O‘zbekiston | 13:00 / 12.11.2022
10491
13 daqiqa o‘qiladi

Yangi O‘zbekiston – xalqaro diplomatiya markaziga aylanmoqda

Foto: Farg‘ona davlat universiteti axborot xizmati

Qadim tariximizdan ma’lumki, xalqaro munosabatlar qadimdan insoniyat ijtimoiy, madaniy va ma’naviy rivojining muhim omili sifatida shakllanib, rivojlanib kelgan. Darhaqiqat, har bir mamlakat taraqqiyoti undagi barqarorlik, millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik va yaxshi qo‘shnichilik muhitining saqlanishiga uzviy bog‘liq. Shu bois yurtimizda mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab bag‘rikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish, millatlararo va konfessiyalararo hamjihatlikni, totuvlikni mustahkamlash, barcha fuqarolarga millati va diniy e’tiqodidan qat’i nazar, teng huquq va imkoniyatlar yaratish, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash masalalari davlat siyosati ustuvor yo‘nalishlari sifatida diqqat markazida bo‘lib kelmoqda.

Ayniqsa, so‘nggi yillarda respublikamizda xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlarni va madaniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash orqali O‘zbekistonda yashab kelayotgan barcha millat va etnik guruhlar madaniyati, ma’naviy qadriyatlari, milliy an’ana va urf-odatlarini saqlash hamda har tomonlama rivojlantirish tamoyillariga asosan faoliyat olib borayotgan Respublika baynalminal madaniyati markazi, O‘zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy-ma’naviy aloqalar jamiyatlari kengashi, milliy-madaniy markazlar hamda do‘stlik jamiyatlari faoliyatiga katta ahamiyat qaratilmoqda. Mamlakatimizda yashab kelayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillarining birgalikda, ahil va hamjihatlikdagi o‘zaro munosabatlari ta’sirida ko‘pmillatli xalqimizning turmush tarzi ham yanada yuksalmoqda.

Albatta, bu yo‘nalishda oqilona, pragmatik siyosat yuritayotgan muhtaram Prezidentimiz mamlakatimizning uzoq muddatli va izchil taraqqiyoti Markaziy Osiyodagi barqarorlik va farovonlik bilan chambarchas bog‘liqligini chuqur anglab, yaxshi qo‘shnichilik va mintaqaviy sheriklik masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Amalga oshirilgan islohotlar natijasida hal etilishining o‘zi bir katta muammo bo‘lib qolayotgan ko‘plab og‘riqli masalalar qisqa davrlarda o‘z yechimini topdi. Xususan, mintaqaning bir qator davlatlari uchun vizasiz rejim joriy qilindi, barcha o‘tkazish punktlari ochildi. Aviaparvozlar va quruqlik orqali tashuvlar tiklandi va soni ko‘paytirildi. O‘zbekiston va mintaqa mamlakatlari o‘rtasida tovar aylanmasi 10 barobar o‘sdi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari va yuqori saviyadagi muzokaralarda faolligi tufayli “Dunyoga ochiqlik siyosati”ga sodiq qolayotgan Yangi O‘zbekistonning yangi hamkorlari, xayrixohlari ortib bormoqda. Davlatimiz rahbarining xalqaro tashriflari natijasida mamlakatimiz xorij davlatlari bilan faol diplomatik munosabatlarni yo‘lga qo‘ydi. Xususan, bir qator yirik davlatlar bilan munosabatimiz strategik sheriklik darajasigacha ko‘tarildi. Ayniqsa, Prezidentimizning Turkmanistonga tashrifi, qadimdan yaqin do‘st, ahil qo‘shni, quda-andachilik rishtalari bilan uzviy bog‘langan hamda strategik hamkor sifatida mushtarak maqsadlar yo‘lida birlashgan o‘zbek va turkman xalqlari uchun birday manfaatli bo‘ldi desak, adashmaymiz. Ushbu tashrif chog‘ida ikki davlat rahbarlari tomonidan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarga mutlaqo yangi tus beruvchi strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi. Bundan tashqari, ilmiy va akademik almashuvlar, innovatsiyalar sohasidagi dasturlar, turizm sohasidagi loyihalar ilgari surilmoqdaki, buning natijasida dini bir, tili, madaniyati va an’analari mushtarak ikki xalq o‘rtasida madaniy-gumanitar aloqalar yanada kengayishiga zamin yaratildi.

Ostona shahrida o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formatidagi 1-sammitda davlatimiz rahbari tomonidan Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, gumanitar sohalardagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha juda muhim takliflar va o‘nga yaqin tashabbuslari bayon qilindiki, bu takliflar Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichini yaratdi.

Muxtasar qilib aytganda, Davlatimiz rahbarining har bir tashrifi, oliy darajadagi muzokaralar chog‘ida taqdim etayotgan loyihalari, o‘zbek xalqiga xos do‘stona va har bir mamlakat, millat uchun birday manfaatli kelishuvlari – mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, yurtimizning yanada yangi ufqlarni zab etishi va dunyodagi rivojlangan davlatlar qatorida tilga olinishi uchun zalvorli odimlardan biri bo‘lmoqda.

Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydonda samarali konstruktiv hamkorlik yo‘lidagi qadamlari xalqaro ekspertlarning yuksak darajadagi e’tiroflariga sazovor bo‘lmoqda. Xalqaro ekspertlar ta’biri bilan aytganda, O‘zbekiston xalqaro tashkilotlar va mintaqaviy tuzilmalar doirasida mazmunli muzokaralar o‘tkazish uchun doimiy maydoncha va platformalar taqdim etishi orqali xalqaro diplomatiyalar markaziga aylanmoqda. Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishelning “Biz O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda barqarorlik va hamkorlikni mustahkamlashdagi rolini yuqori baholaymiz. O‘zaro bog‘liqlikni muhim deb hisoblaymiz va kelgusida muntazam ravishda uchrashib, “yashil” iqtisodiyot va barqarorlik masalalarini birgalikda muhokama qilishni rejalashtirganmiz”, – deya takror va takror o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirishga qarata aytgan fikrlari Yevropa Ittifoqining ham O‘zbekiston bilan aloqalarni mustahkamlashga intilayotganidan darak beradi. “Bugun O‘zbekiston amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli izchil o‘zgarib borayotganini ko‘rib turibmiz. U qo‘shnilar o‘rtasidagi ko‘priklarni tikladi, Markaziy Osiyodagi yetakchilik mavqeyini mustahkamladi, mintaqaning barcha davlatlarini siyosiy va savdo-iqtisodiy yaqinlashtirish tashabbusini ilgari surmoqda”,deya ta’kidlaydi, BMT ilmiy tadqiqot instituti va Yevropa universitetining xalqaro munosabatlarni rivojlantirish dasturi direktori Xorxe Mestre. Bu esa O‘zbekistonning bugungi kundagi faoliyati xalqaro hamjamiyatning e’tibor markazida ekanidan dalolatdir.

Ha, bugun O‘zbekiston tashqi siyosat bobida o‘zaro foydali, faol hamkorlik, samimiy muloqot, mustahkam ishonch, maslahatlashuv ruhi bilan yuksaklikka yuz tutmoqda. Buning yaqqol dalili sifatida ko‘rishimiz mumkinki, ayni kunlarda ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand yana bir katta tadbir  - Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakat rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tadigan “Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti”ga mezbonlik qildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan “Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” shiori ostida o‘tkazilayotgan ushbu sammit doirasida, kelib chiqishi bir, ildiz tomiri bitta o‘qda tutashadigan turkiy xalqlar o‘rtasidagi iqtisodiyot, savdo, investitsiyalar, transport, innovatsiyalar, ekologiya, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan 10 dan ortiq hujjat, xususan, “Samarqand deklaratsiyasi” qabul qilinishi barcha taraflar uchun birdek manfaatli bo‘ldi. Ushbu muzokaralar va kelishuvlar mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik, barqaror iqtisodiy rivojlanish, transport aloqalarini mustahkamlash, shuningdek, madaniy muloqotni chuqurlashtirish yo‘lida yangi istibollarni belgilab berar ekan, natijasi turkiy millatlarning avlodi, kelajagiga ham naf keltirishi bilan e’tiborga loyiqdir.

Eng quvonarlisi, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalar bilan bir qatorda, hududlar o‘rtasida fan va ta’lim, texnologiyalar va innovatsiyalar borasidagi hamkorlikning samarali mexanizmlarini ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratilishi, Davlatimiz rahbari tomonidan turkiy dunyo yoshlarining ilm va innovatsiyalar xalqaro kongressini o‘tkazish, kongress doirasida innovatsiya va ta’lim vazirlari, oliygohlar rektorlari va yosh yetakchilar, iqtidorli o‘g‘il-qizlar, tashkilot oqsoqollarining keng qamrovli uchrashuvlarini tashkil etish takliflari bildirilishi - O‘zbekiston ertasi, kelajak masalasi uzoqni ko‘zlaguvchi yetakchining hamisha yuragida ekanini ochiq ko‘rsatib berdi. Ayniqsa, Prezidentimiz tashkilot bosh kotibining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini joriy etish borasida taklif berishi - turkiy dunyo farzandlari uchun chin ma’noda yana bir yangi, porloq davrning yaratilishiga ishora bo‘ldi.

Shuningdek, Muhtaram Prezidentimiz tomonidan mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik va sheriklikni mustahkamlashga alohida hissa qo‘shayotgan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an hamda Turkmaniston Milliy kengashi Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning Turkiy dunyoning oliy ordeni bilan taqdirlanishi sammitga o‘zgacha bayramona, do‘stona ruh bag‘ishlagan holda, turkiy birdamlikni mustahkamlash borasida faxr va iftixor tuyg‘ularini jo‘shqinlantirdi.

Shu o‘rinda qayd etish joizki, har bir mamlakatning mintaqadagi, kerak bo‘lsa, dunyo miqyosidagi nufuziga ta’sir ko‘rsatuvchi muhim omillardan biri bu – ta’lim va uning sifatidir. Oliy ta’lim muassasalari yurtimiz kelajagi uchun fan, texnika, iqtisodiyot va madaniyat sohalarida ishlay oladigan, ilm-fan, madaniyat, texnika yangiliklarini o‘z faoliyati davomida qo‘llay oladigan va o‘z ustida ishlay olish bilan birga nazariy va amaliy muammolarni bartaraf etishga qodir kadrlar yetkazib beruvchi asosiy bilim maskanlaridir. Bugun, mamlakatimizda har bir oliygoh uchun jahonning yetakchi ilmiy-ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, o‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik texnologiyalar, o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy materiallarni keng joriy qilish, yosh o‘qituvchi va ilmiy xodimlar malakasini oshirishlari uchun xorijiy muassasalarga yuborish imkoniyati oshirildi. Xalqaro darajada amaliyotga tatbiq etilayotgan yangidan yangi loyihalar, kelishuvlar yoshlarning jahon andozalari mos bilim va salohiyatga ega bo‘lishi, zakovatli yoshlar sifatida kamol topishi, ularning o‘z ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun xizmat qilmoqda.

        Kuni kecha, Samarqandda o‘tkazilgan O‘zbekiston-Rossiya 3-ta’lim forumida ham Rossiyaning yetakchi kompaniyalar rahbarlari, vazirliklar vakillari va O‘zbekiston rektorlari o‘rtasida ikki davlat universitetlararo oliy malakali pedagog kadrlar tayyorlash, magistratura ta’limini rivojlantirish, geodeziya va kartografiya, avtomobil transporti bo‘yicha muhandislik maktablarini yaratish, ilmiy tadqiqot faoliyatini kengaytirish, tibbiyot, tog‘-kon texnologiyalari, huquq va geologiya sohalarida akademik mobillikni yo‘lga qo‘yish va boshqa shu kabi o‘zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish bo‘yicha bir qancha ikki tomonlama loyihalar muhokama qilindi. Rivojlangan ishlab chiqarish sohalari bo‘yicha Rossiya tajribasini mamlakatimiz oliygohlariga tatbiq etishga qaratilgan ushbu muzokaralar yakunida imzolangan hujjatlar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarining yanada yangi pog‘onalarga ko‘tarilishiga xizmat qildi. Ushbu hujjatlar qatoridan Farg‘ona davlat universiteti va Rossiya Federatsiyasining B.B.Gorodovskiy nomidagi davlat universiteti o‘rtasidagi kelishuv shartnomasining joy olgani bizga yuksak faxr va iftixor tuyg‘ularini bag‘ishladi. 

        Hozirgi kunda Farg‘ona davlat universitetida AQSh, Germaniya, Ispaniya, Chexiya, Shvetsiya, Portugaliya, Yaponiya, Koreya, Xitoy, Rossiya, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Hindiston, Turkiya va Vengriya davlatlarining yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan turli yo‘nalishda 80 dan ortiq hamkorlik shartnomalari imzolanib, so‘nggi 3 yilda universitet o‘quv jarayoniga 200 ga yaqin yetuk xorijiy mutaxassislar jalb qilindi. Oliygohning professor-o‘qituvchilari AQSh, Germaniya, Avstriya, Yaponiya, Xitoy, Turkiya, Vengriya, Qozog‘iston va Rossiyaning eng nufuzli universitetlarida tajriba almashib, olgan yangi bilimlarini amaliyotga tatbiq etib kelmoqdalar. Asosiy maqsadimiz – ilm-fanga ishtiyoqmand farzandlarimizni buyuk bobolarimizning munosib izdoshlari va davomchilari etib tarbiyalash ekan, ushbu sa’y-harakatlar yaqin kelajakda o‘z samarasini namoyon etib, yoshlarimiz yurtimiz sharafini yanada yuksaklarga ko‘taradi.

Ishonamizki, kundan kunga tashqi olam uchun ochilayotgan Yangi O‘zbekiston jonkuyar rahbar boshchiligida mintaqaviy va ko‘p tomonlama o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlab, geosiyosiy muammolar avj olgan keskin o‘zgarishlar zamonida o‘zining kuchli pragmatik siyosatiga sodiq qoladi va kutilganidek, xalqaro diplomatiyalar markaziga aylana oladi.  

Bahodirjon SheRMUHAMMADOV,
Farg‘ona davlat universiteti rektori

Mavzuga oid