Jahon | 15:07 / 31.10.2022
15772
4 daqiqa o‘qiladi

Eng halokatli ko‘prik qulashlari: ularning aksariyati Hindistonda ro‘y bergan

30 oktyabr kuni Hindistonning g‘arbiy qismidagi osma ko‘prik qulashi oqibatida kamida 141 nafar inson halok bo‘ldi. Halok bo‘lganlar soni yanada ortishi mumkin. Chunki bedarak ketganlar ham bor.

Foto: Arirang news

TASS 2008 yildan buyon ko‘prik qulashi oqibatida insonlar ko‘p o‘lgan falokatlarni sanab o‘tdi. Halokatlarning aksar qismi Hindistonda ro‘y bergani diqqatga sazovor.

2008 yilning 16 noyabrida Hindistonning Jammu va Kashmir muzofoti Uri shahri yaqinida tog‘da qurilayotgan ko‘prik sinov chog‘ida qulagan. 28 kishi vafot etgan. Halokatga sabab qilib ko‘prik konstruksiyasidagi nuqsonlar ko‘rsatilgan.

Kashmirdagi ko‘prik qulashi. Foto: dailexcelsior.com

2011 yilning 23 oktyabrida Hindistonning Bijanbari shahri (mamlakat sharqidagi G‘arbiy Bengaliya shtati)da osma yog‘och ko‘prik qulashi oqibatida 31 kishi vafot etgan va 100 dan ortiq inson mayib bo‘lgan. Qulashdan oldin ko‘prik ustida mahalliy siyosiy yetakchilar tomonidan miting o‘tkazilayotgan edi.

Bijanbaridagi osma yog‘och ko‘prik qulashi oqibatlari: Foto: bienpublic.com

2011 yilning 26 noyabrida Indoneziyaning Borneo orolida Mahakam daryosi uzra 710 metrli Kutay Kartanegara osma ko‘prigi uzilib tushadi. Ko‘prik 2001 yilda qurilgan edi. Avariyaga sabab qilib, ta’mirlash ishlaridagi xatolar ko‘rsatilgan. 38 kishi halok bo‘lgan. Ko‘prik 2015 yilga kelib qayta tiklangan.

Kutay Kartanegara osma ko‘prigining qulashi. Foto: hotnews.ro

2015 yilning 31 martida Hindistonning Kolkatta shahrida qurilayotgan estakadaning 150 metrli qismi qulab tushadi. Konstruksiya mashinalar ustiga qulagan va bosib qolganlarning 27 nafari vafot etgan.

Kolkatta (Kalkutta) shahridagi estakada qulashi. Foto: BBC

2018 yilning 14 avgustida Italiyaning Genuya shahrida Morandi avtomobil ko‘prigi (viaduk) qulab tushadi. Ko‘prik qulashidan oldin unda 30 ta yengil mashina va uchta yuk mashinasi bo‘lgan. Voqea 43 nafar qurbonga sabab bo‘lgan. Halokatga inshootga texnik xizmat ko‘rsatish juda yomon tashkil qilingani sabab ro‘y bergan: uning muhim elementlari 25 yildan ortiq ta’mirlanmagan. 2019-2020 yillarda buzib tashlangan Morandi viaduki o‘rnidan yangi San-Jorjo ko‘prigi qurilgan.

Genuyadagi qulagan viaduk. Foto: nytimes.com

2021 yilning 3 mayida Meksika poytaxti Mexiko shahri janubidagi «Olivos» bekati yaqinida metropolitenning 12-liniyasi poyezdi yo‘l o‘tkazgich ko‘prik bilan birga qulagan. Konstruksiyalar 10 metr balandlikdan avtomobil yo‘liga qulab tushgan. Favqulodda hodisa oqibatida 26 kishi o‘lgan, 79 kishi jarohatlangan. Yerusti transporti tizimi rahbariyati bergan ma’lumotlarga ko‘ra, metro ko‘prigi 2019 yilda to‘liq tekshiruvdan o‘tkazilgan, 2020 yilda qo‘shimcha tekshiruv ham tashkillashtirilgan. O‘shanda hech qanday jiddiy muammolar topilmagan.

Mexikodagi metro ko‘prigi qulashi. Foto: nbcnews.com

XXI asrda eng ko‘p qurbon keltirib chiqargan ko‘prik qulashi 2005 yilning 29 oktyabrida Hindistonning Valukodu shahri (mamlakat sharqidagi Andhra-Pradesh shtati) yaqinida ro‘y beradi.

Musson yomg‘irlari Chinneru daryosining bo‘g‘ib qurilgan suv ombori to‘g‘onini yuvib yuboradi. Katta suv oqimi shu daryo uzra qurilgan temiryo‘l ko‘prigi seksiyalaridan birini vayron qiladi. Tez orada zarar yetgan ko‘prikdan lokomotiv va hindlarning Divali bayramidan qaytayotgan insonlar bilan liq to‘la yettita vagon qulaydi. Vagonlardan ayrimlari to‘liq suvga g‘arq bo‘ladi. Qutqaruv operatsiyasida hattoki Hindiston harbiy dengiz kuchlarining g‘avvoslari ham ishtirok etadi. Cho‘kib ketgan vagonlardan «havo xaltalari» sharofati bilan jon saqlab qololgan bor-yo‘g‘i 10 kishi qutqariladi. 114 kishi qurbon bo‘ladi, 200 ga yaqin kishi turli darajada tan jarohatlari oladi.

Chinnuri daryosidagi fojia. Foto: BBC

Mavzuga oid