Jahon | 08:23 / 27.10.2022
9894
3 daqiqa o‘qiladi

Eronda shialar ziyoratgohiga qilingan hujumda 15 kishi halok bo‘ldi

Eron janubidagi Sheroz shahrida Shoh Cherax maqbarasi ziyoratchilariga uch nafar terrorchi hujum qildi. Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 15 kishi halok bo‘lgan, 40 kishi yaralangan. IShID javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi.

Foto: AFP

26 oktyabr, chorshanba kuni soat 17:45 lar atrofida Eron janubidagi Sheroz shahrida shialarning muqaddas qadamjosi bo‘lgan Shoh Cherax maqbarasiga qurolli uch kishi hujum qildi, deb xabar bermoqda Eron davlat axborot agentligi IRNA. Natijada kamida 15 kishi halok bo‘ldi. Fars News Agency xabariga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida bir ayol va ikki bola bor. Ziyoratgohga tashrif buyurgan 40 kishi jarohatlangan.

Ikki hujumchi politsiya tomonidan qo‘lga olingan, uchinchisi qochishga muvaffaq bo‘lgan. Eronning boshqa bir nashri Nour news avvalroq bu uchala shaxs ham eronlik emasligini xabar qilgan edi. Hujum uchun javobgarlikni IShID terrorchilik guruhi o‘z zimmasiga oldi, bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozgan.

Eron prezidenti Ibrohim Raisiy Sheroz hujumini zo‘ravonlik yo‘li bilan «xalqni bo‘lishga» urinish ekanligini aytdi. «Yomonlik, albatta, jazosiz qolmaydi, xavfsizlik va huquq-tartibot kuchlari hujumni uyushtirganlarga saboq beradi», - deya Raisiy so‘zlarini keltiradi Tasnim.

Sherozdagi terakt butun mamlakat bo‘ylab 22 yoshli kurd qizi Mahsa Aminiyning o‘limiga qarshi bir oydan ortiq davom etayotgan namoyishlar fonida sodir bo‘ldi. U 13 sentabr kuni Tehronda politsiya tomonidan hibsga olingan va bir necha kundan keyin shifoxonada vafot etgan. Yaqinlarining so‘zlariga ko‘ra, o‘limga hibsxona vaqtidagi kaltaklar sabab bo‘lgan. Politsiya zo‘ravonligiga qarshi boshlangan norozilik namoyishlari hukumatga qarshi namoyishlarga aylandi.

Iran Human Righs (IHR) ma’lumotlariga ko‘ra, Eronning turli shaharlarida o‘tkazilgan namoyishlar chog‘ida 240 kishi halok bo‘lgan. Hibsga olishlar davom etmoqda: poytaxtda allaqachon 300 dan ortiq odam «mamlakat xavfsizligiga putur yetkazish maqsadida yig‘ilish va til biriktirish», «hukumatga qarshi tashviqot qilish», «jamoat tartibi va tinchligini buzish»da ayblangan.

Mavzuga oid