O‘zbekiston | 07:37 / 07.11.2022
21403
6 daqiqa o‘qiladi

Bojxonachilar va ularning oila a’zolariga pensiya to‘lash tartibi e’lon qilindi

Foto: Kun.uz

“O‘zbekiston davlat bojxona xizmati organlari xodimlariga hamda ular oila a’zolariga pensiya va nafaqa to‘lash tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

Nizomga muvofiq bojxona organlarida serjantlar va ofitserlar tarkibida xizmat qilgan O‘zbekiston hududida yashovchi shaxslar pensiya olish huquqiga ega. Bojxona organlari xodimlari yoki ular oila a’zolariga pensiya quyidagi turlari tayinlanadi: a) xizmat muddatini o‘tagani bo‘yicha pensiya (uni olish huquqi mavjud bo‘lganda); b) nogironlik pensiyasi; v) boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi.

Bojxona organlari pensioneri vafot etgani munosabati bilan dafn etish marosimi uchun uning oila a’zolariga bir martalik nafaqa tayinlanadi. Vafot etgan bojxona organi pensioner oila a’zolari nafaqa olish uchun murojaat etmagan holatlarda dafn marosimini o‘tkazgan shaxsga tayinlanadi. 

Quyidagilar xizmat muddatini o‘tagani bo‘yicha pensiya olish huquqiga ega:

  • bojxona organlari xizmatidan bo‘shatilgan kunda harbiy xizmat, ichki ishlar va bojxona organlaridagi xizmat davri, Bojxona instituti, Davlat bojxona qo‘mitasi sobiq Bojxona kolleji, O‘zbekiston oliy-harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalarida o‘qish, Qurolli Kuchlarda muddatli harbiy xizmat yoki safarbarlik chaqiruv rezervidagi xizmatni o‘tash davrlari kalendar hisobida yigirma yil va undan ortiq bo‘lgan;
  • umumiy ish staji kalendar hisobida yigirma besh yil hamda undan ortiq bo‘lib, undan o‘n ikki yil olti oyidan kam bo‘lmagan qismi harbiy xizmat va (yoki) ichki ishlar, bojxona organlarida xizmat qilgan davrga ega, xizmatda bo‘lish belgilangan chegara yoshiga to‘lgani, kasalligi, sog‘lig‘i bois yoki tashkiliy-shtatlar o‘zgarishi sababli xizmatdan bo‘shatilgan va shu kunda xizmatda bo‘lish belgilangan chegara yoshiga to‘lgan shaxslar.

Xizmat muddatini o‘tagani bo‘yicha pensiya quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

a) xizmat muddatini o‘tagani bo‘yicha pensiya tayinlanganda:

  • yigirma yillik xizmat uchun – tegishli pul ta’minoti miqdori qirq foizi, xizmatda bo‘lish belgilangan chegara yoshiga to‘lgani, kasalligi, sog‘lig‘i bois xizmatdan iste’foga bo‘shaganlarga esa – qirq besh foizi;
  • yigirma yildan ortiq har bir to‘liq xizmat yili uchun – tegishli pul ta’minoti miqdori uch foizi, lekin ushbu miqdor yetmish besh foizidan oshmagan holda.

b) mehnat stajini hisobga olib xizmat muddatini o‘tagani bo‘yicha pensiya tayinlanganda:

  • yigirma besh yillik umumiy mehnat staji uchun – tegishli pul ta’minoti miqdori qirq foizi;
  • yigirma besh yildan ortiq har bir to‘liq yil uchun – tegishli pul ta’minoti miqdori bir foizi.

Alohida toifadagi shaxslarga tayinlanadigan xizmat muddatini o‘tagani bo‘yicha pensiyaga quyidagi ustama haqlar belgilanadi:

  • I va II guruh nogironlari bo‘lgan yoxud urush qatnashchilari hamda ularga tenglashtirilgan shaxslarga, agar ular ko‘p miqdordagi nogironlik pensiyasi olish huquqiga ega bo‘lmasa yoshga doir eng kam pensiya 150 foizi miqdorida pensionerni parvarishlash uchun;
  • I guruh nogironligi bo‘lgan pensionerlarga, sakson yoshga to‘lgan yolg‘iz pensionerlarga yoshga doir eng kam pensiya 50 foizi miqdorida pensionerni parvarishlash uchun;
  • qaramog‘ida (er va xotin nikohi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari ro‘yxatida bo‘lganda) o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan mehnatga qobiliyatsiz oila a’zolariga ega ishlamaydigan pensionerlarga – har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zolariga pensiyani hisoblash bazaviy miqdori 50 foizi miqdorida. Bunda ustama haq faqatgina davlat pensiyasini olmaydigan oila a’zolariga nisbatan belgilanadi. 

Quyidagilar xizmat muddatini o‘tagani bo‘yicha pensiya olish huquqini beradigan xizmat staji davri hisoblanadi:

  • O‘zbekiston Qurolli kuchlari va Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi birlashgan qurolli kuchlari, O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq tashkil etilgan O‘zbekiston boshqa harbiy qismlarida oddiy askar, serjant va ofitserlar tarkibidagi lavozimlarda shartnoma yoki ofitserlar tarkibi lavozimlarida chaqiriq asosidagi harbiy xizmat davri;
  • sobiq SSSR qurolli kuchlari, qo‘shinlari, Davlat xavfsizligi qo‘mitasi, ichki, qorovul hamda temiryo‘l organlari va qo‘shinlari, boshqa harbiy qismlaridagi ofitserlar tarkibi, praporshik, michman hamda belgilangan muddat tugagandan keyingi xizmat harbiy xizmatchilari harbiy xizmat davri;
  • O‘zbekiston va sobiq SSSR ichki ishlar organlarida oddiy askar, serjant va ofitserlar tarkibidagi xizmat davri;
  • O‘zbekiston bojxona organlarida 1997 yil 30 iyuldan so‘ng boshliqlar tarkibiga kiritilgan mansabdor shaxslar xizmat davri maxsus unvon bo‘lishidan qat’i nazar;
  • O‘zbekiston bojxona organlarida serjant va ofitserlar tarkibidagi xizmat davri;
  • Bojxona instituti, Davlat bojxona qo‘mitasi sobiq Bojxona kolleji, O‘zbekiston oliy-harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalaridagi o‘qish davri.

Mavzuga oid