O‘zbekiston | 17:52 / 16.11.2022
9469
2 daqiqa o‘qiladi

Tanzila Norboyeva Qohirada Misr Senati raisi bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva Sharm ash-Shayx shahrida o‘tayotgan BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi ishtirokchilarining 27-konferensiyasida ishtirok etmoqda.

Foto: Senat axborot xizmati

Tashrif doirasida Tanzila Norboyeva Qohira shahrida Misr Arab Respublikasi Senati raisi Abdulvahob Abdurroziq bilan uchrashdi.

Unda ikki tomonlama aloqalarga doir bir qator masalalar, xususan, savdo-iqtisodiy, madaniy gumanitar hamda parlament yo‘nalishida faol hamkorlikni rivojlantirish masalalalari muhokama qilindi.

Tanzila Norboyeva parlamentlararo aloqalar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi barcha darajadagi aloqalarni rivojlantirishda muhim mexanizmlardan biri hisoblanishini ta’kidlab, Misr parlamenti bilan o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga, jumladan, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasidagi vazifalarning borishi ustidan tizimli parlament nazoratini o‘rnatishga tayyorlikni bildirdi.

Foto: Senat axborot xizmati

O‘z navbatida janob Abdurroziq keyingi yillarda o‘zaro aloqalar yangi, yanada yuqori bosqichga ko‘tarilgani va turli sohalarda katta amaliy natijalarga erishilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Shu bilan birga, 2023 yilda Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Arab va musulmon mamlakatlari parlamentlari ayol yetakchilarining birinchi forumini o‘tkazish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

Bundan tashqari, tomonlar o‘rtasidagi aloqalarning huquqiy bazasini mustahkamlash, parlamentlararo muloqotni rivojlantirish muhimligi qayd etildi.

E’tiborlisi, muloqotda aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari, jumladan ayollar va yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi ikki mamlakatda ham davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini ta’kidlandi hamda mazkur yo‘nalishlarda o‘zaro tajriba almashish va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashildi.

Foto: Senat axborot xizmati

Shuningdek, uchrashuvda madaniy-gumanitar sohadagi aloqalarga ham etibor qaratildi.

Muloqot davomida tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish va rivojlantirish masalalarini tartibga soluvchi «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqib, amaliyotga tatbiq etishga kelishib olindi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid