1000 barobari (300 mln so‘m), rahbar o‘rinbosarlariga esa bazaviy hisoblash miqdoriga nisbatan 700 barobari (210 mln so‘m) etib belgilangan.

Mavzuga oid