Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Vladimir Norov Seulda Pan Gi Mun bilan uchrashdi
«Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» 15-hamkorlik forumida ishtirok etish uchun Seul shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Global yashil o‘sish instituti (GGGI) assambleyasi raisi, BMT sobiq bosh kotibi Pan Gi Mun bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Global yashil o‘sish instituti o‘rtasidagi hamkorlik bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. 2022 yil fevral oyida O‘zbekistonda GGGI vakolatxonasini ochilgani muhimligi ta’kidlandi. Bu ilg‘or xalqaro tajriba, Janubiy Koreya tajribasiga asoslangan holda iqlim o‘zgarishi jarayonlarini jilovlash, «yashil» texnologiyalar va «yashil» iqtisodiyotni rivojlantirish, sanoatni dekarbonizatsiya qilish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar ochadi.
Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) va GGGI o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq, bugungi kunda qiymati 5,9 million AQSh dollari bo‘lgan Orol dengizi inqirozi oqibatlarini bartaraf etish uchun Orolbo‘yi mintaqasini yashil qayta tiklashga yo‘naltirilgan loyiha amalga oshirilmoqda. Orolbo‘yida «yashil» agrosanoat va qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Pan Gi Mun Markaziy Osiyo ekologik muammolaridan yaxshi xabardor ekanini, Orolbo‘yida bir necha bor bo‘lganini, Orol dengizi qurishi falokatli oqibatlari bilan shaxsan tanishganini ta’kidladi.
U O‘zbekiston prezidenti tomonidan ilgari surilgan keng ko‘lamli «yashil makon» umummilliy tashabbusi, mamlakatda qabul qilingan «yashil» iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha strategiya hamda qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish dasturiga alohida e’tibor qaratdi.