Jahon | 09:31 / 28.10.2022
3558
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh milliy mudofaa strategiyasida Rossiyani «o‘tkir tahdid» deb belgiladi

Pentagonning ta’kidlashicha, Rossiya uzoq muddatda Qo‘shma Shtatlarga e’tiroz bildira olmaydi va asosiy tahdid Xitoydan keladi.

Foto: Picture Alliance

AQShning yangi mudofaa strategiyasida Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi fonida «o‘tkir tahdid» deb ataldi. Hujjatning yangi tahriri 27 oktyabr, payshanba kuni Pentagon saytida e’lon qilindi.

«So‘nggi voqealar Rossiya tomonidan kelayotgan keskin tahdidni ko‘rsatmoqda. Rossiya hukumati qo‘shnilarining mustaqilligini mensimagan holda, chegaralarni o‘zgartirish va imperialistik tuzumni tiklash uchun kuch ishlatishga harakat qilmoqda», deyiladi hujjatda.

«Xitoydan farqli o‘laroq, Rossiya uzoq muddatda AQShga tizimli ravishda e’tiroz bildira olmaydi. Lekin Rossiya agressiyasi bizning manfaatlarimiz va qadriyatlarimizga to‘g‘ridan to‘g‘ri va keskin tahdiddir», - dedi AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin.

Hujjatda Rossiyadan keladigan xavflar qatorida AQShning o‘ziga ham, uning ittifoqchilari va hamkorlariga ham yadroviy tahdid, uzoq masofaga uchuvchi qanotli raketalar tahdidi, kiber va axborot tahdidlari, kimyoviy va biologik qurollar tahdidi sanab o‘tilgan.

AQShning yangi mudofaa strategiyasida aytilishicha, Xitoy «Qo‘shma Shtatlarga barcha jabhalarda, harbiy, iqtisodiy, texnologik va diplomatik jihatdan tizimli ravishda qarshilik ko‘rsatish niyati va qobiliyatiga ega yagona raqobatchidir».

Hujjatda Xitoy «AQSh milliy xavfsizligiga eng jiddiy tahdid» va «strategik raqobatchi» deb ataladi. Alohida ravishda «XXRning tobora kuchayib borayotgan provokatsion ritorikasi va Tayvanga qarshi majburlov harakatlari» qayd etilgan, ular «beqarorlashtiruvchi» va «Tayvan bo‘g‘ozidagi tinchlik va barqarorlikka tahdid» deyiladi.

Bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlar Xitoyning «yadro salohiyatini modernizatsiya qilish va kengaytirish»ga e’tibor qaratdi. «XXR AQShning Hind-Tinch okeani mintaqasidagi xavfsizlik ittifoqlari va sherikliklariga putur yetkazishga va o‘zining o‘sib borayotgan imkoniyatlaridan, jumladan, iqtisodiy ta’siri va harbiy qudratidan qo‘shnilarini majburlash va ularning manfaatlariga tahdid solish uchun foydalanishga intiladi», deyiladi strategiyada.

2030 yillarga kelib, Qo‘shma Shtatlar «tarixida birinchi marta strategik raqiblar va potensial dushmanlar sifatida ikkita yirik yadroviy kuchga duch keladi», bu «barqarorlik uchun yangi stresslar va to‘sqinlik, xavfsizlik choralari, qurollarni nazorat qilish va xavflarni kamaytirish uchun yangi muammolarni keltirib chiqaradi», deyiladi hujjatda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid