O‘zbekiston | 17:55 / 18.11.2022
14111
3 daqiqa o‘qiladi

Senat Qirg‘iziston bilan chegara bo‘yicha bitimlarni ratifikatsiya qildi

Senat Qirg‘iziston bilan chegarani delimitatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnomani va Andijon suv ombori to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish haqidagi qonunlarni ma’qulladi.

Foto: Senat matbuot xizmati

2022 yil 18 noyabr kuni Oliy Majlis Senatining o‘ttiz beshinchi yalpi majlisida senatorlar O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi muhim ikki tomonlama shartnomalarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlarni ko‘rib chiqdi.

Muhokamada tegishli vazirlik va idoralar, shuningdek, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlari hokimliklari rahbarlari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari, ekspertlar ham ishtirok etdi.

Senatorlar O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari tufayli Markaziy Osiyo mintaqasida mutlaqo yangi siyosiy ishonch muhiti yaratilganini alohida ta’kidlab o‘tdilar. Ilgari umumiy manfaatlarga erishish yo‘lida mintaqa mamlakatlarining o‘zaro yaqinlashishiga to‘siq bo‘lib kelgan ko‘plab muammoli masalalarni hal etishda oldinga siljish yuz berdi.

Yalpi majlisda senatorlar «O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqida»gi hamda «O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘rtasida Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi Bitimni ratifikatsiya qilish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini batafsil muhokama qildilar.

Senatorlar davlat chegarasi bilan bog‘liq nizoli masalalarning hal etilishi mamlakatimiz milliy xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi, chunki bu chegaradagi nizolarning oldini olish va noqonuniy savdoga samarali qarshi kurashish imkonini beradi.

O‘z navbatida, Andijon (Kampirobod) suv omboridan birgalikda foydalanish minglab fermer xo‘jaliklarini suv bilan uzluksiz ta’minlashda ishonchli kafolatlar yaratadi.

Bundan tashqari, mazkur hujjatlarning qabul qilinishi transchegaraviy suv resurslaridan oqilona va o‘zaro manfaatli foydalanishga xizmat qilishi, ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga imkon berishi ta’kidlandi.

Batafsil muhokama yakunlari bo‘yicha Senat mazkur qonunlarni ma’qullash to‘g‘risida qarorlar qabul qildi.

Mavzuga oid