Jahon | 22:39 / 28.10.2022
12481
2 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniya 2023 yildan boshlab Rossiya gazi importini to‘xtatadi 

Buyuk Britaniya hukumati 2023 yil 1 yanvardan boshlab Rossiyadan suyultirilgan gaz importini taqiqlaydi.  

Foto: TASS

Bu haqda Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirligi xabarida aytildi. 

«Buyuk Britaniya 2023 yil 1 yanvardan boshlab Rossiyadan suyultirilgan gaz importini butunlay to‘xtatadi va butun dunyo mamlakatlariga Rossiya gaziga qaramlikni kamaytirishda yordam beradi. Biz Putinni noqonuniy urushga mablag‘dan mahrum qilamiz», deyiladi bayonotda. 

Avvalroq Britaniya rasmiylari yil oxirigacha Rossiyadan yoqilg‘i importini to‘xtatishini ma’lum qilgan edi. 

2021 yil holatiga ko‘ra, Buyuk Britaniya bozoriga kiradigan gazning deyarli yarmi Shimoliy dengiz shelfidan qazib olingan edi. Mamlakatga eng ko‘p gaz eksport qiluvchi davlat Norvegiya hisoblanadi. Shu bilan birga, importning qariyb 17 foizini suyultirilgan tabiiy gaz tashkil qiladi, ularning asosiy qismi Qatar, AQSh va Rossiya tomonidan yetkazib beriladi. 

O‘tgan yili Buyuk Britaniya Rossiyadan 3,12 mlrd kubometr gaz import qilgan edi — bu turdagi yoqilg‘i umumiy iste’molining 4 foizini. Iyun oyida Buyuk Britaniya Rossiyadan gaz importini 2021 yilga nisbatan 75 foizga qisqartirgani haqida xabar berdi. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid