13:22 / 07.11.2022
7938

O‘n minglab afg‘onlar Germaniyaga ko‘chib o‘tishni rejalashtiryapti

Gumanitar tashkilotlar Germaniya hukumatining Afg‘oniston fuqarolari uchun yangi dasturiga kirish uchun arizalar oqimi keskin ortganini qayd etmoqda.

Foto: Reuters

Germaniyada afg‘on qochqinlari bo‘yicha yangi dastur rasman boshlanganidan bir necha hafta o‘tib, bir qancha gumanitar tashkilotlar murojaat etuvchilarning katta oqimi haqida xabar berishdi. Mission Lifeline xayriya tashkiloti rahbari Aksel Shtayyer 7 noyabr, dushanba kuni Funke Mediengruppe'ga bergan intervyusida «bizga har daqiqada elektron xatlar kelyapti», dedi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, noyabr oyi boshiga kelib, dastur boshlanganidan ikki hafta o‘tib, tashkilotga 17 mingta so‘rov kelib tushgan. Kabul Luftbrücke ("Kobul havo ko‘prigi") gumanitar guruhi elektron pochta, ijtimoiy media akkauntlar va ba’zi hollarda xodimlarning shaxsiy elektron pochta manzillari orqali 15 000 ta xabar oldi. Reporter ohne Grenzen ("Chegara bilmas muxbirlar") dastur uchun 12 000 kishini ro‘yxatdan o‘tkazgan va yana 4 000 ga yaqin kishi yordam so‘rab murojaat qilgan.

Oktabr oyi o‘rtalarida Germaniya hukumati Afg‘oniston xalqiga yordam ko‘rsatish bo‘yicha yangi dastur boshlanganini e’lon qildi, unga ko‘ra har oy alohida xavf ostida bo‘lgan 1000 nafargacha odamni mamlakatdan evakuatsiya qilish rejalashtirilgan. Dastur Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezer va tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok tomonidan kelishilgan. Bu birinchi navbatda ommaviy axborot vositalari xodimlari va huquq himoyachilari, Afg‘onistonda "Tolibon" hokimiyat tepasiga kelganidan keyin xavf ostida qolgan sud, politsiya xodimlari yoki siyosatchilarni himoya qilish bilan bog‘liq.

Biroq Afg‘onistonni tark etmoqchi bo‘lganlar mustaqil ravishda Germaniyaga ko‘chib o‘tish uchun ariza topshira olmaydi. Dasturga qo‘shilish uchun ular birinchi navbatda Reporter ohne Grenzen va Kabul Luftbrücke kabi gumanitar tashkilotlardan tavsiyalar olishlari kerak.

Mavzuga oid
Top