O‘zbekiston | 08:10 / 07.11.2022
7596
2 daqiqa o‘qiladi

Vladimir Norovga «Tsindao shahri faxriy fuqarosi» unvoni berildi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Xitoyning Tsindao shahri vitse-meri Lyu Tszyanszyunni qabul qildi.

Foto: Dunyo

O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarini hamda hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha fikr almashildi.

Tsindao shahridagi "Xitoy – ShHT" Pilot zonasi va Samarqand shahridagi "O‘zbekiston – ShHT" sanoat zonasi o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Ikki mamlakat turli sohalardagi har tomonlama strategik sherikligini yanada mustahkamlash istiqbollari, XXR raisining 2022 yil sentabr oyida O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Ikki tomonlama munosabatlarda mintaqalararo hamkorlik alohida o‘rin tutgani barobarida, Tsindaoning O‘zbekiston shaharlari bilan rishtalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi ta’kidlandi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norovga 2019-2021 yillarda ShHT bosh kotibi lavozimida ishlagan davrida "Xitoy – ShHT" Pilot zonasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun "Tsindao shahri faxriy fuqarosi" unvonini berish to‘g‘risidagi guvohnoma topshirildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid