O‘zbekiston | 12:57 / 29.10.2022
11909
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Mehnat kodeksi yangi tahrirda qabul qilindi

“O‘zbekiston Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun prezident tomonidan imzolandi.

Kodeksga ko‘ra, yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar va ular bilan bevosita bog‘liq ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish asosiy prinsiplari etib quyidagilar belgilandi:

  • mehnat huquqlari tengligi, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash;
  • mehnat erkinligi va majburiy mehnatni taqiqlash;
  • mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik;
  • mehnat huquqlari ta’minlanishi va mehnat majburiyatlari bajarilishi kafolatlangani;
  • xodim huquqiy holati yomonlashishiga yo‘l qo‘yilmasligi.

Mehnat erkinligi har kimning mehnat qilishga bo‘lgan o‘z qobiliyatlarini tasarruf etish, ularni qonun bilan taqiqlanmagan har qanday shaklda amalga oshirish, mashg‘ulot turini, kasbni va mutaxassislikni, ish joyini hamda mehnat sharoitlarini erkin tanlash huquqini anglatadi.

Davlat aholi ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlarni ta’minlaydi.

Bunda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari jumlasiga quyidagilar kiradi:

  • 14 yoshga to‘lmagan bolalari, nogironligi bo‘lgan bolalari bor yolg‘iz ota-ona, ko‘p bolali oilalardagi ota-onalar;
  • umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlarini, kasb-hunar maktablari va kollejlari hamda texnikumlarini tamomlab, kasbga ega bo‘lgan yoshlar;
  • “Mehribonlik” uylari bitiruvchilari, oliy ta’lim tashkilotlari davlat grantlari bo‘yicha ta’lim olgan bitiruvchilari;
  • Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati qo‘shinlaridagi muddatli harbiy xizmatdan bo‘shatilgan shaxslar; 
  • nogironligi bo‘lgan shaxslar;
  • pensiyaoldi yoshidagi shaxslar (qonunda belgilangan pensiya yoshiga qadar ikki yil oldin); 
  • jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslar yoki sud qaroriga ko‘ra o‘ziga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilgan shaxslar; 
  • odam savdosidan jabrlanganlar.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 6 oy o‘tgach kuchga kiradi.

Mavzuga oid