Jamiyat | 17:59 / 25.10.2022
33760
7 daqiqa o‘qiladi

Uy olishdagi xatolar

O‘zbekistonda, umuman butun dunyoda ham juda ko‘pchilik turar joy, oddiy tilda aytganda uy sotib olishni orzu qilib yashaydi. Deydilar-ku, dunyo aholisining yarmi uy olishni, yarmi bor uyini kengaytirishni o‘ylaydi. Ammo bilamizki, bu borada faqat niyatning o‘zi bilan ish bitmaydi. Ko‘chmas mulk xaridi uchun sarmoya bilan birga, ma’lum darajada qat’iyat ham zarur.

Aynan mana shu qat’iyat masalasida yurtdoshlarimiz ko‘p xato qilib qo‘yishadi. To‘g‘rirog‘i, yetti emas, yetmish o‘lchab yuborib, yaxshi imkoniyatlarni yo‘qqa chiqarishadi. Bugun ana shu xatolar haqida oddiy tilda hikoya qilamiz.

“Shoshmay turaylik-chi...”

Oxirgi o‘n yilliklarda juda ko‘pchilikni chalg‘itgan, maqsadni uzoqlashtirgan pozitsiya. Misol uchun, ko‘p insonlar bor, 20 ming dollar to‘plagan, lekin eng arzon uy (deylik) 25 ming dollar (eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ko‘chmas mulk xaridi asosan AQSh dollarida amalga oshiriladi). Qarz olishni istamaydi, buning ustiga 25 ming dollarlik uyni yoqtirmaydi, hatto pisand qilmaydi va kamida 30 mingdan ortiq uylarga havas qiladi.

“Shoshmay turaylik-chi” pozitsiyasiga o‘tilishi, qolgan pulni to‘plash niyat qilinishi bilan yutqizish boshlanadi. Tendensiya shundayki, uy narxi oshaveradi; 30 ming to‘planguncha 25 minglik uylar 35 ming dollarga chiqib ketadi. Yig‘ilgan pul qadrini ancha yo‘qotadi. Ham vaqtdan, ham narxdan yutqaziladi.

Maslahat shuki, uyning ma’qul qismini to‘pladingizmi, dadil qarz oling. Ishoning, hatto uy narxi tushib ketsayam, zarar qilmaysiz. Chunki o‘z uyida yashagan odamning topganiga baraka beradi, qarzdan ham tez qutulasiz.

Eng muhimi – imkoniyatingizga yarashasini olib turib, qolganiga yana yig‘insangiz, hech qachon yutqazmaysiz. Ya’ni bor pulingizga xarid qilib tursangiz, kelajakda kengaytirib olish dastlabkisini olish kabi qiyin kechmaydi.

“Ta’mirsiz bo‘lsayam, arzon bo‘lsin”

Millatdoshlarimiz shu gapni aytishni juda yaxshi ko‘rishadi. Negadir ta’mirsiz uy juda arzon bo‘lishiga, o‘zi ta’mirlashi hisobiga ancha mablag‘ tejab qolishiga ishonishadi. Yaxshi ta’mirlangan uyni ko‘rsatib: “Mana shu uy ta’miriga 5 ming dollar sarflangan, shuning hisobiga narxi 40 ming. Lekin siz 2-3 ming yutaman deb ta’mirsizini qidiryapsiz. Unday uyni olganingizdan keyin 5 ming bilan ham ta’mirlay olmaysiz, kamiga 2-3 oy ovora bo‘lasiz. 2-3 oylik ijara puliyam 500-600 dollar bo‘lib qoladi, bu tomondan ham yutqazasiz” deyilsa ham befoyda.

Bugungi kunda bitta uyni to‘liq ta’mirlash anchagina qimmatga tushadi. Kamida 3-4 va undan ortiq xonadonni uzluksiz ta’mirlash orqaligina tannarxni kamaytirish mumkin. Qolaversa, muntazam shug‘ullanib yurmagan odam bo‘lsa, juda ko‘p ovora bo‘ladi, ortiqcha xarajat qiladi. Shuning uchun ta’mirsiz uyni ataylab qidirishni, o‘zi ta’mirlab olish orqali bu xariddan nimadir yutishni o‘ylashni tavsiya qilmaymiz. Juda qiyin reja bu.

“Shoshilinch sotadiganlar bo‘ladi-ku...”

Bo‘lmaydi. Ishoning, mo‘jiza yuz berib, bozorda 30 ming dollar turadigan uyni hech kim 20 mingga sotib ketmaydi. Hatto 29 mingga sotishni ham o‘ylab ko‘radi. To‘qsoninchi yillar o‘tib bo‘ldi, uyini ko‘targaniga sotib Rossiyaga yoki boshqa davlatga ketadiganlar ham qolmadi hisob. Qolaversa, ko‘chmas mulkka pul tikishga tayyor turgan puldorlar har mahalla, har ko‘chada bor endi. Har qancha shoshilinch sotadigan ham hech qachon yarim narxi tugul chorakkam arzoniga bermaydi. 3-5 foizga arzoniga sotgan taqdirda ham o‘sha puldorlar orasida talash bo‘lib ketadi. Chunki juda ko‘pchilik ko‘chmas mulk yaxshi investitsiya ekanini allaqachon tushunib yetgan.

Siz qayerdandir yetib kelib, uni ko‘rib, qarindosh-urug‘ bilan maslahatni pishirib, pul qidirib ketguningizcha tayyor mablag‘ bilan kelib shartta olib qo‘yadigan chiqadi.

Qolaversa, hozir oldi-sotdini rasmiylashtirish ham juda oson bo‘lib qolgan. Kelishilsa, bir soat ichida barchasini amalga oshirib, uy egasi bo‘lish mumkin.

“Biz bir maslahat qilaylik-chi, kartoshka olmayapmiz-ku!”

Ayrim xaridorlar bor, uy har jihatdan yoqib turibdi. Lekin albatta “shahar ko‘rgan” bir tanishini maslahatga chaqiradi. Ammo biznikilarda bir odat bor, maslahatga kelgandan keyin ishning yaxshi tomonga bitishini emas, aybini qidiradi. “Niyatingizga yetyapsiz ekan, sizga yoqqan bo‘lsa, menga ham yoqdi”, deya qolmaydi. “Qimmatroq emasmi, shoshmang-chi... Bu yerlar chekkaroq, yaxshiroq joydan chiqmadimi... Menga farqi yo‘q, o‘zingiz bilasiz...” deb xaridorning ko‘nglini xijil qiladi.

Yana er-xotin, qarindosh-urug‘lar to‘planib maslahat qilaverishadi, qilaverishadi... Lekin ularning boshi qovushguncha uylar sotilib ketaveradi.

“Narxlar tushmasmikin, shuncha uylar qurilyapti-ku”

Ko‘pchilikning tasavvurida uylar juda ko‘p qurilyapti va bu ertami-kechmi narx tushishiga sabab bo‘ladi. Aslida uylar qurilayotgani sababi ham yuqori talab. O‘zbekiston – mustaqillik yillarida aholisi deyarli ikki barobar ko‘paygan davlat. Qolaversa, oldingidek bir hovlida 2-3 nafar aka-uka yashash an’analari yo‘qolib bormoqda, hamma alohida boshpanaga ega bo‘lishni istaydi.

Qurilish materiallari bahosi ortyapti, inflatsiya kuchaymoqda. Ko‘pchilik tan olishni istamasa-da, aholining tobora ko‘proq qatlamida daromadlar oshyapti. Tadbirkorlik, xorijdan pul oqimi ko‘payyapti. Bunday paytlarda eng ishonchli mulk turar joy ekanini hamma biladi.

To‘g‘ri, hech qanday mahsulot narxi abadiy oshishi mumkin emas. Shu jumladan ko‘chmas mulk bahosi ham tushishi mumkin. Lekin bu O‘zbekiston sharoitida ko‘chmas mulkka talab pasaygani bilan emas, umumiqtisodiy pasayish bilan izohlanishi mumkin. Ya’ni oddiy til bilan aytadigan bo‘lsak – uy narxi tushganda uni sotib olish ham qiyinlashadi: “Tuya bir tanga, qani bir tanga” holati yuz beradi.

Bu uy olishni ortga surib, imkoniyatni pasaytirib yuborayotganlarga tegishli. Ma’lum mablag‘ingiz va zaruriyatingiz bormi, ko‘nglingizga yoqadigan uy chiqdimi, ko‘p o‘ylanmang va shartta oling. Yillar tajribasi shuni ko‘rsatib bo‘lgan – temirni qizig‘ida bosish zarur!

Abror Zohidov

Mavzuga oid